O‘zbekiston | 15:06 / 09.09.2024
9002
2 daqiqa o‘qiladi

3 ta vazirlikning qariyb 400 nafar boshqaruv xodimi tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgan

Aksilkorrupsiya agentligi o‘tkazgan o‘rganishlarda, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi va Qishloq xo‘jaligi vazirliklarida ishlayotgan 398 nafar boshqaruv xodimlari tadbirkorlik sub’yektlarida ta’sischilik asosida faoliyat yuritayotgani aniqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi vazirlik va idoralar, davlat muassasalari va tashkilotlar xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish holatlari yuzasidan o‘rganish o‘tkazdi.

Agentlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘rganishlarda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi, Suv xo‘jaligi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirliklari va ularning tizim tashkilotlari o‘rganilganda ularda faoliyat yuritayotgan 398 nafar boshqaruv xodimi 449 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi. Jumladan:

  • Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 93 nafar boshqaruv xodimi 112 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Suv xo‘jaligi vazirligining 26 nafar boshqaruv xodimi 35 ta tadbirkorlik sub’yektida;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligining 279 nafar boshqaruv xodimi 302 ta tadbirkorlik sub’yektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelgan.

Agentlikka ko‘ra, yuqoridagi holatlarini bartaraf etish bo‘yicha vazirliklarga taqdimnomalar kiritilib, qayd etilgan qonun-buzilishi holatlariga chek qo‘yilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi «agar fuqarolar korrupsiyaga duch kelsa, 1253 «Call markazi» yoki eanticor.uz elektron platformasi orqali murojaat qilishi»ni so‘ragan.  

Mavzuga oid