Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha 2014 yildan buyon Rossiyaning ehtimoliy bosqiniga tayyorlanib keladi
Endi bu davlat Yevroittifoqdagi eng yirik harbiy derjavadir.
Foto: Sean Gallup / Getty Images
So‘nggi yillarda Rossiyaning Yevropaga tobora kuchayib borayotgan tajovuzkorligi fonida Polsha o‘z mudofaasini sezilarli darajada mustahkamladi – 2024 yilda uning qurolli kuchlari Yevropaning NATOga a’zo mamlakatlari orasida eng yirigiga aylandi. Hozirda bu armiyada 210 mingdan ortiq harbiy bor. Bu Germaniya, Fransiya yoki Buyuk Britaniyanikidan ko‘proq. Polsha harbiy xizmatchilar soni bo‘yicha NATO mamlakatlari orasida faqat AQSh va Turkiyadan ortda qoladi, deya yozadi The Wall Street Journal Polsha mudofaasiga bag‘ishlangan katta maqolasida.
2014 yildan boshlab Varshava o‘z qurolli kuchlari sonini ikki baravarga, harbiy xarajatlarni yalpi ichki mahsulotning deyarli 5 foizi miqdorida oshirdi: 2025 yilda buning uchun YaIMning 4,7 foizi yo‘naltirilgan, 2026 yilda bu miqdor 4,8 foizga yetishi rejalashtirilgan. Bu Shimoliy Atlantika alyansiga a’zo bo‘lgan 32 mamlakat orasida eng yuqori ko‘rsatkichdir.
Polsha 2023-2024 yillarda 50 million dollarlik xarid bilan Amerika qurollarining eng yirik sotib oluvchisi bo‘lgan. Harbiy xarajatlari tufayli Polsha AQSh prezidenti Donald Trampning e’tiborini qozongan. Polshaning yangi prezidenti Karol Navrotskiy bilan uchrashuvda Tramp Polshani qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, u Yevropaning boshqa mamlakatlariga doim ham bunday e’tibor ko‘rsatmaydi. «Biz Polshani to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va unga o‘zini himoya qilishga yordam beramiz», – dedi Tramp. AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset 2025 yil boshida Varshavaga tashrifi chog‘ida Polshani «namunali ittifoqchi» deb atagandi.
Polsha hukumati Rossiya Vladimir Putin rahbarligida Sharqiy Yevropadagi an’anaviy ta’sir doirasini tiklashga intilmoqda, deb hisoblaydi. Rossiyaning Ukrainaga, endi esa Yevropaga qarshi harakatlari, WSJ yozishicha, polshalik siyosatchilarni ularning mamlakati yana o‘t ochish chizig‘iga tushib qolganidan asabiylashishga majbur qilmoqda. Ammo bu safar, nashrning ta’kidlashicha, Polsha tayyor bo‘lishni xohlaydi.
«Bu bizning urush», – dedi Polsha bosh vaziri Donald Tusk sentabr oyida xavfsizlik bo‘yicha Varshava forumida Rossiya-Ukraina urushi haqida gapira turib. U Polsha o‘z qurolli kuchlarini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishga qaror qilganini ta’kidladi va Yevropaning boshqa davlatlarini ham shunday qilishga chaqirdi. Tusk bu nafaqat Kiyevni qo‘llab-quvvatlash uchun, balki NATOga a’zo mamlakatlarning kelajagi va xavfsizligi uchun ham zarurligini ta’kidladi.
2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilib, Donbassda urush boshlaganidan so‘ng Varshava Moskva bilan ehtimoliy urushga tayyorgarlik ko‘ra boshlagan. Polsha harbiy strateglari bir yil davomida eng yomon ssenariylarni tahlil qilishgan, shundan so‘ng ular qo‘shinlar sonini tezda ko‘paytirish va qurol sotib olish hajmini oshirish orqali qurolli kuchlarni isloh qilishga kirishgan.
