Jamiyat | 00:28 / 24.11.2017
13562
2 daqiqa o‘qiladi

Muhammad Yusuf maktabida shoir she'rlarini ifodali o‘qish bo‘yicha tanlov bo‘lib o‘tdi

Foto: KUN.UZ

Yaxshi shoirlar o‘lmaydi. Ularning umri o‘zidan qoldirgan ash'orlarida yashaydi. Shu yil faoliyatini boshlagan O‘zbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf nomidagi maktabda bo‘lib o‘tgan tanlov yuqoridagi so‘zlar naqadar haqiqat ekanligini anglatdi.

 Tanlovda Andijon viloyatning 50dan ziyod turli ta'lim dargohlaridan kelgan iqtidorli o‘quvchilar el ardoqlagan shoir qalamiga mansub she'rlardan namunalar o‘qidilar. Sodda va ravon so‘zlar bilan bitilgan – Vatanga muhabbat, ona madhi kuylangan asarlar yosh o‘quvchilar tilida o‘zgacha ohang berib jarangladi.

O‘quvchilar tomonidan tayyorlangan badiiy  kompozitsiyalar ham butunlay o‘zgacha ko‘rinishda ekanligi yig‘ilganlarda o‘zgacha taassurot qoldirgani aniq.

 Natijalarga ko‘ra, Muhammad Yusuf nomli maktab-internati o‘quvchisi birinchi, 34- davlat ixtisoslashgan maktab-internati tarbiyalanuvchisi ikkinchi va Andijon shahar 29- umumiy ta'lim maktabi vakili esa uchinchi o‘rinni egalladi.

- Yurtimizda Muhammad Yusuf she'rlarini yod bilmagan inson juda kam bo‘lsa kerak,- deydi muassasa direktori Shohista Nurmatova. – Uning asarlari allaqachon millatimizning bebaho mulkiga aylanib bo‘lgan. Bundan tashqari, tadbirga kelgan o‘qituvchi va o‘quvchilar bilim dargohida  tashkil etilgan muzey bilan tanishdilar. Unda shoir hayotiga oid juda ko‘p ko‘rgazmalar, uning qo‘lyozmalari va turli asarlaridan namunalar joy olgan.

KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Mavzuga oid