Jamiyat | 22:10 / 18.03.2019
35069
9 daqiqa o‘qiladi

«Yerlarimni tortib olishdi» - 50 bosh qoramoli bilan yersiz qolgan  qo‘shko‘pirlik chorvador-fermer muammosi

2019 yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasining «Fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari yer maydonlarini maqbullashtirish hamda qishloq xo‘jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 14-sonli qarori qabul qilindi.

Yangi tartibga asosan ko‘plab fermer xo‘jaliklarining yeri zaxiraga qaytarilib, komissiya tomonidan tanlovga qo‘yildi va talabgorlarga ajratib berildi. Ammo maqbullashtirish jarayoni hamma yerda silliq kechdi, qarordagi talablar og‘ishmasdan bajarildi deb ayta olamizmi?

Kun.uz tahririyatiga yeri zaxiraga qaytarilganidan norozi bo‘lgan ko‘plab fermer xo‘jaliklari rahbarlari murojaat qilgan. Ular orasida Xorazm viloyati, Qo‘shko‘pir tumani, Shixmashxad qishlog‘i, «O‘zbekiston» mahallasida tashkil qilingan «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov ham bor.

2019 yil yanvar oyida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi Vazirlar Mahkamasi qaroridan kelib chiqib, paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi hisobidagi yer maydonlari 100 gektardan kam bo‘lgani sababli, uni zaxiraga qaytarib olgan. Fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov buni noqonuniy deb hisoblamoqda.

«2019 yil yanvar oyida Qo‘shko‘pir tumani hokimligi balansimizdagi yerni zaxiraga qaytarib olish uchun mendan ariza talab qildi. Men ularga faoliyatimda nafaqat paxtachilik va g‘allachilik, balki chorvachilik ham bor, yerni o‘zimda qoldiringlar, maqbullashtirishga zarurat yo‘q deb aytdim. Ammo bu ish vaqtinchalik ekanini, tez orada yerlar o‘zimga qaytishini aytib, baribir ariza yozdirib olishdi. Afsuski, bu gaplarga aldanib qoldim. Keyinchalik, yerlar tanlovga qo‘yilib, boshqa fermer xo‘jaligiga berib yuborildi. Endi 50 bosh qoramolni qanday o‘tlataman?», - deydi Muhammad Bayjanov.

Darhaqiqat, Vazirlar Mahkamasining 14-son qarorida qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari ularning faoliyat yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda paxtachilik va g‘allachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 100 gektar, g‘allachilik va sabzavotchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 20 gektar, bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 10 gektar, sabzavotchilik va polizchilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalari maydonlarining eng kam o‘lchami — 5 gektar deb belgilangan. Ya'ni, shu yo‘nalishlarda faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklarining yer maydoni bu me'yorlardan kam bo‘lsa, maqbullashtirilishi lozim.

Biroq, «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov faoliyatida nafaqat paxtachilik va g‘allachilik, balki chorvachilik ham borligini ta'kidlamoqda.

Qo‘shko‘pir tumani hokimining 2008 yil 18 aprel kungi 230-sonli qarori bilan «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligiga chorvachilik yo‘nalishi bilan shug‘ullanishga ruxsat berilgan.

2011 yil 9 mart kuni berilgan 264-soni guvohnomada «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi faoliyati chorvachilik ekani ko‘rsatilgan. 

2008 yilda «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi chorvachilik bilan shug‘ullanish uchun Qo‘shko‘pir tumani hokimligidan ruxsat olgan va unga 19,7 gektar yer ajratib berilgan.

2016 yilda Qo‘shko‘pir tumani hokimligi «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligiga qo‘shimcha ravishda 14,1 gektar yer ajratib, g‘alla va paxta yetishtirish rejasini ham yuklagan.

Fermerning ta'kidlashicha, shu vaqtdan boshlab, «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi sut-go‘sht mahsulotlari, paxta va g‘alla yetishtirish rejalarini ortig‘i bilan bajarib kelgan.