Yevropaning boshqa davlatlari «boshqa kimdir birinchi qadamni qo‘yishini kutishdi», degandi Polsha mudofaa vaziri o‘rinbosari, 2018 yilgi islohotlar oldidan o‘tkazilgan mudofaa bo‘yicha strategik sharhga mas’ul bo‘lgan Tomash Shatkovski. «Oxir-oqibat biz nafaqat sharqiy qanotning qolgan davlatlaridan, balki NATOning aksariyat Yevropa davlatlaridan ham oldinga chiqib qoldik», – degandi Shatkovski.
2018 yilgi islohotlardan keyin tashkil etilgan birinchi bo‘linma 18-mexanizatsiyalashgan diviziya bo‘lib, u yuqori jangovar tayyorgarlik holatida. Polsha yana ikkita shunday bo‘linma tuzmoqda. Bundan tashqari, mamlakat o‘n minglab harbiylardan iborat o‘z hududiy mudofaa kuchlarini yaratdi.
Polsha uchun ustuvor vazifa – askarlarni o‘qitish. Sentyabr oyida 30 ming harbiy, jumladan, 18-diviziya AQSh va Niderlandiya qurolli kuchlari bilan birgalikda «Temir himoyachi» nomli mashg‘ulotlarida qatnashdi, unda polshalik askarlar Amerikaning Abrams tanklari, Janubiy Koreyaning baravar o‘t ochish reaktiv tizimlari, HIMARS raketa tizimining Polshadagi modifikatsiyasidan (Ukraina Rossiyaga qarshi urushda shunday tizimlardan foydalanadi) foydalanishni mashq qildi.
Polsha Rossiya bilan ziddiyat yuzaga kelgan taqdirda NATO mudofaasining markaziy elementi hamda Boltiqbo‘yi davlatlari –Estoniya, Latviya va Litva uchun muhim hamkor vazifasini bajaradi, deb yozadi The Wall Street Journal.
Polsha Rossiyaning Kaliningrad eksklavi bilan ham, Moskvaning yaqin ittifoqchisi Belarus bilan ham chegaradosh. «Inqiroz yuzaga kelgan holatda Boltiqbo‘yi mamlakatlari mudofaasi AQSh tomonidan kuchaytirilgan Polsha qurolli kuchlari Kaliningrad va Belarusda [Rossiya qo‘shinlariga] qanchalik qarshi tura olishiga bog‘liq bo‘ladi», – deb hisoblaydi Polsha mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Tomash Shatkovski.
Polsha mojaro yuzaga kelganda joylashtirilishi mumkin bo‘lgan ko‘p sonli NATO harbiylarini qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘lish uchun o‘zining logistika imkoniyatlarini ham yaxshiladi. Polsha buning uchun ba’zi fuqarolik samolyotlarini modernizatsiya qilmoqchi.
Ammo Polshaga o‘z qurolli kuchlarini mustahkamlash qimmatga tushmoqda, deya ta’kidlaydi WSJ. Yaqin yillarda mamlakat yalpi ichki mahsulotining o‘sishi 3 foizni tashkil etishi kutilayotganiga qaramay, zamonaviy qurol-yarog‘ tizimlarini qo‘llab-quvvatlash xarajatlari Polshaning mudofaa budjetidan oshib ketishi mumkin.
Hozirda Polsha Germaniya bilan Berlin Ikkinchi jahon urushi paytida yetkazilgan zarar uchun tovon sifatida Polsha mudofaa xarajatlarining bir qismini qoplashi variantini muhokama qilmoqda. Germaniya tomoni bu Polshaning tovon talablariga chek qo‘yishiga va ikkala davlatni mudofaa sohasida teng sharoitga qo‘yishiga umid qilmoqda. «Nemislar uchun reparatsiya masalasi toksik masaladir. Polsha orqali sharqiy qanot xavfsizligini ta’minlash mas’uliyati esa bunday emas», – deydi Polshaning Germaniya va AQShdagi sobiq elchisi Yanush Reyter.
Mavzuga oid
12:10 / 13.12.2025
Belarusdan yerosti tunneli orqali Polshaga 180 nafardan ortiq noqonuniy migrant kirib keldi
15:31 / 11.12.2025
Polsha dron texnologiyalari evaziga Kiyevga MiG-29 samolyotlarini berish niyatida
13:53 / 11.12.2025
Polshadagi NATO havo himoyasi missiyasi Niderlandiyaga topshirildi
14:31 / 03.12.2025