Jamiyat | 15:54 / 09.01.2026
13272
4 daqiqa o‘qiladi

Ombudsman Mubashshir Ahmadning sog‘lig‘i va saqlanish sharoitini o‘rgandi

Ombudsmanning mintaqaviy vakili Navoiydagi 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan Alisher Tursunovning saqlanish sharoitlarini o‘rgandi. Ma’lum qilinishicha, diniy ulamo ish va yashash sharoiti bo‘yicha shikoyat bildirmagan.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsmanning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili 5-sonli jazoni ijro etish koloniyasiga tashrif buyurdi. Ombudsman matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, monitoring tashrifida ushbu koloniyada jazo muddatini o‘tayotgan Mubashshir Ahmad (Alisher Tursunov)ning sog‘lig‘i va saqlanish sharoiti o‘rganilgan.

Monitoring davomida Alisher Tursunov bilan «xoli tarzda suhbat o‘tkazildi va uning sog‘lig‘iga oid tibbiy hujjatlar bilan tanishildi», deyiladi xabarda.

«A.T. muassasada tibbiy yordam ko‘rsatilishidan shikoyati yo‘qligini, muntazam ravishda to‘liq tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib kelinayotganligini, faqatgina avvaldan mavjud bo‘lgan kasalliklari tufayli sog‘lig‘ida biroz o‘zgarishlar borligini va tegishli tibbiy yordam olayotganligini qayd etdi. Shuningdek, muassasada o‘z xohishiga ko‘ra mehnatga jalb etilgani (oshxona ishlari bilan shug‘ullanadi), hamda qonunchilikda belgilangan vaqtlardan tashqari ortiqcha mehnatga jalb etilmagani, ish sharoiti mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq ekanini aytib o‘tdi», deyiladi Ombudsman bayonotida.

Shuningdek, diniy ulamo oziq-ovqat ta’minoti va yashash sharoiti bo‘yicha ham shikoyat bildirmagan.

Foto: Ombudsman matbuot xizmati

«Uning so‘zlariga ko‘ra, sog‘lig‘idan kelib chiqib, belgilangan norma bo‘yicha oziq-ovqat beriladi. Alisher Tursunov bilan o‘tkazilgan xoli tarzdagi suhbatda u hech qanday masalada murojaat qilmadi», deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, Ombudsman vakili ushbu muassasaga 2025 yil noyabr va dekabr oylarida tashrif buyurganida ham Alisher Tursunovdan murojaatlar kelib tushmagan.

Mubashshir Ahmad taxallusi bilan tanilgan Alisher Tursunov 2025 yil 8 oktyabr kuni 2,5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.

O‘shanda jinoyat ishlari bo‘yicha Uchtepa tuman sudi sudyasi Bobur Rahimov ulamoni tergov organi qo‘ygan uchala modda (diniy mazmundagi materiallarni tarqatish, jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallar tarqatish va milliy-etnik adovat qo‘zg‘atish) bo‘yicha ham aybdor deb topgan.

Shundan so‘ng, Mubashshir Ahmad sud hukmi ustidan apellyatsiya shikoyati bermaslikka qaror qildi. U ayni vaqtda Navoiy viloyati, Qiziltepa tumanida joylashgan IIV huzuridagi Jazoni ijro etish Departamentiga qarashli 5-sonli Jazoni ijro etish koloniyasida o‘tamoqda.

Mubashshir Ahmad sud majlisida, 2025 yil 8 sentabr / Foto: Kun.uz

Bir necha kun oldin ulamoning advokati Abdulloh Sodiq Kun.uz’ga murojaat qilib, «Mubashshir Ahmadning salomatligi og‘irligi va shu sababli jazoni o‘tay olmasligi»ni bildirgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tursunovga «Qandli diabet II tip, insulinga muhtoj turi» va «Chap oyoq artrozi» tashxislari qo‘yilgan. Advokat mijozining “oyoqlari shishib ketib, tanasida turli yaralar paydo bo‘layotganiga qaramay davolanishiga ruxsat berilmayotgani, JIED tomonidan noto‘g‘ri ma’lumotlar berilgani”ni aytgandi.

Mavzuga oid