O‘zbekiston KXShTga qaytish masalasi ko‘rib chiqilmayotganini tasdiqladi
O‘zbekiston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga qaytish masalasini ko‘rib chiqayotgani yo‘q, deb ma'lum qildi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev.
«KXShT masalasi kun tartibiga qo‘yilmagan. Biz mavzuni muhokama qilganimiz yo‘q», – dedi u juma kungi matbuot anjumanida.
Rossiya Federatsiyalar kengashi raisi Valentina Matviyenkoning O‘zbekistonga tashrifiga bag‘ishlab o‘tkazilgan anjumanda bildirilishicha, O‘zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqiga qo‘shilish masalasini 3 yildan buyon ko‘rib chiqmoqda va bu borada hozircha yakuniy qarorga kelinmagan. Jahon Savdo Tashkilotiga a'zo bo‘lish bo‘yicha muzokaralar esa faol davom etmoqda. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Yevropa Ittifoqi bilan yangi hamkorlik kelishuvini 2020 yil boshida imzolashga umid qilyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2 oktabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘lgan Valentina Matviyenko ham uchrashuvda KXShT masalasi ko‘tarilmaganini aytgan edi. Shunday bo‘lsa-da, u «tashkilot eshiklari O‘zbekiston uchun ochiq»ligini qo‘shimcha qilib o‘tgan.
Ma'lumot o‘rnida, O‘zbekiston MDH xavfsizligini ta'minlashni nazarda tutgan ushbu tashkilotdan 1999 yilda chiqib ketgan va 2006 yil avgustida yana qayta a'zo bo‘lib kirgan edi.
KXShTni barpo etish haqidagi bitim 1992 yilning may oyida Toshkentda imzolangan, unga sobiq Sovet Ittifoqining to‘qqiz respublikasi a'zo bo‘lib kirgan. Hozirda bu tashkilotga Armaniston, Belorus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston a'zo bo‘lib qolmoqda.
Mavzuga oid
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
15:50 / 04.11.2024
KXShT bosh kotibi: Dunyoda kuchayib borayotgan chaqiriq va tahdidlarga davlatlar yakka o‘zi tura olmaydi
15:20 / 26.10.2024
«O‘zbekistonning BRICS'ga a’zo bo‘lishi kun tartibida emas» – Sodiq Safoyev
15:00 / 19.10.2024