Jahon | 08:32 / 16.01.2026
8524
3 daqiqa o‘qiladi

Machado Oq uyda Trampga Nobel tinchlik mukofotini “topshirdi”

Venesuela muxolifati yetakchisi Vashingtonda AQSh prezidenti bilan uchrashib, uni “Nobel tinchlik mukofoti” bilan “taqdirladi”. Reuters yozishicha, Tramp Machadoning bu ishorasini qadrlagan va medalni o‘zida qoldirmoqchi.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp payshanba kuni, 15 yanvarda Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machado bilan uchrashdi. Uchrashuv Vashington bu mamlakat rahbari Nikolas Maduroni “qo‘lga olgani”dan keyin Venesuelaning kelajagini muhokama qilish uchun o‘tkazildi.

Oq uydagi uchrashuvdan so‘ng, o‘tgan yili Nobel tinchlik mukofoti laureati bo‘lgan Machado jurnalistlarga o‘zining Nobel medalini Trampga “ozodlikka bo‘lgan uning noyob sadoqatini tan olish belgisi sifatida” “topshirgan”ini aytdi. Qisqa bayonotida u yana uchrashuv AQSh prezidenti bilan yaxshi o‘tganini, uning tarafdorlari esa Trampga tayanishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

AQSh prezidenti Mariya Korina Machadoning unga o‘z Nobel tinchlik mukofotini “topshirgan” qadamini qadrladi. “Mariya menga ishlarim uchun Nobel tinchlik mukofotini topshirdi. Bu o‘zaro hurmatning ajoyib ishorasi edi. Rahmat, Mariya!”, — deb yozdi Donald Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Oq uydagi manba Reuters agentligiga AQSh prezidenti “medalni o‘zida saqlab qolish niyatida” ekanini bildirdi.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livittga ko‘ra, uchrashuv davomida Tramp Machadoda yaqin muddatda mamlakatga rahbarlik qilish uchun zarur qo‘llab-quvvatlash yetishmasligini aytdi.

9 yanvar kuni Tramp CNN telekanali efirida Mariya Korina Machado bilan gaplashmoqchi ekanini bildirgan edi. “U (Venesuelani boshqarishning) ayrim jihatlariga jalb qilinishi mumkin (AQSh Nikolas Maduroni qo‘lga olganidan keyin Venesuelani boshqarish haqida gap ketyapti — tahr.). Men u bilan gaplashishim kerak. U kelishni xohlayotgani juda yaxshi, deb o‘ylayman. Mening tushunishіmcha, sabab ham shu”, — degan u.

Nobel tinchlik mukofotini berish uchun mas’ul bo‘lgan Norvegiya Nobel instituti 9 yanvar kuni laureat bu mukofotni boshqa shaxsga o‘tkazishi mumkinligi haqidagi da’volarni rad etdi. “Nobel mukofoti berilishi e’lon qilinganidan keyin uni qaytarib olish, bo‘lish yoki boshqalarga o‘tkazish mumkin emas. Qaror — yakuniy va abadiy kuchda qoladi”, — deb ta’kidladi institut.

Bundan oldin Mariya Korina Machado mukofotni Trampga o‘tkazishni yoki uni AQSh prezidenti bilan bo‘lishishni xohlashini aytgan edi. Bu bayonot Tramp Machadoni Venesuelaning vaqtincha yetakchisi etib tayinlash g‘oyasini ochiqcha rad etganidan keyin yangragan. The Washington Post gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, bu rad etishga sabab — Machado Trampga Nobel tinchlik mukofotini “bermagani” bo‘lgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid