O‘zbekiston | 21:46 / 12.12.2025
8463
8 daqiqa o‘qiladi

«Elektron retsept». SSV jamoatchilikni qiziqtirayotgan muhim savollarga javob qaytardi

Toshkent shahri va 15 ta sinov hududidagi dorixonalarda «Elektron retsept» sinov loyihasi joriy etilgach, ijtimoiy tarmoqlarda tushunmovchiliklar yuzaga keldi. 12 dekabr kuni vazirlikda shifokorlar, farmatsevtika vakillari va IT mutaxassislardan iborat ishchi guruh yig‘ilishi o‘tkazildi. Vazirlik matbuot xizmati jamoatchilikda tug‘ilgan qator savollar yuzasidan tushuntirish berdi.

Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 8 sentabrdagi tegishli qaroriga muvofiq, tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi belgilandi. Unga ko‘ra, yangi tizim 2025 yil 10 dekabrdan faqat Toshkent shahri hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)da yo‘lga qo‘yildi.

Ayni paytda ushbu mexanizm yuzasidan jamoatchilikda ko‘plab savollar tug‘ilmoqda.

Shundan kelib chiqib, Sog‘liqni saqlash vazirligi ishchi guruhi aholini qiziqtirayotgan savollarga javoblarni taqdim etdi.

Savol: Bugungi kunda «Elektron retsept» tizimiga nechta tibbiyot tashkiloti va dorixona ulangan?

Javob: Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasiga qarashli jami 152 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 496 ta dorixonaning barchasi to‘liq «Elektron retsept» tizimiga ulangan. Hozircha poytaxtdagi mavjud 1 945 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 796 tasi (41 foiz) ushbu tizimga integratsiya qilingan.

Tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta hududda (Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Chortoq, Kitob, Xatirchi, Denov, Bulung‘ur, Ishtixon, Shovot, Chimboy, Quva, Sirdaryo tumanlari hamda Yangiyo‘l, Samarqand shaharlari) jami 383 ta davlat tibbiyot tashkiloti va 1 319 ta dorixonaning barchasi, mavjud 858 ta xususiy tibbiyot tashkilotidan 547 tasi (64 foiz) ushbu tizimga ulangan.

Mazkur hududlardagi qolgan xususiy klinikalar esa retsept yozilmasligi, faoliyati to‘xtatilgani kabi sabablar bilan tizimga ulanmagan.

Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi xususiy klinikaga murojaat qilgan bemor retseptni qanday oladi?

Javob: Bu holatda bemorlar o‘zi biriktirilgan oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorga yoki shoshilinch tibbiyot muassasalariga murojaat qilishlari mumkin.

Savol: Hozir retseptli dorilarning necha foizi elektron shaklda beriladi?

Javob: Bugungi kunda retseptli dorilarning 98,9 foizi elektron shaklda beriladi. 1,1 foizi, ya’ni alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari an’anaviy shaklda (maxsus retsept blanka) beriladi.

Savol: Yangi tizim joriy qilingan hududlardagi hamma shifokorlar retsept yozish uchun zarur uskunalar bilan ta’minlanganmi? Tizimni ishga tushirishdan avval ularning taklif va tavsiyalari inobatga olinganmi

Javob: Toshkent shahar va tajriba-sinov loyihasi joriy qilinayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi davlat tibbiyot muassasalari retsept yozish uchun zarur bo‘lgan 9 turdagi uskunalar axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (monoblok, planshet, chek-printer va tarmoq qurilmalari) bilan ta’minlangan.

«Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi to‘g‘risida»gi Nizom tibbiyot muassasalari xodimlari takliflari asosida shifokorlardan iborat Ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan.

Savol: Retsept bilan sotiladigan dorilar ro‘yxati qaysi mezonlar asosida shakllantirilgan?

Javob: Dori vositalari retsept bilan yoki retsepsiz berilish tartibini belgilash ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish davrida aniqlanib, tegishli yo‘nalishdagi shifokor mutaxassislar tomonidan xulosalar rasmiylashtirib tasdiqlanadi.

Bunda:

  • original dori vositasining qanday tartibda berilishi tasdiqlanganligiga;
  • ushbu dori vositasi ishlab chiqaruvchi davlatning tegishli organi tomonidan qanday tartibda tibbiyot amaliyotida qo‘llashga ruxsat berilganligiga;
  • uning faol moddasining dozasi, dori shakli va qo‘llanish usuli hamda qadoqdagi soniga ham bog‘liq.

