O‘zbekiston | 19:50 / 27.02.2020
17162
2 daqiqa o‘qiladi

Elmira Bositxonova: Endi hokim o‘z ishini mahallalarga qildirishiga chek qo‘yiladi

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova mahallalar endilikda kimga bo‘ysunishi haqidagi savolga oydinlik kiritdi.

Bugun, 27 fevral kuni O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Majlisda so‘zda chiqqan Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Elmira Bositxonova O‘zbekiston prezidentining «Jamiyatda ijtimoiy-ma'naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni unda belgilangan vazifalar yuzasidan nutq so‘zladi.

Elmira Bositxonova mahallalar endilikda kimga bo‘ysunishi haqidagi savolga oydinlik kiritdi.

«O‘zini-o‘zi boshqarish organi o‘z fuqarolari va kengashdan boshqa hech kimga bo‘ysunmaydi. Vazirlik [Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi] tashkil qilinganining eng katta sabablaridan biri – mahalla raisiga va mahalla faollariga hokimning o‘z ishini qildirishi masalasiga chek qo‘yiladi. Endi vazirlik ana shu aralashuv, majburlovlar – majlisda o‘tirish, tadbirda ishtirok etishga majburan olib borishning barchasiga nuqta qo‘yiladi. Farmonda bu aniq belgilab berilgan. 

Endi hamma masalalar bizning ijroimizda. Qanday ijro etsak, 32 banddan iborat farmonning barcha bandlari aniq bajariladi. Buning uchun hammamiz baravariga harakat qilishimiz kerak. Shu jumladan, ommaviy axborot vositalari ham», deya Elmira Bositxonovaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid