O‘zbekiston | 12:11 / 13.11.2023
44675
7 daqiqa o‘qiladi

“Sehrgar” sudya: Ahmadboydan musodara qilingan mulk bilan bog‘liq ishda sudya zamondan ilgarilab ketdi

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Ikromjon Qurbanbayev 2023 yil 13 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud ishi ajrimini bir kun oldin, 12 oktyabr kuni tayyorlab, imzolab qo‘ygani ma’lum bo‘ldi. Sudyaning ushbu harakati yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi belgilangan.

Kun.uz oldinroq Oliy sud kassatsiya instansiyasi Ahmadboy nomi bilan mashhur firibgarlik ishiga oid hukmga qisman o‘zgartirish kiritgani, bu Ahmadboydan davlat egaligiga o‘tkazilib, auksionda sotilgan mulk bilan bog‘liqligi haqida ma’lum qilgandi.

Maqola chop etilgandan so‘ng Oliy sud fuqaro B.Q.ning murojaati belgilangan tartibda o‘rganilayotgani, undagi vajlar va maqolada ko‘tarilgan masalalarga o‘rganish yakuniga yetgach, huquqiy baho berilishini bildirgandi.

Mazkur ish chigallashishda davom etmoqda.

Nizoli uy tarixi

2015 yilning avgust oyida fuqaro N.T. Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasidagi ko‘p qavatli uyda joylashgan kvartirasini sotmoqchi bo‘ladi. Tanishi unga uyini sotib olish uchun mijoz topib berishini aytadi. “Makler” mazkur xonadonni 90 ming AQSh dollari evaziga Ahmadboyga sotadi va uy egasi N.T. ishtirokida notarial tartibda oldi-sotdi shartnomasi rasmiylashtiriladi.

Ammo “makler” Ahmadboydan ma’lum muddatga bo‘lib-bo‘lib olgan 90 ming dollarni uy egasiga bermasdan, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi.

Ushbu xonadon 2019 yilda sud hukmi bilan Ahmadboyning boshqa mulklari qatori davlat egaligiga o‘tkazilgan hamda auksion savdolariga chiqarilgan. Qariyb 2 yil davomida xonadon bir necha marotaba auksionga qo‘yilgan, lekin sotilmagan.

Fuqaro B.Q. 2022 yil 27 aprel kuni o‘tgan takroriy onlayn auksion g‘olibi bo‘ladi va uyning pulini to‘liq to‘lab, mulkni o‘z nomiga hujjatlashtirib oladi. Biroq mulk egasi sifatida sotib olgan uyiga borib yashayolmaydi. Sababi, xonadonda uyni 2015 yilda Ahmadboyga sotgan N.T. istiqomat qilib kelmoqda. Yangi ega xonadonni bo‘shatib berishni so‘raydi, ammo sobiq ega uyni o‘z ixtiyori bilan bo‘shatishdan bosh tortadi.

Koptok qilib tepilgan” ish

N.T. uydan chiqmagach, B.Q. ayolni majburiy tartibda chiqarish uchun sudga murojaat qilgan. Ishni 2022 yilning 22 avgust kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi ko‘rib chiqadi. Sud da’vo arizani qanoatlantirib, N.T.ni Olmazor tumani, Forobiy ko‘chasi 12-uy 5-xonadondan majburiy tartibda ko‘chirish haqida hal qiluv qarori chiqaradi.

Keyinchalik apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rilgan sudlar ham birinchi instansiya qarorini o‘z kuchida qoldirgan. Bu orada N.T. uydan ko‘chirishni to‘xtatishni so‘rab sudga qilgan murojaatlari rad qilingan.

Biroq Oliy sudning 2022 yil 31 oktyabrdagi ajrimi bilan sud qarorlarining ijrosi, ya’ni N.T.ni majburiy tartibda uydan chiqarib yuborish to‘xtatiladi. 2022 yil 29 dekabrda sud qarorlarining ijrosini to‘xtatish haqidagi ko‘rsatma bekor qilinadi.

