Fuqaro va tadbirkor «yemagan somsasiga pul to‘lamoqda». Qoraqalpog‘iston jinoyat sudining ajrimi adolatlimi?
Tahririyat qoraqalpog‘istonlik fuqaro Alibek Amanovning jinoyat sudlari tomonidan chiqarilgan noqonuniy hukm va ajrimlar ortidan moddiy va ma'naviy ziyon ko‘rib kelayotgani haqidagi murojaatiga e'tibor qaratdi.
Noqonuniy hukm ortidan ko‘rilgan mulkiy zarar
Alibek Amanov «Mikrokreditbank» aksiyadorlik tijorat bankining Mang‘it filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlab kelardi. U uch yil oldin ishining orqasidan jinoiy javobgarlikka tortiladi. U jinoyat ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudning 2017 yil 17 fevraldagi hukmi bilan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi (Mansab soxtakorligi), 205-moddasi (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 243-moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan aybli deb topiladi hamda tegishli jazo tayinlanadi.
Oqibatda Amanovning otasi rahbarligidagi «Amanov Jamshidbek» dehqon xo‘jaligi balansida bo‘lgan, 2015 yilda ishlab chiqarilgan «Kobalt» rusumli avtotransport vositasi davlat foydasiga o‘tkaziladi.
Amanov tomonidan hukmdan norozi bo‘lib kiritilgan shikoyat Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 sentyabrdagi ajrimi bilan o‘zgarishsiz qoldiriladi.
A.Amanov sud hukmi noqonuniy ekanligiga shubha qilmagan holda haqiqat uchun kurashni davom ettiradi. Oliy sudning 2018 yil 6 dekabrdagi ajrimi bilan kassatsiya instansiyasining 2017 yil 14 sentyabrdagi ajrimi bekor qilinadi. Jinoyat ishini ko‘rishda O‘zbekiston Respublikasi JPKng qator moddalari, Oliy sudi Plenumi qarorlarining qator bandlari qo‘pol ravishda buzilgani bois oldin chiqarilgan ajrim qonuniy va asosli emasligi ko‘rsatilib, yangidan kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun yuboriladi.
Ish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jinoyat ishlari bo‘yicha sudi kassatsiya instansiyasida yangidan, boshqa sudyalar tarkibida qayta ko‘rib chiqiladi. Shu sudning 2019 yil 6 martdagi (lekin ajrimdagi ko‘rsatilgan sana «2017 yil 6 mart» deb xato yozilgan – tahr.) ajrimi bilan sud hukmining ayrim qismlari noqonuniy bo‘lgani e'tirof etiladi.
Jumladan, Alibek Amanovning JK 167-moddasi 2-qismining «a,v,g» bandlaridagi aybi JKning 205-moddasi 1-qismiga qayta kvalifikatsiya qilinadi. Uning aybidan noqonuniy qo‘yilgan JKning 243-moddasi, ya'ni jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishda ifodalangan qismi chiqarib tashlanadi.
Noqonuniylikdan adolatsizlikka
Sud masalani uning foydasiga hal etgan bo‘lsa-da, A.Amanov bu ajrimdan ham norozi. Chunki, sud tadbirkor mulki bo‘lgan «Kobalt» avtomashinasini qaytarish emas, balki buning o‘rniga hukm chiqqan vaqtdagi, ya'ni 3 yil avvalgi bahosida pul mablag‘i berilishini lozim topgan.
Mazkur ajrimni adolatli deyish mumkinmi? Shu haqida mulohaza yuritib ko‘ramiz.
Jinoyat-protsessual kodeksida shunday qoida bor: sudning hukmi qonuniy, asosli va adolatli bo‘lishi shart. Qonun qog‘ozda yozilgan gaplar bilan o‘lchanadi, adolat esa insof, vijdon, insonparvarlik, iymon bilan o‘lchanadi. Qonunda hujjatdagi yozuvlarga, adolatda esa ayni paytdagi real sharoit, holat va vaziyatga qaraladi.
