Jahon | 10:57 / 22.10.2016
10596
3 daqiqa o‘qiladi

Oq uy: Duterte AQSh xususida haddan ortiq salbiy bayonotlar bermoqda

Foto: © Fotolia

Amerika ma'muriyatining fikricha, Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Qo‘shma Shtatlar bilan aloqalarga oid xavotirlarga sabab bo‘luvchi ko‘plab bayonotlar bermoqda. Oq uy matbuot kotibi Joshua Ernest Dutertening AQSh bilan xayrlashishga tayyorligi xususida bergan so‘zlarini izohlar ekan, shunday fikrni bildirgan. 

"AQSh bilan 70 yillik aloqalar bog‘lab turuvchi davlat rahbari bo‘lish sizga ma'lum bir majburiyatlarni yuklaydi. Shu jumladan siz oshkora bayonotlar berish oqibatini yaxshi tushunishingiz kerak bo‘ladi. Biz so‘nggi bir necha oylar mobaynida prezident Dutertening tashvish uyg‘otuvchi so‘zlarini ko‘p eshitayapmiz", - deb qayd etgan Amerika rahbari ma'muriyatining matbuot kotibi. 

AQSh hukumati nuqtai-nazariga ko‘ra, Dutertening bayonotlari Amerika-Filippin munosabatlarida "keraksiz noaniqlikni paydo qiladi". 

Ammo, Duterte Amerikaga qarshi qaratilgan so‘zlarni aytayotganiga qaramay, Vashingtonda hozircha mavjud ikki tomonlama munosabatlarni uzish bo‘yicha "Filippin hukumatidan bu borada aniq bayonotlarni eshitishmagan".  Bundan tashqari, Dutertening so‘zlarini "uning hukumatidagi boshqa yuqori lavozimli mulozimlar yumshatishgan". 

Shu munosabat bilan Manilaga tashrif buyurayotgan AQSh Davlat kotibining Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasi ishlari bo‘yicha o‘rinbosari Deniyel Rassel, ikki tomonlama munosabatlarda vujudga kelayotgan vaziyatni Filippin rahbarlari bilan muhokama qilishni rejalashtirgan. 

Joshua Ernest, shuningdek, AQSh Filippin bilan mavjud "alyans doirasida o‘z majburiyatlarini" bajaradi. "Biz Filippin davlati ham shunday yo‘l tutishini kutib qolamiz", - deya qo‘shimcha qilgan Oq uy matbuot kotibi.
 
Vashington va Manila 1951 yilda o‘zaro mudofaa to‘g‘risidagi bitimni imzolagan.  

Avval xabar berganimizdek, Filippin prezidenti Rodrigo Duterte Xitoyga tashrifi chog‘ida uning mamlakati AQSh bilan «xayrlashadigan vaqt» kelganini qayd etgan edi.

Duterte rasmiy Manilaning G‘arb ko‘rsatmasiga monand tashqi siyosiy yo‘nalishidan «bo‘g‘zigacha to‘ygani» bois, uni o‘zgartirish niyatida ekanini ta'kidlagan edi. U shuningdek, AQShga boshqa bormasligini, chunki «u yerda faqat haqoratlanishi»ni bilishini aytgandi. So‘ngra, so‘kong‘ich Duterte Obamani yana bir bor siylab «fohishaning o‘g‘li» deb atagandi.

Shundan so‘ng, AQSh Davlat departamenti Filippin prezidentining munosabatlarni uzish to‘g‘risidagi bayonoti nimani anglatishi yuzasidan izoh talab qilishini bildirgandi. 

Толиб Раҳматов
Tayyorlagan Толиб Раҳматов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid