Jamiyat | 21:10 / 16.10.2018
42384
1 daqiqa o‘qiladi

Kattaqo‘rg‘on tumani hokimiyati binosining tom qismi odamlar ustiga uchib tushdi. Bir kishi halok bo‘lgan

15 oktabr kuni soat 12:00 atrofida Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumani hududida kuzatilgan kuchli shamol natijasida tuman hokimiyati binosining tom qismi pastga qulab tushdi.

«Kun.uz» manbasi ma'lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida hokimiyat hovlisida bo‘lgan kishilardan biri halok bo‘lgan. U tumandagi «Tarnov» mahallasi, Tarnov qishlog‘ida yashovchi, 1958 yilda tug‘ilgan Mardon Qodirov edi.  

Shuningdek, «Burgansoy» mahallasi, Mavlon qishlog‘ida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro Shahobiddin Fayziyev tan jarohati olib, tuman tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan. 

Voqea joyiga viloyat FVB, IIB, IIB YoXB rahbarlari, shuningdek qutqaruv tuzilmalari yetib borib, jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatgan.

Ayni vaqtda tuman hokimiyati tom qismi to‘liq tozalanib, hodisa oqibatlari bartaraf etilgan.

Mavzuga oid