Vazirlar Mahkamasining 14-sonli qaroriga ko‘ra, chorvachilik yo‘nalishidagi qishloq xo‘jaligi korxonalari yer uchastkalarining hajmlari qonunchilikda belgilangan tartibda mavjud shartli mol bosh sonidan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Qo‘shko‘pir tumani hokimligi ma'lumotiga ko‘ra, hozirgi vaqtda «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi hisobida 50 bosh qoramol mavjud, demak me'yorga ko‘ra, unda kamida 15 gektar yer maydoni bo‘lishi shart edi. Vaholanki, unda chorvachilikka mo‘ljallangan 19,7 gektar yer bo‘lgan va bu Vazirlar Mahkamasi qarori talabiga to‘liq javob berar edi. Natijada fermer xo‘jaligiga tegishli yerlarni maqbullashtirishga zarurat yo‘q edi.

Qo‘shko‘pir tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i Ergash Bekchanov «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanovning e'tirozini asossiz deb hisoblamoqda.

«Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi faoliyatida chorvachilik yo‘nalishi yo‘q, faqat paxtachilik va g‘allachilik bor. Bu fermer xo‘jaligi ko‘p tarmoqli emas. Yer maydonlarining miqdori esa paxtachilik va g‘allachilik uchun qo‘yilgan talabga to‘g‘ri kelmaydi. Shuning uchun ham bu fermer xo‘jaligiga berilgan yerlar maqbullashtirildi.

Hozirgi vaqtda fermer xo‘jaligida 50 bosh qoramol borligini aniqlaganmiz. Shuning uchun «Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligiga boshqa konturdan 15 gektar yer taklif qildik. Bu yer fermer xo‘jaligi molxonasidan 7,5 km uzoqlikda joylashgan. Undan foydalangan holda faoliyatini davom ettirishi mumkin», - deydi Ergash Bekchanov.

«Bayjanov Otabek» fermer xo‘jaligi rahbari Muhammad Bayjanov bu taklifni qabul qilmayapti.

«Bizga «Zarbdor» mahallasi «Qum» hududidan 15 gektar yer taklif qilindi. Bu molxonamizdan 10 km uzoqlikda. Yerning bonitet balli 39 ekan. Vaholanki, mendan zaxiraga qaytarilgan yerlarning bonitet balli ham shunga teng edi. Bir xil bonitetga ega yerlarning birini olib, ikkinchisini berishda mantiq bormi? Bundan tashqari, molxonamiz atrofidagi yerlarda qoramollarni o‘tlatar edik. Hozir bu yerlar boshqa fermerga berib yuborilgan. Endi mollarni qayerda o‘tlatamiz? Agar mollar bu fermerning yeriga kirib ketsa, ekinini payhon qilsa, janjal kelib chiqmasligiga kim kafolat beradi?», - deydi fermer.

Fermer xo‘jaligi va tuman hokimligi o‘rtasidagi ziddiyatning qisqacha mazmuni shunday.

Muhammad Bayjanov molxonasi atrofidagi yerlar o‘ziga qaytarilishini istamoqda. Qo‘shko‘pir tumani hokimligi esa bu yerlarni allaqachon tanlovga qo‘yib, maqbullashtirib, boshqa talabgorga berish haqida qaror chiqargan. Fermerga esa boshqa hududdan yer taklif qilmoqda. Bayjanov bu taklifni rad qilyapti va maqbullashtirish noqonuniy o‘tkazilgan deb hisoblayapti.

Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligida chorvachilik sohasining ahvoli maqtagulik darajada emasligiga shubha yo‘q. Bunga bozorda 1 kilogramm mol go‘shtining narxi 40 ming so‘m atrofida ekani yaqqol isbot bo‘la oladi. Tan olish kerak, narxi qimmatligi sababli, ko‘plab oilalar go‘sht mahsulotlarini me'yoridan kam iste'mol qilmoqda, iqtisodiy imkoniyati yo‘qlari esa undan allaqachon voz kechgan. To‘yib go‘sht yeyish ba'zi oilalar uchun imkonsiz hashamatga aylangan.

Chorvachilik sohasiga bo‘lgan e'tibor pasaytirilsa, chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklari qo‘llab-quvvatlanmasa, ularning rahbarlari fikri, sharoiti chuqur o‘rganilib, inobatga olinmasa ahvol bundan ham yaxshilanishi dargumon. Qachonki chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarining muammolari o‘z yechimini topsagina O‘zbekiston xalqining dasturxoni arzon va sifatli sut-go‘sht mahsulotlari bilan to‘ladi.

Nurmuhammad Said

Mavzuga oid