O‘zbekiston | 19:40 / 30.06.2021
6397
2 daqiqa o‘qiladi

Faol yoshlar parlament vakillariga biriktiriladi - prezident

O‘zbekistonda Parlamentlararo Ittifoq ko‘maǵida «Men parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlayman!» tashabbusi amalga oshiriladi, yosh, g‘ayratli, fidoiy o‘g‘il-qizlar Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi doirasida yoshlar bilan uchrashuvida aytib o‘tdi. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston yoshlar va talabalar forumida ishtirok etmoqda. Davlat rahbari mamlakat yoshlarini bugungi bayram – Yoshlar kuni bilan tabrikladi.

Prezident respublikada yoshlarga oid siyosat doirasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi vazifalar to‘g‘risida nutq so‘zlamoqda.

«So‘nggi yillarda yoshlarimizning ijtimoiy–siyosiy faolligini oshirish masalasiga ham, alohida e'tibor qaratmoqdamiz.

Xabaringiz bor, yaqinda taniqli siyosatchi, Parlamentlararo Ittifoq bosh kotibi Martin Chungong boshliq rasmiy delegatsiya mamlakatimizga tashrif buyurdi.

Suhbat chog‘ida u kishi bir fikrni afsus bilan ta'kidladi. Ya'ni sayyoramiz aholisining yarmidan ko‘pini 30 yoshgacha bo‘lganlar tashkil etsa-da, butun dunyo bo‘yicha yosh deputatlarning ulushi 2,6 foizga ham yetmas ekan. 

Oliy martabali mehmon O‘zbekistonda bu ko‘rsatkich 6 foizdan oshganini yuqori baholadi. Bu katta e'tirof, albatta.

Biz bu g‘oyat muhim yo‘nalishdagi ishlarimizni davom ettirgan holda, Parlamentlararo Ittifoq ko‘maǵida «Men parlamentda yoshlarni qo‘llab-quvvatlayman!» degan ezgu tashabbusni amalga oshiramiz.

Ushbu tizim asosida siyosiy yetuk va faol yosh yigit-qizlarimizni milliy parlamentimiz va mahalliy kengashlar faoliyatiga yanada kengroq jalb etamiz. Xalq deputatlari kengashlari tavsiyasi asosida yosh, g‘ayratli, fidoiy o‘g‘il-qizlarimiz bundan buyon Oliy Majlis deputati va senatorlariga biriktiriladi.

Shu bilan birga, mahalliy kengashlarda ham xuddi Senat va Qonunchilik palatasidagi kabi yoshlar parlamenti vakillari maktabi tashkil etiladi. 

Shuningdek, iqtidorli yoshlar orasidan yangi avlod zaxira kadrlari – «Kelajak liderlari»ni shakllantiramiz», dedi davlat rahbari.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid