O‘zbekiston | 12:25 / 07.09.2018
4245
2 daqiqa o‘qiladi

Aktsiyadorlik jamiyatlari to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritish taklif etildi

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, “Aktsiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 76-moddasida: “Aktsiyadorlarining soni besh yuzdan ortiq bo‘lgan jamiyat uchun jamiyat kuzatuv kengashining son tarkibi yetti a'zodan kam bo‘lishi, aksiyadorlari soni bir mingdan ortiq bo‘lgan jamiyat uchun esa to‘qqiz a'zodan kam bo‘lishi mumkin emasligi” belgilangan. 

“Respublikamizda ko‘plab aksiyadorlik jamiyatlarida 1000dan ortiq aksiyador mavjud bo‘lib, ularning katta qismi juda oz miqdorda aksiyaga ega. Lekin ular son jihatdan ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ushbu aksiyadorlarning katta qismini vafot etgan insonlar, yopilgan korxona va tashkilotlar tashkil qilmoqda. Ko‘pchilik aksiyadorlar oz summadagi o‘z aksiyalarini meros sifatida qoldirmagan”, - deyiladi murojaatda.

Bildirilishicha, kuzatuv kengashi a'zolari sonini mavjud bo‘lmagan aksiyadorlar hisobiga 9ta etib ushlab turish aksiyadorlik jamiyati va aksiyadorlar manfaatlariga muvofiq emas. 

“Ushbu talabni bekor qilishni yoki aksiyadorlar umumiy yig‘ilishi tomonidan eng kamida 5 kishidan iborat bo‘lgan Kuzatuv kengashi a'zolarini saylashi mumkin degan normani kiritishni taklif qilaman”, - deb yozadi petitsiya muallifi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров

Mavzuga oid