Light | 12:09 / 20.10.2019
94927
5 daqiqa o‘qiladi

O‘qituvchilarga eng ko‘p maosh to‘lanadigan davlat qaysi?

Maktab o‘qituvchilarining oyligi eng yuqori, lekin Yevropadagi «eng baxsiz odamlar» yashaydigan davlat – Lyuksemburg.

Lyuksemburg – Yevropada joylashgan, hududi jihatdan kichik mamlakatlardan biri ekani ko‘pchilikka ma'lum. Ammo bu davlat xaqida biz bilmagan qiziqarli faktlar talaygina. Masalan, Lyuksemburg – dunyo miqyosida maktab o‘qituvchilarining oyligi eng yuqori davlat hisoblanadi.

Adme ushbu mo‘'jaz yurt haqidagi shu va boshqa qiziqarli ma'lumotlarni taqdim etdi.

1.  O‘rta ta'lim pedagoglarining maoshi 7 ming dollardan boshlanadi

© Depositphotos

Iqtisodiy Hamkorlik va Taraqqiyot tashkiloti ma'lumotiga ko‘ra, Lyuksemburg – maktab o‘qituvchilariga to‘lanadigan maosh miqdori bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu yerda muallimlarning obro‘si ancha yuqori va bu kasb egalarining oyligi 7 ming dollardan boshlanadi.

Lyuksemburgda 15 yillik tajribaga ega maktab o‘qituvchisi o‘rtacha 9700 dollar oylik oladi. O‘z kasbining haqiqiy egasi bo‘lgan o‘qituvchilar esa oyiga 12200 dollargacha maosh olishlari mumkin.

2.  Minglab kishilar hayotini saqlab qolgan istehkomlar 

© Philippe Clément / UIG Travel and Satelite / East News

Bok nomli istehkomlar — YuNeSKO tomonidan muhofaza qilinadigan, uzunligi 17 km bo‘lgan yerosti tunnellari tarmog‘i. Ilk seksiyalari 1644 yilda qurilgan, keyin esa asta-sekin kengayib borgan. Ulardan ikkita jahon urushlari vaqtida 35 ming nafargacha kishini sig‘dira oladigan bombadan saqlanadigan joy sifatida foydalanilgan.

Lyuksemburgdagi ko‘plab qadimiy uylardan Bok istehkomlari yer osti yo‘nalishlariga o‘tish mumkin.

3.  Aholisining katta qismi – xorijliklar

© Polina Sushko / Unsplash

Lyuksemburgda besh yuz mingdan ortiq kishi yashaydi. Ularning 47 foizi – boshqa mamlakat (asosan, Portugaliya, Fransiya va Italiya) fuqarolari.

Bu yerga har kuni qo‘shni davlatlar – Belgiya, Germaniya va Fransiya fuqarolari ishlash uchun kelishadi. Ish sharoitlarining qulayligi ularni o‘ziga jalb etadi. Jamoat transporti yoki ko‘chadagi qahvaxonaga tushib qolganingizda o‘nlab tildagi suhbatlar qulog‘ingizga chalinadi.

4.  Lyuksemburgliklar - poliglotlar

© The Coach Space / Pexels  

Agar lyuksemburglik bo‘lsangiz, o‘z-o‘zidan poliglotga aylanasiz. Gap shundaki, mamlakatda uchta davlat tili mavjud: fransuz, nemis va lyuksemburg tili (ha-ha, shunday til mavjud). Lyuksemburg tili 1984 yilda til maqomini olgan mozelsk-frank dialektidir.

Tillar orasida teng huquqlilikni kuzatish mumkin. Masalan, OAVda sarlavhasi nemis tilida, matni esa lyuksemburgchada bo‘lgan materialga duch kelish mumkin.

5.  Jon Lennon va Lyuksemburgni nima birlashtirib turadi?

© Wojtek Laski / East News

«Zulmga yo‘q deymiz» haykali 1980 yilda shved rassomi Karl Fredrik Reytersvord tomonidan britaniyalik musiqachi Jon Lennonning o‘ldirilishi xotirasiga atab yaratilgan. Lyuksemburg hukumati haykalni sotib olib, uni BMTning Nyu-Yorkdagi bosh qarorgohiga hadya qilgan. Lekin Lyuksemburgning o‘zi ham haykalsiz qolmagan: Kirshberg rayonida ham xuddi shunday yodgorlik mavjud.

Aytgancha, dunyoda bu haykalning 30ga yaqin nusxalari bor.

6.  Lyuksemburgliklar — Yevropadagi eng baxsiz kishilar

© Francois Walschaers / AFP / East News  

Hayratlanarli, biroq xalqaro baxt indeksida Lyuksemburg – 2009 yilda 122-o‘rinni egallagan, 2016 yilda esa reytingda ishtirok etgan 140 mamlakat ichida 139-o‘rindan joy olgan. Yevropaning hech bir mamlakati bunday past o‘rinda qayd etilmagan.

Indeksni hisoblashda uchta ko‘rsatkich asos qilib olinadi: odamlarning hayotdan qoniqqanligi, fuqarolar hayotining kutilayotgan davomiyligi va ekologiya holati.

Shuningdek, turli mamlakatlardagi turmush darajasini taqqoslash uchun YaIMning aholi jon boshiga ko‘rsatkichidan ham foydalaniladi (Lyuksemburgda mazkur ko‘rsatkich 2017 yilda 104 103,04 dollarni tashkil qilgan). Biroq bu raqam har doim ham kishilar baxtni to‘laqonli his etib yashayotganini aks ettiravermaydi. Axir ko‘pchilik nafaqat boy, balki baxtli va sog‘lom bo‘lishga ham intiladi.

7. Buni qarangki, Shengen Lyuksemburgda joylashgan ekan

© MilenaP / Photononstop / East News

Shengen zonasi, viza va shu nomdagi shartnoma – Lyuksemburgda joylashgan kichik shaharcha sharafiga shunday atalgan.

Buning tarixi quyidagicha: 1985 yilning 14 iyun kuni Shengen shahridan uzoq bo‘lmagan Mozel daryosidagi «Malika Mariya Astrid» kemasida 5ta davlat vakillari Shengen kelishuvini imzolashgan. Bu joy bejiz tanlanmagan: bu yerda uch mamlakat – Lyuksemburg, Fransiya va Germaniya chegaralari tutashgan.

Mazkur kelishuv 1995 yilga kelibgina kuchga kirdi, 1999 yilda esa Yevropa Ittifoqining Shengen qonunchiligiga aylanib, o‘z kuchini yo‘qotdi.

Mavzuga oid