Jamiyat | 13:05 / 05.11.2022
56519
7 daqiqa o‘qiladi

“15 sutka”dan omon chiqmagan yigit: IIB va shifoxona bir-birining dalillarini inkor etyapti

Aliment to‘lamagani uchun ma’muriy tartibda qamoqqa olingan Rashid Boliyev uch kun o‘tib viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida vafot etdi. “Bolamda hech qanday surunkali xastalik yoki ruhiyatida buzilish bo‘lmagan. Bunga ishonmayman. Agar shunday bo‘lsa, buni biz yillar davomida bilishimiz kerak edi”, deydi marhumning otasi.

Kun.uz muxbiri Samarqandda sodir bo‘lgan shubhali o‘lim hodisasi aslida qanday yuz berganini o‘rganish maqsadida Boliyevning yaqinlari hamda hodisaga aloqador tomonlarni eshitib, jurnalistik surishtiruv olib bordi.

Boliyev Oqdaryo tumanidagi ota uyida yashab kelgan. Farzandlarining aliment pulini vaqtida to‘lolmagani uchun 2022 yil 25 oktyabr kuni unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Marhumning yaqinlari Rashid ayrim kunlarda o‘zi ishlaydigan mashina yuvish shoxobchasida ham tunab qolganini aytmoqda. Oxirgi marta uni 20 oktyabr kuni ko‘rishgan.

Marhumning otasi Nor Boliyev o‘g‘li bilan bog‘liq shuncha harakatlar bo‘lib o‘tganidan so‘ng, aniqrog‘i u vafot etgach xabar topganidan norozi bo‘lyapti.

“Nega MIB xodimlari o‘g‘limga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan vaqtda bir og‘iz xabar berib qo‘yishmadi? Biz harakat qilib o‘sha qarzni to‘lardik. Yoki ichki ishlar xodimlari o‘g‘limda ruhiy o‘zgarish bo‘lgan paytda bizga xabar bermadi? Nega shifoxonalar o‘g‘lim o‘lib bo‘lgach, bizga xabar beryapti? Bolamda hech qanday surunkali xastalik yoki ruhiyatida buzilish bo‘lmagan. Bunga ishonmayman. Agar shunday bo‘lsa, buni biz yillar davomida bilishimiz kerak edi”, - deydi Rashidning otasimarhumning .

Jamshid Boliyevga ko‘ra, unga dastlab mahalla raisi ukasining viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasida ekanligini ma’lum qilgan. U shifoxonaga yetib borgan paytda ukasi allaqachon vafot etgani aytilgan.

 “Shifoxonada o‘lim sababini so‘raganimda, u yerga og‘ir ahvolda olib kelinganini aytishdi. Shifokorlar ukam bilan suhbatlashishganda, uni ichki ishlar xodimlari urganini aytishgan. Ukam sog‘lom yigit edi, uning o‘z ajali bilan o‘lganiga ishonmayman”, - dedi Jamshid Boliyev.

Marhum vafot etganidan so‘ng uning bir nechta joylarida jarohat izlari aniqlangan. Bizga taqdim qilingan suratlarda uning yuz, quloq, burun qismida, shuningdek, oyoqlarida ham qontalash jarohatlar ko‘rinib turibdi.

Aliment undirish masalasi bilan shug‘ullangan Majburiy ijro byurosining Oqdaryo tuman bo‘limi xodimi Asror Ro‘ziyev ham Rashidning ruhiy muammosi bo‘lmaganini aytmoqda. Odatda ish sudga taqdim qilinishidan avval maxsus tizim orqali fuqaroga oid ma’lumotlar inobatga olinadi.

Ma’muriy tartibda qamoqqa olingan shaxslarni saqlash uchun mo‘ljallangan Maxsus qabulxonada ham bo‘ldik.

Qabulxona boshlig‘i, podpolkovnik Suhbat G‘afforov 26 oktyabr kuni Boliyevda ikki marta epilepsiya kuzatilganini aytdi. Ikkinchi martasida boshini devorga urgan va jarohat olgan. Shundan so‘ng u boshqa xonaga olingan va 27 oktyabr kuni o‘ziga o‘zi gapirib, tana a’zolariga jarohat yetkazgani aytilmoqda.

G‘afforov qoidaga ko‘ra, Boliyevga maxsus tekshiruv tayinlangani va natijada uning ruhiy holatida muammo bo‘lgani sababli viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborilganini aytdi.

“Rashid olib ketilayotgan paytda holati yomon emasdi. Yuzi va bosh qismidagi jarohatlar shu yerda bo‘ldi. Biroq uning oyog‘idagi jarohat yo‘q edi”, - dedi G‘afforov.

Qabulxona boshlig‘i Rashidda epilepsiya (tutqanoq) kuzatilganidan so‘ng u bilan suhbatlashgani va bu jarayonni ham tasvirga olganini aytmoqda. O‘sha suhbat davomida marhum maktabni bitirganidan buyon tutqanoq kasalligi bilan og‘rib kelganini aytgan. Shu tasvir va Rashidning yiqilgan holati aks etgan video Kun.uz’ga taqdim qilindi.

IIB Boliyev mahkamadan olib ketilayotgan vaqtda uning holati qanday bo‘lgani bilan bog‘liq tasvirlarni taqdim qila olmadi.

Rashid Boliyev bilan bir xonada turgan va unda tutqanoq kuzatilganiga guvoh bo‘lganlar bilan ham suhbatlashdik. Biz bilan muloqotda bo‘lgan uch guvoh mahkama ichida Rashid birov bilan ziddiyatga bormagani, jismoniy kuch ishlatilmagani va unda epilepsiya kuzatilgani haqida guvohlik berdi.

Biz viloyat ruhiy kasalliklar shifoxonasi bosh vrachi Akmal Ahrorov bilan telefon orqali suhbatlashdik. Ahrorov shifoxonaga Rashid turli jarohatlar bilan olib kelingani va o‘sha paytda u mustaqil harakat qilmagani, boshqalarning yordami bilan yuvintirilganini aytmoqda. Bosh vrachga ko‘ra, Boliyevning oyog‘idagi jarohat shifoxonada bo‘lmagan. Odatdagi ruhiy bemorlarda talvasa kuzatilganda qo‘llanadigan choralar ham qo‘llanmagan. Chunki bemor kelganidan boshlab sog‘lig‘i yomonlashgan, jismoniy quvvati ham bo‘lmagan.

Tomonlarni eshitib, fakt va dalillarni taqqoslar ekanmiz, vaziyat ancha murakkab ekaniga amin bo‘ldik. Rashid Boliyevda ko‘plab jarohatlar bor.

IIBga ko‘ra, marhum shifoxonaga ketayotganda o‘zi mustaqil harakatlangan va oyoqlaridagi jarohat bo‘lmagan.

Bosh vrachga ko‘ra,  shifoxonaga borganidan so‘ng hech qanday tutqanoq kuzatilmagan, bemor deyarli mustaqil harakat qilmagan, uni bog‘lash orqali oyog‘iga jarohat yetkazib qo‘yish xavfi ham bo‘lmagan.

Oqibat, shu paytga qadar ruhiy xastaligi bo‘yicha biror joyda ro‘yxatda turmagan Rashid Boliyev 34 yoshida vafot etdi. Agar u o‘lar holatda bo‘lsa, nega ruhiy kasalliklar shifoxonasiga yuborildi va qabul qilib olindi, degan savollar esa ochiq qolmoqda.

Marhumning o‘limi sababiga aniqlik kiritish maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi, IIB xodimlari va shifokorlarning harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvlari tayinlangan.

Voqealar rivojini kuzatib boramiz.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid