Toshkent ko‘chalariga nazar: Piyodaga yo‘l berish nahot shunchalik qiyin?
Zamonaviy shaharsozlikda keng yo‘llardagi piyodalar o‘tish joylarida albatta svetofor bo‘lishi shartligi allaqachon belgilab qo‘yilgan. Toshkentning yo‘llari ham juda keng, lekin aksariyat piyodalar o‘tish joylarida svetofor yo‘q.
Poytaxtda aholi ko‘paygani sayin avtomobillar ham ko‘payib boryapti, natijada yo‘llarni kengaytirish, rekonstruksiya qilish, yo‘lo‘tkazgichlar qurishga zo‘r berilmoqda. Ha, mansabdorlar shunday o‘ylashadi. Aslida-chi?
Aslida shahar eng avvalo piyodalar uchun qulay bo‘lishi, yengil avtomobillar uchun maksimal darajada noqulay bo‘lishi lozim, toki odamlar mashinadan velosipedga o‘tsinlar, piyoda yursinlar yo jamoat transportidan foydalansinlar. Bu – zamonaviy tendensiya. Bu – ongli dunyo amalga oshirayotgan yo‘nalish. Bizda esa ahvol, yumshoq aytganda, yaxshi emas. Biz buni videolavhamizda ko‘rsatishga harakat qildik. Atigi 3-4 ta nuqta misolida.
Dastavval Bunyodkor shohko‘chasida, Xalqlar do‘stligi saroyi yonida tunnelga tushaverishdagi holatga e’tibor qaratdik. Bu piyodalar o‘tish joyidan o‘tib olishga urinayotgan bir necha piyoda misolida aksariyat haydovchilar piyodalarni umuman mensimasligi, ularga yo‘l bermasligi, piyodalar bir necha daqiqa o‘tish joyi boshida turib, kimdir yo‘l berishini kutayotganini ko‘rish mumkin.
Ayrim hollarda piyodalar o‘tish yo‘liga yurib qo‘yib, hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda o‘tayotgani, bir “polosa”dagi mashina to‘xtaganida, keyingi polosadagi mashina to‘xtamay harakatlanayotgani va piyodani urib yuborish ehtimoli juda yuqori ekanini ko‘ring.
Chilonzor metrosiga yaqin joydagi yana bir xavfli o‘tish yo‘lagida ham ko‘plab YTHlar sodir bo‘ladi.
Chilonzor buyum bozori – xalq tilida bilan aytganda Ippodrom bozoriga ketaverishdagi piyodalar o‘tish joyi esa dahshatning o‘zginasi. Biz bu ko‘chani kesib o‘tish uchun ancha vaqt sarflashimizga to‘g‘ri keldi. Sekundomer yoqib olib, hisoblab ko‘rishingiz mumkin.
Ana shunaqa. Mutasaddilar esa markaziy ko‘chalarni avtomobillar uchun qulaylashtirish bilan ovora. Piyodalar uchun maksimal darajada noqulaylashtirilgan shaharda yashayapmiz. Afsuski, bizda shunday – avtomobil uchun ustuvorlik. Piyoda esa...
Raqamlar hammasini aytib turibdi. 2021 yilda respublika bo‘ylab YTHlar oqibatida salkam ikki yarim ming kishi o‘lgan. 2019 yil bilan solishtirganda, qurbonlar soni qariyb 370 kishiga ko‘paygan. Yana 9 mingdan ortiq odam esa jarohatlangan.
Achinarlisi, ertaga yana kimlar bu statistikani to‘ldirishini hech kim aniq aytolmaydi. Muammo yechimi, ya’ni odamlar hayotini saqlab qolish uchun qilinayotgan ishlar esa umuman yetarli emas.
Bobur Akmalov,
Abduqodir To‘lqinov,
Kun.uz
Mavzuga oid
16:35
1 yanvarga o‘tar kechasi Toshkent metropoliteni ish jadvali 2 soatga uzaytiriladi
18:02 / 21.12.2024
Faoliyatda qonun buzilishi, sertifikatsiz o‘qituvchilar va norozi ota-onalar – “NEWTON ACADEMY” o‘quv markazi haqida nimalar ma’lum?
18:36 / 20.12.2024
Toshkentdagi elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini demontaj qilish buyurildi
13:54 / 19.12.2024