O‘zbekiston | 17:18 / 14.12.2022
9297
4 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda «tanqidga munosib javob beradigan» talabalar guruhi tashkil etish taklifi berildi

Viloyat hokimi amalda har bir tumanda «trollar fabrikasi» tuzish taklifini bergan talabani ishga taklif etdi.

Qarshi davlat universiteti talabasi bo‘lgan qiz viloyatning har bir tumanida oliygoh talabalaridan iborat, tanqidiy materiallarga munosib javob qaytara oladigan guruhlar tashkil etish taklifini berdi. Taklifni eshitgan viloyat hokimi Murodjon Azimov ushbu talaba qiz viloyat hokimligiga ishga olinganini aytdi.

Mohiyatan «trollar fabrikasi» tuzishni taklif etgan talaba qiz tashkil etilajak guruhlarni turli texnik jihozlar bilan ta’minlash kerakligini ham bildirgan.

Taklif yangragan lavha QarDUning Telegramdagi rasmiy sahifasiga joylangan.

2022 yil 13 dekabr kuni QarDUning tibbiyot fakulteti uchun qurilgan yangi bino foydalanishga topshirilgan. Bu marosimda viloyat hokimi Murodjon Azimov ham ishtirok etgan, tadbirdan so‘ng viloyat hokimi hamda yoshlar o‘rtasida muloqot o‘tkazilgan.

Muloqot davomida talabalardan turli takliflar eshitilgan. Talaba qizlardan biri viloyat hokimiga «yuzta oq narsani ko‘rsatmasdan, bitta qora narsani ko‘rsatayotgan» blogerlarga qarshi ishlovchi ko‘ngilli talabalardan iborat guruhlar tuzish, so‘ng ular yordamida tanqidiy materiallar tarqatayotganlarga munosib javob berish haqida taklif bildirgan.

«Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi huzurida viloyatimizning har bitta tumanida OTM talabalarining ko‘ngilli yoshlaridan tashkil topgan yosh blogerlar jamoasini shakllantirish va ularni kerakli texnik jihozlar bilan ta’minlash, hamda ularga muntazam ravishda o‘quv-seminarlarni tashkil etish kerak.

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad nima? Yurtimizda olib borilayotgan, ayniqsa, Qashqadaryo viloyatida olib borilayotgan ijobiy o‘zgarishlarni keng xalq ommasiga targ‘ib qilish bo‘lardi. Ayrim «blogerlar» tomonidan tanqidiy masalalarga ba’zi holatlarda noto‘g‘ri tomondan yondashayotgani viloyatimizning ba’zi bir joylarida va o‘zingiz aytganday bizni xafa qiladigan darajaga yetkazyapti.

Biz shunday jamoa shakllantiraylikki, yuzta oq narsani ko‘rsatmasdan bitta qora narsani ko‘rsatayotganlar uchun ijobiy javob qaytara oladigan jamoa shakllantirsak, mening taklifim shu», — degan talaba qiz.

Murodjon Azimov qizning taklifini eshitgach, uning talaba ekanligini bilib uni viloyat hokimligiga ishga olishini aytgan.

«Siz talabamisiz, yo? Talaba bo‘lsangiz sizni viloyat hokimligiga ishga olamiz», — degan viloyat hokimi.

Mazkur video Qarshi davlat universitetining Telegramdagi rasmiy kanalida «Hokimga taklif bergan talaba viloyat hokimligiga ishga olindi», izohi bilan berilgan. Postda talabaga viloyat hokimligidan qanday ish berilishi ochiqlanmagan.

Qarshi davlat universiteti talabasining bu taklifi tanqidiy materiallar chiqarayotgan saytlar va blogerlarga «o‘z vaqtida munosib javob berish uchun» talabalardan iborat guruhlar tuzishga urinishning birinchisi emas. Avval ham bunday holat kuzatilgan.

Jumladan, 2019 yilda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida tanqidiy material e’lon qilayotgan saytlar va blogerlarga qarshi ishlash uchun trollar fabrikasi tashkil etilgani fosh bo‘lgan va bu keng jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchragandi

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев

Mavzuga oid