Jamiyat | 21:28 / 14.12.2025
27542
7 daqiqa o‘qiladi

“Farg‘onada u zo‘r ekanini ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lgan” – tanishini mashinada qasddan urib o‘ldirgan shaxs ishida hukm o‘qildi

Farg‘onada Lacetti mashinasida tanishini urib ketib, o‘ldirgan shaxs jinoiy jazoga tortildi. Sud uni qasddan odam o‘ldirish jinoyatini sodir qilganlikda aybli deb topib, 14 yil 1 oyga ozodlikdan mahrum qildi. Marhumning yaqinlari yetim qolgan 4 bola uchun 4 mlrd so‘m moddiy va ma’naviy zarar so‘radi. Sudlanuvchi esa marhumni qasddan urib ketmaganini bildirdi.

Foto: Videodan kadr

Farg‘ona shahrida Lacetti mashinasi bilan tanishini urib ketib, o‘ldirgan shaxs ishi sudda ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Ko‘chadagi oshkora qotillik

Hukmda keltirilishicha, ushbu jinoyat 1993 yilda tug‘ilgan F.Z. tomonidan sodir etilgan.

U 2025 yil 10 iyul kuni marhum M.A. ukasi haqida noo‘rin gaplarni tarqatib yurganini vaj qilib, uni qasddan o‘ldirish rejasini tuzgan. F.Z. Lacetti mashinasini Farg‘ona shahri O‘zbekiston ovozi ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borib, yo‘lning qarama-qarshi tomonida to‘xtagan. So‘ngra Lixiang L9 mashinasida o‘tirgan M.A. oldiga borib, avtomobil eshigini ochmoqchi bo‘lgan. Biroq mashina eshigi ichkaridan qulflangani sabab ocholmagan.

Shundan so‘ng F.Z. o‘zi bilan olib kelgan pichoq yordamida mashinaning haydovchi tomon oynasini sindirgan. M.A. uning tajovuzidan himoyalanish maqsadida yon o‘rindiqqa o‘tib, mashina eshigini ochgan va undan tushib qochgan. F.Z. uning ortidan quvib yetolmagan. Keyin o‘z mashinasiga qaytib, Lacetti’da M.A. ortidan quvgan va uni qasddan katta tezlikda urib ketgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan M.A. vafot etgan.

Qasddan urib ketmadim”

F.Z. sudda aybiga iqror bo‘lmagan va M.A.ni qasddan urib ketmaganini, aslida ular o‘rtoq bo‘lishganini aytgan.

M.A.ni 2000 yildan buyon taniyman. 2009 yili Olimpiya zaxiralari sport kollejida birga o‘qiganmiz. Aslida, o‘rtoq bo‘lganmiz. Hatto o‘zimga tegishli xonadonda birga yashaganmiz. Har xil gaplar sababli munosabatlarimiz biroz buzilib qolgandi. Voqeadan 20 kun avval kafeda u bilan qo‘l tashlashib, o‘rtamizdagi masala yopilgan. Shundan keyin yana kimdir noo‘rin gap-co‘z tarqatib, o‘rtamizni buzishga harakat qildi.

M.A.ning mashinasini yo‘lda ko‘rib qolib, u bilan so‘rashib olmoqchi bo‘ldim. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida to‘xtab, yo‘ldan o‘tdim va M.A.ning mashinasini ochmoqchi bo‘ldim, lekin ichidan qulflangan ekan. M.A. mashina ichida o‘tirib, so‘kinib yubordi. Shunda jahlim chiqib, mashina oynasini bir necha marotaba qo‘lim bilan urdim. Oqibatda qo‘li sindi. M.A. mashinaning narigi eshigidan tushib, qochib ketdi. Uni biroz quvladim, ammo yetolmadim.

So‘ng mashinamga keldim va orqaga qayrilib, ketmoqchi bo‘ldim. Bir mashina yo‘limni qisdi. Shunda birinchi darajali yo‘ldan ikkinchi darajali yo‘lga o‘tishga majbur bo‘ldim. Qonagan qo‘limga qaragan paytimda kimnidir urib yubordim. Darhol to‘xtadim. Keyin M.A.ni urib yuborganimni bildim. U yerdan o‘sha yerda bo‘lgan tanish yigitlar ketkazib yuborishdi. M.A.da qasdim va uni o‘ldirish maqsadim bo‘lmagan”, degan F.Z. suddagi ko‘rsatmasida.

Shuningdek, u bu ishda aybi yo‘qligini, aslida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganini bildirib, suddan adolatli hukm chiqarishni so‘ragan.

So‘xliklarni juda qiynab kelgan”

Sudda marhumning yaqinlari F.Z. “go‘yoki Farg‘onada u zo‘r ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun shunday qilganini” aytgan.

F.Z. so‘xliklarni juda qiynab kelgan. Tovlamachilik yo‘li bilan bolalardan pul undirib kelgani haqida eshitganman, lekin jinoyatlariga o‘zim guvoh bo‘lmaganman. F.Z.ning jiyanimda adovati bo‘lgan. U jiyanimga go‘yoki Farg‘onada zo‘ri ekanini ko‘rsatib qo‘yish uchun shunday qilgan”, degan marhumning vakili.

Shuningdek, M.A.ning turmush o‘rtog‘i ham F.Z.ning adovati bo‘lganini bildirgan.

Turmush o‘rtog‘imda adovati bo‘lgan. Uni o‘ldirish uchun qidirib yurganini ham eshitganman. Dastlab turmush o‘rtog‘im va sudlanuvchining munosabati yaxshi edi. F.Z. qamoqdan chiqqanidan keyin ularning orasi yomonlashdi”, degan u o‘z ko‘rsatmasida.

Ayol 4 nafar farzandi yetim qolganini aytib, suddan ularning har biri uchun 1 mlrd so‘mdan jami 4 mlrd so‘m moddiy va ma’naviy zarar undirib berishni so‘ragan.

Jazo

JIB Yozyovon tuman sudining 2025 yil 4 dekabrdagi hukmi bilan F.Z. Jinoyat kodeksining 97-moddasi (qasddan odam o‘ldirish) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilishda aybli deb topilgan. Unga 14 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

F.Z. turli jinoyatlarni sodir qilib, bungacha 4 marta sudlangan. Xususan, JIB Farg‘ona shahar sudining 2018 yil 3 iyuldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 267-moddasi (transport vositasini olib qochish) 2-qismining “b,v” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgani uchun 8 yil 1 oyga qamalgan. JIB Ohangaron tuman sudining 2022 yil 19 apreldagi ajrimiga ko‘ra, o‘talmagan 4 yil 14 kun jazosi axloq tuzatish ishlari jazosiga almashtirilgan. JIB Farg‘ona tuman sudining 2025 yil 14 yanvardagi ajrimi bilan esa o‘talmagan 1 yil 4 oy 5 kun jazosini o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan.

Shu sababli sud hukmi bilan F.Z. o‘ta xavfli retsidivist deb topildi. Tayinlangan jazoni maxsus tartibli koloniyalarda o‘tashi belgilandi. Marhumning qonuniy vakili foydasiga 250 mln so‘m ma’naviy zarar undirish belgilandi.

F.Z. tanishini mashinasida urib ketgani avvalroq xabar qilingan edi. Prokuratura tomonidan nazorat tartibida o‘rganilganda uning xatti-harakatlarida qasddan odam o‘ldirish jinoyati alomatlari mavjudligi sababli, jinoyat ishi Jinoyat kodeksining 97-moddasiga qayta malakalangandi

Mavzuga oid