Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Markaziy Osiyo taqdirida yangi davr boshlandimi? Ozarboyjonning qo‘shilishi nimadan darak?
Toshkentda o‘tgan MO va Ozarboyjon yetakchilarining maslahat uchrashuvi, axborotga to‘la davrda yashayotgan odam uchun odatdagi rasmiy tadbirlardek ko‘rinsa-da, aslida mintaqamiz taqdirida kechayotgan yana bir katta o‘zgarishni rasmiylashtirdi. Avvalo Ozarboyjon bu klubning doimiy a’zosiga aylangan bo‘lsa, mintaqa markazidagi O‘zbekiston Markaziy Osiyo hamjamiyatini ta’sis etish taklifi bilan chiqdi.
15-16 noyabr kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu – yettinchi uchrashuv edi.
Odamlar katta axborot oqimlari ichida qolar ekan, aslida nima bo‘layotganini chuqur anglashi qiyin bo‘lishi mumkin. Chunki barcha OAV bir xil yoki o‘xshash narsalar haqida gapirar ekan, odamlar ongida bir xillik paydo bo‘ladi, bo‘layotgan voqealar katta oqimdek ko‘rinadi.
Aslida esa, Markaziy Osiyo taqdirida, tarixida o‘ta jiddiy ijobiy hodisalar bo‘lib o‘tmoqda. Faqat bu voqealar diplomatik qoidalar va siyosiy ohistalik zamirida bo‘layotgani uchun, o‘tmishdagi kontrastni va tashqi dunyodagi vaziyatlarni to‘liq anglash uchun biroz sinchkov nigoh zarur bo‘ladi.
Bir eslaylik, 2016 yilga qadar, ayniqsa 90-yillarning ikkinchi yarmi, 2000-yillarda mintaqamiz davlatlari uchga bo‘linib qolgan edi. Kimdir Rossiyaga yuzlangan, uning asosiy harbiy-strategik va iqtisodiy loyihalaridan najot izlagan; yana kimdir G‘arbga yuzlanib, mintaqadagi qolgan davlatlarga zimdan qarshi turgan; Turkmaniston esa neytrallik bayrog‘i ostida mintaqa ishlaridan o‘zini chetga olgan davr bo‘ldi.
Bu davrda mintaqa davlatlarining fikri, siyosiy va geosiyosiy qarashlari bir joydan chiqishi uyoqda tursin, o‘zaro yashirincha va oshkora tirashuv – kundalik holat edi.
O‘zbekistonning deyarli barcha qo‘shnilar bilan munosabati o‘ta sovuq edi. Ba’zi davlatlar bilan chegaralar minalashtirilgan, qolgan davlatlarga ham chiqib kelish katta azob-uqubatlarga giriftor qiluvchi muammo edi. Keyingi 8-9 yil esa MO mustaqilligi tarixida hozircha eng uzoq muddatli xotirjamlik, o‘zaro ishonch va hamkorlik, kooperatsiya va geosiyosiy jipslik davri bo‘lib kelmoqda. Bu – yaqin tariximizda kuzatilmagan holat, katta yutuq.
MO davlat rahbarlari maslahatlashuv uchrashuvlarining ushbu Toshkent sammitida katta tarixiy burilish yuz berdi. Prezident Mirziyoyev Ozarboyjonning ushbu maslahatlashuv uchrashuvlariga to‘laqonli ishtirokchi davlat bo‘lib kirganini e’lon qildi. Bu bilan Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqalari yana bir ko‘p taraflama uyushma, xalqaro klub doirasida birlashdi. Lekin, ko‘p taraflama boshqa formatlardan farqli o‘laroq, Ozarboyjon va MO davlatlari o‘rtasida samimiylik, tenglik va o‘zaro ishonch mutlaq yuqori ekani inobatga olinsa, bu hamkorlikdan barcha davlatlar o‘ta manfaatdor ekani ko‘rinib turadi.
Sammitda O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev nutq so‘zlab, Markaziy Osiyo davlatlari maslahatlashuv uchrashuvlari o‘tgan 7 yil ichida tarixiy missiyani juda muvaffaqiyatli bajarganini bildirdi. U ushbu formatning istiqboldagi tarixiy missiyasi haqida fikr bildirib, Markaziy Osiyo hamjamiyati nomli strategik platformani shakllantirish vaqti kelganini aytdi. Buning uchun kotibiyat ta’sis etish, oqsoqollar kengashini tuzish, milliy koordinatorlar maqomini oshirish taklif etildi.