2023 yilning 12 yanvar kuni Oliy sud raisi o‘rinbosari H.To‘raxo‘jayevning ko‘rsatmasi bilan N.T.ni uydan majburiy tartibda ko‘chirish ikkinchi bor to‘xtatiladi. 25 fevralda ijro harakatlarini davom ettirishga ruxsat beriladi.

Oliy sud raisi o‘rinbosari 2023 yilning 3 mart kuni sud qarorlari ijrosini to‘xtatish haqida yana ko‘rsatma beradi. 13 aprelga kelib ijro harakatlari qayta tiklanadi.

2023 yilning 20 aprel kuni N.T.ni uydan majburiy tartibda ko‘chirish Oliy sud raisi o‘rinbosarining ko‘rsatmasi bilan to‘rtinchi bor to‘xtatiladi. Oradan ko‘p o‘tmay esa ijro harakatlari qayta tiklanadi.

2023  yil 14 iyul kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi N.T.ning sud qarori ijrosini kechiktirish haqidagi arizasini ko‘rib chiqadi. Sud ijro harakatlarini 2023 yil 14 avgust kuniga qadar kechiktirish haqida ajrim chiqaradi.

Ertani “ko‘ra oladigan” sudya

N.T.ning uydan majburiy ko‘chirilishi 2023 yil 14 avgust kuniga qadar kechiktirilgandi. Ayni shu kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi ajrim chiqarib, N.T.ni kvartiradan majburiy ko‘chirish haqidagi sud qarori ijrosini to‘xtatadi. Bunga sabab sifatida 2015 yildagi oldi-sotdi shartnomasini haqiqiy emas deb topish bilan bog‘liq fuqarolik ishi yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ish yurituviga qayta tiklanganligi ko‘rsatilgan.

2023 yil 22 sentabr kuni Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati ishni qayta ko‘rib chiqib, Shayxontohur tumanlararo sudining 2023 yil 14 avgustdagi ajrimini bekor qilgan.

Ajrimda keltirilishicha, oldi-sotdi shartnomasi haqiqiy emas deb topish haqidagi da’vo arizasi sud tomonidan ko‘rilayotganligi N.T.ni uydan majburiy ko‘chirish bilan bog‘liq sud qarori ijrosini to‘xtatib turishga asos bo‘lolmaydi. Bu “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid.

2023 yil 13 oktyabr kuni fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi N.T.ning arizasi asosida ishni yana ko‘radi.

Mazkur sud 13 oktyabr kuniga belgilangan edi. Da’vogarning sudni boshqa kunga ko‘chirish haqidagi yozma arizasiga qaramasdan, sud 13 oktyabr kuni B.Q.ning ishtirokisiz o‘tkazilgan.

Sudya Ikromjon Qurbanbayev N.T.ni uydan majburiy ko‘chirish haqidagi sud qarori oldi-sotdi shartnomani haqiqiy emas deb topish bo‘yicha ko‘rilayotgan fuqarolik ishida qaror qabul qilingunga qadar to‘xtatib turilishi haqida ajrim chiqargan.

Ammo sud ajrimidagi QR kod skaner qilib ko‘rilsa, mazkur hujjat bir kun oldin, ya’ni 12 oktyabr kuni imzolanganligi ma’lum bo‘ladi. Sudya Ikromjon Qurbanbayev negadir biroz “zamondan ilgarilab ketib”, hali bo‘lmagan sud ishi uchun bir kun oldin ajrim imzolagan.

Bundan ham qizig‘i, mazkur sud ishi fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudi tomonidan 13 oktyabr kuni ko‘rib chiqilishi belgilangan fuqarolik ishlari ro‘yxatida yo‘q.

Hozirda Sudyalar oliy kengashiga sudya Ikromjon Qurbanbayevning mazkur harakatidan norozi bo‘lib kiritilgan murojaat xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi uchun Toshkent shahar sudlari sudyalari malaka hay’atiga yuborilgan.

Ahmadboyning davlat egaligiga o‘tkazilib, auksion orqali sotilgan mazkur mulkiga doir yuqoridagi ish tobora chigallashib, qiziqarli tus olmoqda. Kun.uz mavzuni kuzatishda davom etadi.

Ruslan Saburov,

Kun.uz

Mavzuga oid