Shaharlarimiz ko‘chalari bo‘ylab piyodalar yo‘lagida harakatlanarkansiz, kutilmaganda peshonangiz yo‘lto‘sar devorlarga borib uriladi. Trotuarlar unga aloqasi bo‘lmagan yondosh hududdagi qurilish kompaniyalari tomonidan hech qanday izohsiz, uzr-ma’zursiz, bexijolat egallab olinadi. Hokimiyatga arz qilsangizgina yo‘lni ochib berishlari mumkin. Maxsus belgilangan standartlar esa faqat qog‘ozda. Kun.uz shunday o‘zboshimchalik holatlarini o‘rganib, surishtiruv o‘tkazdi.
Qurshab olingan trotuarlar sabab piyodalar o‘z yo‘llari qolib, ilojsizlikdan yo‘lning avtomobillar bilan to‘la qatnov qismiga chiqib yurishga majbur bo‘lmoqda.


Ular orasida keksalar, yosh bolali onalar ham bor. Bu yo‘llarda imkoniyati cheklangan va nogironlar qanday harakatlanishini esa o‘zingiz tasavvur qilavering. Shu o‘rinda mana shunday o‘zboshimcha qurilish kompaniyalari rahbarlariga bir savol: Siz o‘z yaqinlaringizni trotuarlari egallangan shunday hududlarda jonlarini xatarga qo‘yib harakatlanishlariga rozi bo‘larmidingiz?


Davom etamiz. Chilonzor tumanining birgina Chilonzor ko‘chasi. 1 km ham chiqmaydigan oraliqda 10ga yaqin qurilishlar sabab piyodalar o‘z yo‘laklaridan mahrum qilingan, hatto ko‘chada yo‘lning ikki tarafidagi trotuarlar ham birvarakayiga to‘sib olingan holat ham bor edi.














