Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Polsha dron texnologiyalari evaziga Kiyevga MiG-29 samolyotlarini berish niyatida
Kiyevga MiG-29 samolyotlarini berish Ukrainaga ittifoqchilar tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlov siyosatining bir qismi hisoblanadi, deya ta’kidladi Polsha Qurolli kuchlari Bosh shtabi. Mamlakat mudofaa vaziri qayd etishicha, buning evaziga Varshava dronlar va raketalar sohasidagi texnologiyalarga ega bo‘ladi.
Foto: Sergey Bobylev/ TASS
Polsha Rossiya tajovuzidan mudofaalanayotgan Ukrainaga MiG-29 harbiy samolyotlarini berish masalasida Kiyev bilan muzokaralar olib bormoqda. Bu haqda Polsha mudofaa vaziri Vladislav Kosinyak-Kamish chorshanba, 10 dekabr kuni Trojka radiosi efirida ma’lum qildi. Uning aytishicha, Varshava ushbu muzokaralarni iloji boricha tezroq yakunlashni istaydi.
Polsha vazirining so‘zlariga ko‘ra, ma’lum vaqt o‘tgach, MiG-29 samolyotlari xizmat muddati tugagani sababli Polsha harbiy-havo kuchlari tarkibidan chiqariladi.
«Biz Ukraina bilan MiG-29 samolyotlarini berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqdamiz. Bir vaqtning o‘zida Polshaning texnologiyalarni — masalan, dron texnologiyalarini olishi haqida ham gaplashyapmiz. Bu hamkorlik ikki tomonlama bo‘lishi kerak», — dedi Kosinyak-Kamish.
O‘z navbatida, Polsha Qurolli kuchlari Bosh shtabi ehtimoliy ravishda Kiyevga samolyotlar berilishi ushbu modellar sovet davrida ishlab chiqilgani va ularni modernizatsiya qilish istiqbollari yo‘qligi bilan bog‘liq ekanini aniqlashtirdi.
Polsha Bosh shtabida ma’lum qilinishicha, Ukraina tomoni bilan muzokaralarda Varshavaga dronlar va raketalar sohasidagi ayrim alohida texnologiyalarni berish masalasi ham muhokama qilinmoqda.
9 dekabr kuni kechqurun e’lon qilingan bayonotda ta’kidlanishicha, Kiyevga MiG-29 jangovar samolyotlarini topshirishga «Ukrainani qo‘llab-quvvatlash va NATOning sharqiy qanoti xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha ittifoqchilar siyosatining bir elementi» sifatida qaralmoqda.
Rejaga ko‘ra, Polshada foydalanishdan chiqariladigan MiG-29 samolyotlari o‘rniga Amerikada ishlab chiqarilgan F-16 harbiy samolyotlari va Janubiy Koreyaning FA-50 uchoqlari keltiriladi. Bundan tashqari, Polsha AQShdan 32 ta F-35 ko‘p maqsadli zamonaviy jangovar samolyot olishni kutmoqda.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda Polsha Qurolli kuchlari ixtiyorida 14 ta MiG-29 samolyoti qolgan.
Mavzuga oid
22:35
AQSh Ukrainada dunyodagi eng yuqori texnologiyali demilitarizatsiya zonasini yaratishga va’da berdi
16:46
Zelenskiy ofisi rahbarligiga 5 nomzod. Bu haqida nimalar ma’lum?
15:58
UXX Odessada RFning «yashirin floti» kemasi qo‘lga olingani haqida xabar berdi
13:53