E'tibor qarating, bu hikoyadagi «Kobalt» mashinasi 2017 yilda 35,1 mln. so‘mga baholangan bo‘lishi mumkin. Aynan shunday mashinalarning bugungi kundagi bozor bahosi esa sud tadbirkor nomiga qaytarayotgan summadan ikki yoki uch barobar ko‘pligi hech kimga sir emas. Keling, shu yerda so‘zimizni asoslashga urinib ko‘ramiz: olx.uz va avtoelon.uz elektron savdo maydonchalarida, xuddi shu tadbirkornikidek «Kobalt» rusumli, 2015 yilda ishlab chiqarilgan «2-pozitsiya yevro» seriyadagi avtomashinaning bugungi kundagi bahosi 76 mln so‘mdan (8000 dollar) 100 mln so‘mgacha (10500 dollar) bo‘lmoqda. Amanovga esa u sodir etmagan jinoyati uchun bir vaqtlar olib qo‘yilgan avtomashinasining bugungi kundagi real bahosining yarmidan ham kamroq bo‘lgan pulni qaytarishmoqchi. Bu adolatdanmi?!
Mulk qaytishga tayyor, lekin «dokument chatoq»
Jinoyat-protsessual kodeksining 303-moddasi ikkinchi qismida qisman reabilitatsiya etish ayblanuvchiga yoki mahkumga yetkazilgan mulkiy ziyonning asossiz qismi qoplanishiga va ma'naviy ziyon oqibatlarining asossiz qismi bartaraf qilinishiga sabab bo‘ladi, deb belgilab qo‘yilgan.
Mazkur kodeksning 304-moddasi birinchi qismi 3-bandiga ko‘ra, sudning hukmiga asosan musodara qilingan yoxud davlat foydasiga o‘tkazilgan ashyolar yoxud boshqa mol-mulkning qiymati qoplanishi lozim.
Masalaning eng ahamiyatli jihati ham shundaki, noqonuniy hukm bilan Amanovning otasi, tadbirkor A.Amanovdan tortib olingan mulk Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 2 avgustdagi 841-F-sonli farmoyishi bilan MIB ixtiyoriga o‘tkazilgan. Shu farmoyishning 3-bandida bordi-yu, sud qarori avtotransport vositasini qaytarishni nazarda tutadigan tarzda o‘zgarsa yoki bekor bo‘lsa ushbu mulk yoki uning qiymati egasiga qaytarilishi lozimligi ko‘rsatilgan. Bugungi kunda ushbu avtomashina auksionlarda sotib yuborilgani yo‘q, balki u MIB ixtiyorida qolmoqda. Biroq, sud ajrimida aynan «Kobalt» emas, balki uning o‘rniga pul qaytarilishi belgilangani tadbirkorning va Amanovning buzilgan huquqlari to‘la tiklanishiga xalal bermoqda.
«Davlat daromadiga o‘tkaziladigan mol-mulkni olib qo‘yish, sotish yoki yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risida»gi nizom (№VMQ-200, 15.07.2009 y.)ning 58-bandida «mol-mulk hali sotilmagan, yo‘q qilib tashlanmagan yoki qayta ishlashga topshirilmagan bo‘lsa, uni qaytarish vakolatli organ yoki davlat ijrochisi tomonidan, mol-mulkni qaytarish to‘g‘risidagi ariza berilgan kundan boshlab o‘n kun muddatda amalga oshiriladi», deyilgan.
Ko‘rib turganimizdek, tadbirkorning «Kobalt»ini qaytarib berish uchun qonunlarda xech qanday cheklov yo‘q. Aksincha, mas'ul idoralar kerak bo‘lsa undan uzr so‘rab, noqonuniy ayblanishi va mulki tortib olinishi ortidan ko‘rilgan barcha moddiy va ma'naviy zararlarni qoplash choralarini ko‘rish kerak, nazarimizda. Yoki davlat idoralari shu besh yillik eskirgan mashina, ta'bir joiz bo‘lsa – birovning haqiga qarab qolganmi?
Ushbu holatga Oliy sud o‘zining munosib bahosini berishiga umid bildirib qolamiz.
Dilshod Abduqodirov
Mavzuga oid
22:25 / 12.11.2024
Sud Pop tumani hokimining o‘g‘lini qamoqqa qaytardi
10:16 / 12.11.2024
Farg‘onada tanishini o‘ldirib, uyiga o‘t qo‘ygan ayolga hukm o‘qildi
08:48 / 09.11.2024
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organi qarzni sudda undirishda oldindan davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi
19:12 / 31.10.2024