Toshkentda ko‘p YTH bo‘ladigan joydan piyodalar o‘tishi taqiqlandi. Bu – YTHlarni faqat ko‘paytiradi
Oliy Majlis oldidagi piyodalar o‘tish joyida yana bir piyoda urib yuborilishi ortidan, poytaxt mas’ullari bu yerga jamoatchilik talab qilayotganidek svetofor o‘rnatish o‘rniga, “zebra” chizig‘ini shunchaki o‘chirib tashlashga qaror qildi. Bu bilan rasmiylar kelgusidagi ehtimoliy o‘limlar uchun mas’uliyatni bo‘yniga olganini tushunyaptimi?
Toshkentdagi eng xavfli piyodalar o‘tish joylaridan birida ro‘y bergan holat shahar rahbarlarining avtomobillarni piyodalardan ustunroq deb hisoblashini yana bir marta yaqqol ko‘rsatib berdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalqlar do‘stligi saroyi yaqinida, Bunyodkor shohko‘chasini kesib o‘tuvchi piyodalar o‘tish yo‘lagi endi yo‘q. Bu yerdan o‘tuvchilar endi yo‘lning narigi tomoniga o‘tish uchun 1 km masofani piyoda bosib o‘tishga majbur.
Avtomobillarning qariyb 20 ta harakat bo‘lagini kesib o‘tish talab etiladigan piyodalar o‘tish yo‘lagida svetofor o‘rnatilmagani sababli YTHlar tez-tez sodir bo‘lib turardi. Jamoatchilikka ma’lum bo‘lgan oxirgi holat 21 iyul kuni ro‘y berdi.
Internetda tarqalgan videolardan ko‘rinishicha, piyodani o‘tkazib yuborish uchun keskin to‘xtagan Damas'ning orqasidan Lacetti kelib urilgan. Natijada oldinga qalqib ketgan Damas piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan ayolni urib yuborgan. Xayriyatki, ayol omon qolgan.
Bu voqea ortidan ijtimoiy tarmoqlarda shahar hokimligi va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga nisbatan tanqidlar yana avj oldi. Lekin bu tanqidlar teskari natija berdi: mas’ullar bu yerdagi piyodalar o‘tish joyini shunchaki yo‘q qilib yuborishdi.
27 iyul kuni bu yerda bo‘lgan Kun.uz muxbiri “zebra” chiziqlari qora rangga bo‘yab tashlangani, piyodalar o‘tish joyi yo‘l belgilari olib tashlangani, uning o‘rniga piyodalar o‘tishi taqiqlanishini anglatuvchi belgi o‘rnatilganiga guvoh bo‘ldi.
Muxbirimiz suhbatlashgan odamlar uzoq yillardan beri mavjud bo‘lgan piyodalar o‘tish joyiga tugmali (piyodalar tomonidan boshqariladigan) svetofor o‘rnatish o‘rniga, yo‘lakning olib tashlanganini qoraladi. Haqiqatan ham, yo‘lak yo‘q qilingani bilan, odamlar bu yerdan yo‘lni kesib o‘tishda davom etyapti. Muxbirimiz 15 daqiqa ichida o‘ndan ortiq odam yo‘lni kesib o‘tganiga guvoh bo‘ldi. Lekin endi xavf darajasi bir necha barobarga ortgan.
Endi xuddi shu joydan yo‘lning narigi tomoniga qonuniy o‘tmoqchi bo‘lgan piyoda yo Milliy bog‘ metro bekati, yoki eng yaqin svetofor – Bunyodkor va Islom Karimov ko‘chalari kesishmasigacha borishga majbur. Har ikkala variantda ham 1 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tish kerak bo‘ladi.
Kun.uz shahar rahbarlarining bu xatti-harakatini shaharlarda avvalo piyodalarga ustuvorlik berilishi haqida yuqori minbarlardan turib takror va takror aytilayotgan bayonotlarni obro‘sizlantirish deb baholaydi.
Inson qadri shior qilib olingan mamlakatda mas’ullar, shaharlar menejmentiga oid elementar qoidalardan bexabar holda, ochiqdan ochiq insonlar hayotini xavf ostiga qo‘yayotgani qabul qilib bo‘lmas holat, bizningcha.
Mavzuga oid
13:49
Samarqandda o‘quvchi avtobus urib yuborishi oqibatida halok bo‘ldi
18:38 / 13.11.2024
“Sharoitidan ham, o‘qituvchilaridan ham qo‘rqib ketdim” - Toshkentdagi o‘quv markazidan odamlar norozi
15:03 / 13.11.2024
Andijonda Damas ag‘darilib piyodalar yo‘lakchasida 9 yoshli qizchani bosib qoldi
13:19 / 13.11.2024