Surxondaryo viloyati sudining sudya katta yordamchisi xizmat mavqeidan foydalangan holda boylik orttirmoqchi bo‘ldi, deya xabar tarqatdi Davlat xavfsizlik xizmati.
Ma’lum qilinishicha, sudya yordamchisi JIB Angor tuman sudi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishi bo‘yicha 2 nafar sudlanuvchiga nisbatan aniqlangan 6,3 mlrd so‘mlik zarar miqdorini qayta baholash to‘g‘risida sud ajrimi chiqarish orqali kamaytirib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlatish va dastlabki tergov davrida qo‘llanilgan “qamoq” ehtiyot chorasini bekor qildirishni va’da bergan.
Evaziga sudlanuvchilarning qarindoshidan 53 ming dollar olgan vaqtida, DXX va prokuratura organlari xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Hozirda sudya yordamchisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi va 28,211-moddasi (pora berish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.









