O‘zbekiston | 14:16 / 24.07.2020
22489
5 daqiqa o‘qiladi

Prezident sudlar faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha farmon imzoladi

Prezident tomonidan “Sudlar faoliyatini yanada takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi.

Farmonda sud tizimini takomillashtirish va odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan quyidagi tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutilgan:

1. Viloyat darajasidagi fuqarolik, jinoyat va iqtisodiy sudlari birlashtirilib, ularning negizida sudyalarning qat'iy ixtisoslashuvini saqlab qolgan holda yagona umumyurisdiksiya sudlarini tashkil etish;

hozirgi kunda har bir viloyat sudida 4 tadan 15 tagacha sudyalar faoliyat yuritayotgan bo‘lsa, yangi tashkil etilayotgan umumyurisdiksiya sudlarida 19 tadan 47 tagacha sudya ishlaydi.

Viloyat sudlarida sudyalar sonining kamligi ishlarning bir viloyatdan ikkinchisiga 20 mingdan ortiq ishlarning olib berilishiga, natijada fuqarolarning sarsongarchiligiga sabab bo‘lgan.

2. Ilg‘or xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikada samarali ma'muriy odil sudlov tizimini yaratish. Bunda:

ma'muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish vakolati jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga o‘tkaziladi;

tuman (shahar) ma'muriy sudlari tugatilib, ularning negizida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo ma'muriy sudlar tashkil etiladi.

199 ta tuman (shahar) ma'muriy sudlari maqbullashtirilib, viloyat markazlarida 14 ta tumanlararo ma'muriy sudlar tashkil etiladi.

3. Sudda ishlarni ko‘rishda inson huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va taraflarning tortishuvchanlik tamoyilini amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda dastlabki eshituv institutini joriy etish.

2019 yilda 469 ta ish sudda bir necha oy ko‘rilgandan keyin dastlabki tergovdagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun prokurorga qaytarilgan. Endilikda ishni sudga tayinlash jarayonida 7 sutka ichida sudya mazkur masalani hal etishi mumkin bo‘ladi.

4. Prokurorning sudda ish ko‘rilishi jarayonida ishtirok etish tartibi ilg‘or xalqaro standartlarga moslashtirilmoqda. Jumladan:

Prokuror sud jarayonida ayblovdan voz kechgan taqdirda, reabilitatsiya asoslariga ko‘ra jinoyat ishini tugatish;

prokuror tomonidan taraflar murojaati mavjud bo‘lgan holdagina, suddan ishni o‘rganish uchun chaqirib olish;

prokurorning fuqarolik va iqtisodiy ishlarning ko‘rilishida o‘z tashabbusi bilan ishtirok etishini chegaralash nazarda tutilmoqda.

5. Ortiqcha sud bosqichlarini bekor qilish orqali sud tizimiga “bir sud – bir instansiya” tamoyilini joriy etish. Xususan: 

sud ishlarini nazorat tartibida ko‘rish instituti tugatiladi;

BMTning maxsus ma'ruzachisi D.Garsiya-Sayyan, Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro ekspertlar nazorat instansiyasi mavjudligini jiddiy tanqid qilgan.

bir sudda ishlarni ikki bosqichda (birinchi hamda apellyatsiya yoki kassatsiya) ko‘rish amaliyotiga barham beriladi.

2019 yilning o‘zida ayni bir viloyat sudida birinchi va apellyatsiya (kassatsiya) instansiyasida ko‘rilgan ishlarning 13 mingga yaqini Oliy sudda o‘zgartirilgan yoki bekor qilingan.

6. Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni va raqobatga oid ishlarni ko‘rish bo‘yicha alohida sudlov tarkibini tuzish.

2019 yilning o‘zida iqtisodiy sudlar tomonidan chet el investorlari bilan bog‘liq 3 mingga yaqin, raqobatga oid 30 dan ortiq ishlar ko‘rilgan.

7. Sud tizimining sudyalari va xodimlarining moddiy ta'minoti 2021 yil 1 yanvardan boshlab to‘liq Davlat budjetiga o‘tkaziladi va ularning ish haqi oshiriladi.

8. Tegishli tuman (shahar) aholi sonidan va sudlarning haqiqiy ish hajmidan kelib chiqqan holda:

4 ta tuman iqtisodiy sudlari tugatilmoqda;

Amudaryo, Nurobod, Boysun va Pastdarg‘om.

5 ta tuman fuqarolik sudlari tashkil etilmoqda;

Yangiyo‘l, Urgut, So‘x, Xatirchi va Paxtakor.

4 ta tuman jinoyat sudlari tashkil etilmoqda.

Bo‘zatov, Taxiatosh, Bandixon va Tuproqqal'a

Farmon sud himoyasini ta'minlashdagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etishga, sud qarorlarini qayta ko‘rishning bir-birini takrorlovchi bosqichlarini bekor qilishga, investorlar huquqlarining ishonchli sud himoyasida bo‘lishini ta'minlashga, shuningdek sud organlarining amaldagi tuzilishini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid