O‘zbekiston | 21:09 / 12.07.2023
57323
6 daqiqa o‘qiladi

Bandixonning so‘kong‘ich prokurori yana «o‘zini ko‘rsatdi». Bu safar fermer kaltaklangani aytilmoqda

Fermer xo‘jaliklaridan birining rahbari yig‘ilishga kechikib borgani uchun tuman prokurori uni avval haqorat qilib, so‘ngra urganini iddao qilmoqda. Bu haqda fermerning internetda tarqalgan videomurojaatida so‘z boradi.

O‘zini Chori Pirimqulov deb tanishtirgan fermerning aytishicha, voqea 2023 yilning 7 iyul kuni sodir bo‘lgan. Fermerning videomurojaati “Mushtum” jurnalining Telegram-kanalida e’lon qilingan.

Fotokollaj: Kun.uz

“Men tuman prokurori Soatmurod Mahmanovdan noroziman, bu kishining olib borayotgan siyosati, xalqqa hurmatsizligi ortiqcha bo‘lyapti. Fermer xo‘jaligimiz hududi ikkinchi sektorga qarashli. 7 iyul kuni prokurorimiz yig‘ilish qilib, tumandagi har bir fermer xo‘jaligiga ikkitadan etik, bittadan fonar olib kelish haqida topshiriq berdi.

Fonarni qiynalmay topdim, lekin saraton vaqti bo‘lgani uchun etik topishim qiyin bo‘ldi. Bandixon tumani markazidagi bir qancha do‘konlarga borib ko‘rdim. Topilmadi. O‘zim yashaydigan hududdagi do‘kondan surishtirgandim, bir juft etik bor ekan. Shuni sotib oldim-da, yig‘ilish o‘tkazilayotgan joyga shoshib bordim”, – deydi Chori Pirimqulov videomurojaatida.

Soatmurod Mahmanov, Bandixon tumani prokurori Foto: Bandixon tumani hokimligi matbuot xizmati

Fermerning so‘zlariga ko‘ra, tumandagi “Shoh barakat” fermer xo‘jaligiga qarashli dala shiyponida soat sakkizda boshlangan yig‘ilishga o‘n daqiqa kechikib borgan. Tuman prokurori fermerni hammaning ko‘z o‘ngida avval haqoratlab, keyin etik bilan urgan.

“Prokuror “Ey cho‘chqa, cho‘chqadan tarqalgan, nima uchun kechikib kelyapsan?” deya meni haqoratlab ketdi. Men rezina etik topish qiyin bo‘lganini aytib, uzr so‘radim. Etikni bu yoqqa olib kel-chi, dedi. Olib borsam: “Bu kiyilgan, eski etik ekan”, deb o‘sha etik bilan boshimga urdi.

Bundan tashqari, yelkamga bir necha marotaba musht bilan ham urdi. Shundan so‘ng “Itdan tarqalgan, chiqqan joyingga tiqib yuboraman”, deya shu yerdagi 50-60 kishining oldida meni haqoratladi. Bu haqoratlarga chidab bo‘lmayapti”, deya yozg‘iradi fermer.

Etik va fonar olib kelishga majburlangan fermerlar. Foto: “Mushtum” jurnalining Telegram-kanali

Fermer videomurojaatida so‘kong‘ich prokurorning avvalroq mahalla raislarini, 33-maktab o‘qituvchilarini ham haqoratlagani, ammo hozirgacha og‘zi shaloq qonun himoyachisiga nisbatan hech qanday chora ko‘rilmaganini eslatgan.

Chindan ham avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani aytilgan audio tarqalgan, unda soliq tushumlarini bajarmagan mahalla raislari kurakda turmaydigan so‘zlar bilan haqorat qilingandi. Taxminlarga ko‘ra, audio katta ehtimol bilan 31 may kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda yozib olingan.

Shundan so‘ng viloyat prokuraturasi bayonot berib, tarqatilgan audioyozuvlarning haqqoniyligi, qachon, qayerda va qanday holatlarda yuz berganligi hamda boshqa holatlar o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.

Foto: Surxondaryo viloyati prokuraturasi Telegram-kanalidan skrinshot

Eslatib o‘tamiz, internetda tarqalgan avvalgi audioda prokuror Soatmurod Mahmanov Bandixon tumanidagi erkag-u ayol mahalla raislari birday haqoratlangandi. Xususan, audio davomida uning “Erkakmisan sen ham? Xotinchalish, itdan tarqalgan ekansan-da, bo‘lmasa odamning ishini qilarding-da. Bor, borib itga o‘xshab vovulla ko‘chada”, deganini, “O‘lsang, bugun ko‘mar edik”, “Itdan tarqaganmisan, odamdan tarqaganmisan?” va boshqa kurakda turmaydigan so‘zlar bilan so‘kinganini eshitish mumkin.

Haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Jumladan, Jinoyat kodeksining 140-moddasiga ko‘ra, haqorat qilish shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yuz qirq soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.

Agar audiodagi ovoz haqiqatan ham Bandixon tumani prokurori Soatmurod Mahmanovga tegishli ekani tasdiqlansa, u haqorat qilish bilan bir qatorda majburiy mehnatga jalb qilgani uchun ham javob berishiga to‘g‘ri keladi.

Chunki soliq tushumlarini tushirish mahalla raisining vazifasiga kirmaydi. Prezidentning tegishli farmoniga ko‘ra fuqarolar yig‘inlari xodimlarini ularning vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari bilan bog‘liq bo‘lmagan yig‘ilishlar va boshqa tadbirlarga jalb qilish, ularning faoliyatiga asossiz aralashish, taalluqli bo‘lmagan vazifalarni yuklash taqiqlanadi.

So‘kong‘ich prokurorning audiosi tarqalganiga qariyb bir oy bo‘layotganiga qaramay uning harakatlariga huquqiy baho berilgani, basharti xizmat tekshiruvi tayinlangan bo‘lsa, natijalari jamoatchilikka oshkor qilingani yo‘q. Holbuki Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov o‘sha paytda o‘rganish natijalari haqida tez orada ma’lumot berishini aytgandi.

O‘zbekiston bosh prokuraturasi matbuot kotibi Kun.uz’ning o‘rganish yakuniga yetganmi yoki yo‘q, uning natijasi bo‘yicha Mahmanovga nisbatan qanday chora ko‘rilgani haqidagi takroriy so‘roviga javoban “Ma’lumotga ega bo‘lsam yuboraman”, deya qisqa javob qildi.

Fermerning iddaosi yuzasidan izoh olish maqsadida Kun.uz muxbiri viloyat prokuraturasi matbuot kotibi Alisher Bobomurodov bilan bog‘landi. U ayni paytda xizmat safarida ekanini, fermerning iddaolari bo‘yicha izoh bera olmasligini,  belgilangan tartibda tuman prokurorining ustidan murojaat qilinsa ko‘rib chiqilishini bildirdi.

Mavzuga oid