Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Gulnora Karimovaning jinoiy aktivlarini Shveytsariyadan qaytarish bo‘yicha yakuniy bitim imzolandi
O‘zbekiston birinchi prezidentining qizi va uning jinoiy sheriklari noqonuniy ravishda orttirib, Shveytsariyada legallashtirgan 131 mln dollar O‘zbekiston xalqiga qaytariladi. Bu pullar ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishini Shveytsariya tomoni va BMTning trast fondi nazorat qiladi.
Bugun, 16 avgust kuni Shveytsariyaning Bern shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasida “O‘zbekiston Respublikasi va Shveytsariya Konfederatsiyasi o‘rtasidagi Shveytsariya Konfederatsiyasi hududida konfiskatsiya qilingan noqonuniy orttirilgan aktivlarni O‘zbekiston Respublikasi aholisining manfaatlarida qaytarish yo‘llari to‘g‘risida”gi bitim imzolandi.
Bitimni O‘zbekiston nomidan adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Shveytsariya nomidan mamlakat prezidenti Inyatsio Kassis imzoladi.
Bitimni imzolash marosimida BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi ofisi ijrochi koordinatori J.Topping ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligining Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
“Bitimning imzolanishi ilgari Gulnora Karimova boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruh tomonidan noqonuniy ravishda orttirilgan va Shveytsariyada legallashtirilgan 131 mln AQSh dollarining Shveytsariya tomonidan O‘zbekiston xalqiga darhol qaytarilishini anglatadi”, – deyiladi xabarda.
Bu boradagi muzokaralar 2 yil davom etdi.
“Bitim noqonuniy orrtirilgan taqriban 131 mln AQSh dollariga (taqriban 1,4 trln so‘m) teng aktivlarni O‘zbekistonga qaytarishni, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning asosiy prinsiplari, mexanizm va maqsadlarini belgilaydi”, – deya aniqlik kiritgan Adliya vazirligi.
Bitimga muvofiq, noqonuniy orttirilgan aktivlarni qaytarishning quyidagi asosiy prinsiplari belgilanmoqda:
- ochiqlik va oshkoralik, restitutsiya to‘g‘risidagi axborotni jamoatchilikka ochiq e’lon qilish;
- ushbu jarayonda fuqarolik jamiyatining ishtiroki;
- qaytarilgan mablag‘larni pirovardida ijtimoiy sohaga, xususan, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalariga yo‘naltirilishi;
- O‘zbekiston va Shveytsariya o‘rtasida restitutsiya masalalari bo‘yicha doimiy, samarali va o‘zaro hurmatga asoslangan muloqotning davom ettirilishi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston, Shveytsariya va BMT ishtirokidagi uch tomonlama restitutsiya mexanizmiga alohida e’tibor beriladi.
Restitutsiya BMTning Ko‘p-sheriklik trast jamg‘armalari tizimiga kiruvchi “Uzbekistan Vision 2030” ko‘p-sheriklik trast jamg‘armasi orqali amalga oshiriladi.
Jamg‘arma tegishli funksiya va vakolatlarga ega bo‘lgan quyidagi ma’muriy-tashkiliy tuzilmaga ega:
- Yuqori darajadagi strategik qo‘mita (O‘zbekiston va Shveytsariyadan bir nafardan yuqori martabali vakil) – jamg‘arma faoliyati bo‘yicha strategik qarorlar qabul qiladi.
- Boshqaruv qo‘mitasi (O‘zbekiston, Shveytsariya va BMTdan bir nafardan vakil) – jamg‘armaning operatsion faoliyati, shu jumladan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash bo‘yicha to‘liq konsensus asosida qarorlar qabul qiladi.
Bundan tashqari, tashkiliy tuzilma tarkibiga jamg‘arma faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi va o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida va ish haqisiz amalga oshiradigan O‘zbekiston va Shveytsariya fuqarolik jamiyati vakillaridan hamda xalqaro nohukumat tashkilotlaridan iborat Fuqarolik jamiyati maslahat kengashi ham kiradi.
Boshqaruv qo‘mitasi tomonidan tasdiqlangan loyihalar BMTning O‘zbekistondagi tegishli idoralari tomonidan O‘zbekiston tomoni bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Amalga oshirilgan va amalga oshirilayotgan loyihalar haqidagi barcha ma’lumotlar ochiq e’lon qilinadi va keng jamoatchilikka taqdim etiladi, deyiladi rasmiy axborotda.
Mavzuga oid
16:03 / 10.01.2026
Shveytsariya Kran-Montaneda yong‘in qurbonlari xotirasini yod etdi
22:04 / 05.01.2026
Shveytsariya Maduro va uning sheriklarining barcha aktivlarini muzlatib qo‘ydi
15:42 / 05.01.2026
Shveytsariya kurortidagi yong‘in: yana 16 qurbonning shaxsi aniqlandi
08:31 / 04.01.2026