Mintaqa bo‘yicha ekspertlar: “Nega MO maslahatlashuv uchrashuvlari to‘laqonli integratsiya loyihasiga, institutsional tashkilotga aylanmayapti?!” degan savollarni ko‘p qo‘yishgan edi. Prezident Mirziyoyev sammitgacha chop etilgan maxsus maqolasida va sammit nutqida ham ushbu savolga javob beradiki, shu paytga qadar mintaqa davlatlari orasida yig‘ilib qolgan ishonchsizlik ruhiyatidan xalos bo‘lish uchun, kooperatsiya va integratsiya uchun kerakli zamin tayyorlanishi kerak edi. O‘tgan yetti yilda bu missiya keng ma’noda bajarildi. Endigi vazifa sifatida kooperatsiya va integratsiyaning tashkiliy shaklini belgilash, mazmun-mohiyatini yangi darajaga olib chiqish vazifasi qo‘yildi.
Ozarboyjon va MO davlatlari hamkorligi, bog‘liqligi tarixan misli ko‘rilmagan yuqori bir darajaga yetdi. Keyingi uch yil ichida MO davlatlari rahbarlari jami 30 marta Ozarboyjonga borgan. Ozarboyjon prezidenti Aliyev esa jami 13 marta mintaqa davlatlariga kelgan. Ilhom Aliyev Toshkent sammitidan oldin bergan intervyusida va e’lon qilgan maqolasida MO davlatlari va Ozarboyjon hamkorligini “strategik birdamlik” deb atadi.
Bu atama bejiz ishlatilgani yo‘q. Janubiy Kavkaz ham, MO ham tashqi geosiyosiy to‘qnashuvlar, zo‘riqishlar va bosimlar, global ishonchning pasayishi va xalqaro siyosatni reviziya qilish davrida yashamoqda. Stragetik birdamlikdan maqsad – MO davlatlari, Ozarboyjon, qolaversa, Turkiya ishtirokida jips va hamjihat global hamkorlik yaratishdir. Bu – tashqi qudratlar uchun Markaziy Osiyo yoki Ozarboyjondan bittasini bezovta qilish, bosim qilish – qolgan davlatlar bilan ham munosabatlarga salbiy ta’sir qilishini anglatuvchi ishoradir.
Ushbu sammitda O‘zbekiston prezidenti Mirziyoyev o‘z nutqini quyidagi jumlalar bilan tugalladi: “Bizning kuchimiz – birlikda, muvaffaqiyat sari yo‘limiz – do‘stlik va hamkorlikda. Faqat hamjihat bo‘lib, o‘zaro hurmat, birdamlik va strategik yondashuvlarga tayanib, ezgu maqsadlarimizga erishishimiz mumkin”.
Mintaqa kooperatsiyasi va istiqboldagi integratsiyasi zamirida turadigan formulani aynan shu jumlalar eng aniq ifodalab turibdi. Mintaqa hayotida yangi davr boshlanyapti. Bu – Ozarboyjonni ham qo‘shib, yanada kengroq makonda o‘zaro ishonch va global jipslik sarhadini yaratish, kengaytirish, qolaversa, o‘zaro bog‘liqlikni kooperatsiyadan integratsiya darajasiga ko‘tarish davri deb belgilandi. Bu yutuqlar va marralar tashqi dunyoni biz bilan hisoblashishga yanada ko‘proq undaydi. Bu esa, o‘z o‘rnida, insonlarimizdagi o‘zlik shukuhini yanada kengaytiradi, mustahkamlaydi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid
19:32
Shveytsariya Markaziy Osiyo uchun 200 mln dollarlik dasturni ishga tushirdi
19:21 / 30.03.2026
Tadqiqot: Markaziy Osiyo daryolari muzliklarga bog‘liq holda o‘zgarish bosqichida
17:30 / 25.03.2026
Qo‘shtepa, Orol, Rog‘un va suv tanqisligi – vazir bilan suhbat
09:04 / 23.03.2026