O‘zbekiston | 15:37 / 06.04.2019
13948
4 daqiqa o‘qiladi

Yerga nisbatan xususiy mulkni himoya qilish mexanizmlari joriy etiladi

Foto: Dreamstime

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishni imzoladi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolik qonunchiligini takomillashtirish konsepsiyasn ma'qullandi.

Konsepsiyaga ko‘ra, fuqarolik qonunchiligi unifikatsiya qilinadi va tizimlashtirish maqsadida inventarizatsiyadan o‘tkaziladi, shuningdek xalqaro standartlar talablariga va eng yaxshi xorijiy amaliyotlarga muvofiqlashtiriladi.

Fuqarolik kodeksi va boshqa fuqarolik qonun hujjatlaridagi atama va tushunchalarning huquqiy ma'nolari ularni aniq ta'riflash va bir xilda qo‘llash orqali takomillashtiriladi.

Turlicha sharhlanadigan yoki amaliyotda qo‘llanilishi masalasida tushuntirishlarni talab qiladigan normalar chiqarib tashlanadi yoki takomillashtiriladi.

Fuqarolik kodeksi va boshqa fuqarolik qonun hujjatlarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi uchun ulardagi havolaki normalar qisqartiriladi.

Fuqarolik-huquqiy munosabatlar ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishga to‘sqinlik qiluvchi fuqarolik qonunchiligidagi huquqiy bo‘shliqlar va kolliziyalar bartaraf etiladi.

Jamiyat va xalqaro standartlarning axloqiy prinsip va ma'naviy me'yorlari (“halollik”, “adolat”, “oqillik” va boshqa prinsiplar)ni inobatga olgan holda fuqarolik-huquqiy munosabatlarning amaldagi prinsiplari takomillashtiriladi va yangilari joriy qilinadi.

Fuqarolik kodeksiga fuqarolik qonunchiligining muhim tushuncha va institutlarini belgilash borasidagi asosiy hujjat maqomini berish maqsadida mavjud tushuncha (atama)lar qayta ko‘rib chiqiladi va yangilari kiritiladi.

Fuqarolik huquqi va fuqarolik majburiyatlarini vijdonan va munosib amalga oshirishni ta'minlashga qaratilgan chora va vositalar takomillashtiriladi.

Ma'naviy, moddiy zarar va ziyonlarni hisoblash tartibini joriy etish yo‘li bilan fuqarolik qonunchiligining kompensatorlik funksiyasi kuchaytiriladi.

Yuridik shaxslarning tashkiliy-huquqiy shakllari optimallashtiriladi, bir-biriga o‘xshash, shuningdek bozor munosabatlarida ommalashmagan tashkiliy-huquqiy shakllari tugatiladi.

Ishonchnomaning majburiy yozma shakli va uning amal qilish muddatini cheklash va boshqalarni qayta ko‘rib chiqqan holda xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish orqali vakillik instituti takomillashtiriladi.

Mulkdor huquqlarini kengaytirish yo‘li bilan ashyoviy huquqlar instituti kuchaytiriladi.

Majburiyat huquqi takomillashtiriladi, jumladan majburiyatlarning vujudga kelish asoslarining to‘liq ro‘yxati aniqlanadi va majburiyatdagi shaxslarning o‘zgarishi masalalarini tartibga soluvchi normalar modernizatsiya qilinadi.

Fuqarolik-huquqiy javobgarlik instituti takomillashtiriladi, jumladan, zararni qoplashning adolatli tartibi ta'minlanadi.

Sug‘urta, jumladan o‘zaro sug‘urtalash (mulkni va boshqa mulkiy manfaatlarni o‘zarolik asosida sug‘urta qilish) institutining rivojlanishi uchun ixtiyoriy badallar investitsiyasidan doimiy daromad olishni nazarda tutuvchi shart-sharoitlar yaratiladi.

Er-xotinning birgalikdagi vasiyatnomasi va meros shartnomasiga oid qoidalar kiritiladi, meros qoldiruvchi va merosxo‘r kreditorlarining himoyasi kuchaytiriladi, merosni qabul qilib olish muddatlarini belgilash yo‘li bilan meros huquqi takomillashtiriladi.

Xalqaro xususiy huquq normalari qayta ko‘rib chiqiladi, shu jumladan turli mamlakatlar huquqlarini muqobil qo‘llash prinsipi mustahkamlanadi, majburiyat mazmunini tartibga soluvchi huquqqa havola sifatida qo‘shimcha muqobil kollizion bog‘lanish qo‘llaniladi, kollizion tartibga solishni nazarda tutgan shartnomadan tashqari majburiyatlar doirasini aniqlash imkoniyati ko‘rib chiqiladi.

Mulk shakllarini belgilash tartibi qayta ko‘rib chiqiladi, yerga bo‘lgan xususiy mulk huquqini himoya qilish mexanizmlari joriy etiladi, shuningdek insofli egallovchi huquqlarini himoya qilish tartibini takomillashtirish yo‘li bilan xususiy mulk himoyasining samaradorligi oshiriladi.

Mavzuga oid