Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh maxsus vakili: Lukashenko AQShga tashrif buyurishi mumkin
AQShning maxsus vakili Jon Koul Minskda belaruslik siyosiy mahbuslarni ozod qilish masalasi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazdi. Koul va Lukashenko, shuningdek, Belarusdagi AQSh elchixonasi ishini qayta tiklash ehtimolini ham muhokama qildi.
Foto: REUTERS
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko yaqin vaqt ichida AQShga tashrif buyurishi mumkin. Bu haqda AQShning maxsus vakili Jon Koul 19 mart, payshanba kuni Minskdagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar bunday tashrifni tashkil etish ustida ish olib bormoqda. Reuters agentligi ta’kidlashicha, Lukashenkoning AQShga safari g‘arbdan ko‘p yillik yakkalanishga barham berishga intilayotgan Belarus rahbari uchun katta yutuq bo‘ladi.
Koul Minskka belaruslik siyosiy mahbuslarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralar uchun kelgan. Tomonlar, shuningdek, 2022 yil fevral oyida Belarus Rossiyaga o‘z hududidan Ukrainaga harbiy bostirib kirish uchun foydalanishga ruxsat berganidan keyin yopilgan Minskdagi AQSh elchixonasi faoliyatini qayta tiklash ehtimolini ham muhokama qildi.
Lukashenko Koulni quchoqlab kutib olar ekan, u “har qanday masalani muhokama qilishga va har qanday savolga javob berishga” tayyor ekanini aytdi, biroq shu bilan birga Ukrainadagi inqiroz va Eron bilan urush haqida ham gaplashmoqchi ekanini bildirdi. Uning aytishicha, bu urushda AQSh “bizning do‘stlarimizga qarshi urishmoqda”.
Belarus bilan munosabatlarni normallashtirish evaziga AQSh Minskdan siyosiy sabablar yoki huquqni himoya qilish faoliyati bilan bog‘liq holda qamoqda saqlanayotgan 1100 nafardan ortiq belaruslikni ozod qilishni talab etmoqda.
Ikki tomonning avvalgi muzokaralari natijasida sentabr oyida o‘nlab siyosiy mahbuslar, 2025 yil dekabrida esa yana 123 nafar ozod qilingan edi. Ular orasida Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Ales Belyatskiy hamda muxolifatchi siyosatchilar Mariya Kolesnikova va Viktor Babariko ham bo‘lgan. AQSh javob tariqasida Belarus kaliy sanoatiga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi — bu o‘g‘itlar ishlab chiqarishda muhim tarkibiy qism va mamlakat eksport daromadlarining muhim manbai hisoblanadi.
1994 yildan beri hokimiyatda bo‘lgan Aleksandr Lukashenko inson huquqlarini buzish va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida uni qo‘llab-quvvatlagani sababli g‘arbda uzoq vaqt davomida yakkalangan rahbar sifatida qabul qilib kelingan. Amerika tomoni esa u bilan munosabatlarni rivojlantirishda manfaat borligini bildirgan — bunda uning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin aloqalari hisobga olingan va AQShning urushni to‘xtatishga qaratilgan sa’y-harakatlari doirasida u foydali maslahatlar berayotganini ta’kidlagan.
Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining mahbuslarni ozod qilishga qaratilgan humanitar sa’y-harakatlarini olqishladi.
“Lekin shu bilan birga, biz Belarusda haqiqiy, tizimli o‘zgarishlarni — repressiyalarni to‘xtatishni va erkin hamda adolatli saylovlar o‘tkazilishini talab qilishimiz kerak”, — dedi u.
“Bizga haqiqiy muloqot kerak — g‘arb bilan Lukashenko o‘rtasida emas, balki belarus jamiyati bilan. Faqat shu narsa Belarusda haqiqiy o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin”, — deya ta’kidladi Tixanovskaya.
Mavzuga oid
12:31
Lukashenko 250 nafar siyosiy mahbusni ozod qildi
11:07
Uchuvchisiz qurilmalar tayyorlashda ilgarilab ketgan forslar – AQSh Eronning dron tashuvchi kemasini yo‘q qildimi?
10:31
Zelenskiy AQSh bilan navbatdagi muzokaralar bosqichini e’lon qildi
09:27