Shuni ta’kidlash joizki, faol moddalar, xususan, paratsetamol, ibuprofen saqlovchi kombinirlangan dorilar retsept bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llanishi mumkin. Chunki ushbu dori moddalarining boshqa faol moddalar bilan kombinatsiyalari farmakologik xossalarini kuchaytirishi, nojo‘ya ta’sirlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Masalan:

– Askorbin kislotasi tabletka va drajyesi (dumaloq) retsepsiz, uning in’yeksion dori shakli esa retsept bilan beriladi.

– Paratsetamol yoki ibuprofen tabletkalari, yosh bolalar uchun ularni saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va bo‘g‘imlardagi og‘riqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar retsepsiz beriladigan dorilar qatoriga kiradi. Biroq 500 mg. dan ortiq paratsetamol, ibuprofen saqlovchi majmuaviy dorilar retsept bilan sotiladi.

Savol: Toshkent shahridagi ayrim dorixonalarda retsepsiz sotiladigan dorilarni xarid qilishning imkoni bo‘lmayapti...

Javob: Bu noto‘g‘ri. Chunki retsepsiz sotiladigan dorilar toifasiga shamollashga qarshi, isitmani tushirish, nazal spreylar, shamollash tufayli tanadagi og‘riqlarni bartaraf etish uchun ichiladigan bir komponentli dorilar, yosh bolalar uchun paratsetamol yoki ibuprofen saqlagan suspenziyalar, siroplar, bel va bo‘g‘imlardagi og‘riqlarda ishlatiladagan surtmalar va gellar kiradi. Bundan tashqari, allergiyaga qarshi, ich ketishida va qabziyatda qo‘llanadigan dorilar ham retsepsiz sotiladi.

Dorixonalardagi dorilarning retseptli yoki retsepsiz berilishi ularning qadog‘i va qo‘llash yo‘riqnomalarida ko‘rsatilgan bo‘lib, bu aholi va dorixona xodimlari uchun qulaylik yaratadi.

Toshkent shahri va 15 ta tajriba hududida joylashgan dorixonalarda joriy qilingan «Elektron retsept» tizimi doirasida vujudga kelayotgan murojaatlarni qabul qilish uchun @ssv_pilotbot telegram boti tashkil qilindi.

Savol: Dorixona xodimlari bilan «Elektron retsept»dan foydalanish bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilganmi?

Javob: Albatta, dorixonalarning 17 ming nafardan ortiq xodimlari «Elektron retsept» tizimi bilan ishlash bo‘yicha o‘qitildi. Bundan tashqari, onlayn o‘quv kurslari tashkil etildi hamda videodarsliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirildi.

Savol: Surunkali kasalligi bor bemorlar bu jarayonda qanday yo‘l tutadi? Har gal o‘zlariga kerakli dorilar uchun qayta retsept oladimi?

Javob: Surunkali xastaligi bor bemorlarga ambulator sharoitda retsept yozilganda, anabolik faollikka ega ayrim dori vositalari istisno tariqasida 60 kunlik, ba’zi dori vositalari esa 90 kunlik davolash kursiga yetarli miqdorda belgilanishi ko‘rsatilgan.

Shuningdek, bunday bemorlarga «Elektron retsept» bo‘yicha kafolatlangan paketga kiritilgan dori vositalari dorixonalar tomonidan reimbursatsiya dasturi asosida bepul beriladi.

Savol: Shoshilinch holatda bemorga tibbiy yordam ko‘rsatish zarur bo‘lsa, kerakli dori vositalarini qanday oladi?

Javob: Bunday bemorlarga shoshilinch holatlarda tez tibbiy yordam xizmati tomonidan 67 turdagi, shoshilinch qabul bo‘limlari va oilaviy poliklinikalarda 34 turdagi asosiy dori vositalaridan foydalangan holda tibbiy yordam ko‘rsatiladi.

Savol: Endi aholining tegishli dori vositalarini retsepsiz sotib ololmasligi hisobiga oilaviy poliklinikalar ish yuklamasi ortmaydimi?

Javob: Toshkent shahridagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 71 ta oilaviy poliklinika hamda tajriba-sinov loyihasi amalga oshirilayotgan 15 ta tuman (shahar)dagi 177 ta 1-tip, 141 ta 2-tip oilaviy poliklinika va 32 ta 2-tip oilaviy poliklinika filiallariga ularning qatnov quvvatidan kelib chiqib, aholi biriktirilgan. Shu sababli mazkur tibbiyot muassasalarining bemorlarni qabul qilish hamda ularga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun quvvati yetarli.

Mavzuga oid