Jahon | 11:42 / 28.03.2018
27007
3 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish uchun Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi

Foto: KUN.UZ

26-27 mart kunlari Toshkent shahrida tashkillashtirilgan «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari «Toshkent deklaratsiyasi»ni qabul qilib, Afg‘oniston masalasini hal qilishda bahamjihat harakat qilishni ta'kidladi. Shuningdek, deklaratsiya matnida «Tolibon» harakati vakillari ham Afg‘onistonda yuz berayotgan siyosiy jarayonlarda legitim ishtirokchi sifatida qatnashishi e'tirof etildi. 

Kun.uz muxbirining xabar berishicha, anjumanda ishtirok etgan barcha davlatlar BMT Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining, jumladan, 2018 yil 19 yanvar kuni Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston bo‘yicha majlisidan so‘ng Afg‘oniston va Markaziy Osiyo o‘rtasida shakllantirilgan yangi sheriklikka doir rezolyutsiyalari va qarorlarini qo‘llab-quvvatlashini qat'iy bildirgan.

«Milliy Birdamlik hukumatining toliblar bilan keng ko‘lamli tinchlik kelishuviga erishish bo‘yicha pirovard maqsad yo‘lida oldindan hech qanday shart qo‘ymaslik asosida «Tolibon»​ bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishni boshlash haqidagi xalqaro hamjamiyat tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan taklifini qat'iy qo‘llab-quvvatlashimizni ta'kidlaymiz hamda «Tolibon»​ni Afg‘oniston rahbariyati va ushbu mamlakat xalqining o‘z sa'y-harakatlari bilan va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi va Xavfsizlik Kengashining tegishli rezolyutsiyalariga muvofiq amalga oshirilayotgan tinchlik o‘rnatish jarayoniga doir ushbu taklifni qabul qilishga chaqiramiz»​, deyiladi deklaratsiya matnida.

Ishtirokchilar Afg‘oniston hukumati va «Tolibon»ning murosasoz vakillari o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tinchlik muzokaralarini o‘tkazish zarurati mavjudligini qayd etib o‘tgan.

Markaziy Osiyo, Rossiya va AQSh Afg‘onistonni beqarorlashtirish va mojaroni uzaytirishga olib keluvchi «Tolibon» va IShIDga har qanday moliyaviy, moddiy ko‘mak yoki qurol-yarog‘ taqdim etilishiga qat'iy qarshiligini bildirgan.

Mavzuga oid