Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
OAV: Putin oligarxlarga urushni moliyalashtirishni taklif qildi
Peskov esa bunday taklif bo‘lganini tasdiqlagan holda, Putin hech kimdan pul so‘ramagani, bu taklifni yig‘ilish ishtirokchilaridan biri berganini aytdi. Oleg Deripaska va Suleyman Kerimov Putinga urush uchun pul berishni va’da qilgan. Kerimov 100 milliard rubl to‘lamoqchi – bu esa faqat uch kunga yetadi.
Foto: Mikhail Metzel/TASS
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 26 mart kuni yirik biznes vakillari bilan yopiq uchrashuv o‘tkazdi. The Bell va Financial Times nashrlari manbalariga ko‘ra, uchrashuvda tadbirkorlarga Ukraina bilan urushni moliyalashtirish uchun budjetga xayriya qilish taklif qilingan.
«Urush uchun pul yig‘ish» taklifi yangragan yopiq uchrashuv haqida birinchi bo‘lib The Bell nashri xabar tarqatdi. Nashr manbalariga ko‘ra, Putin bu uchrashuvni Rossiya sanoatchilar va tadbirkorlar ittifoqi qurultoyidan keyin o‘tkazgan.
Bunday uchrashuvlar mazmuni odatda oshkor qilinmaydi, urush davrida esa ishtirokchilar ro‘yxati ham maxfiylashtirildi. The Bell suhbatdoshlari esa bu safar Putin oligarxlar bilan Ukrainadagi urushni davom ettirish va uni moliyalashtirish masalalarini muhokama qilgani haqida aytib berishgan.
«Jang qilamiz, deyildi», – deya Putinning chiqishidan qisqacha xulosani keltiradi nashr suhbatdoshlaridan biri.
«Donbass chegarasigacha boramiz», – deya Rossyai prezidentining so‘zlarini keltirgan The Bell’ning boshqa bir suhbatdoshi.
Britaniyaning Financial Times nashri manbalari ham Putinning chiqishida shu gaplar aytilganini tasdiqlagan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, prezident biznesmenlarga Rossiya Donbass hududlarini to‘liq egallab olmagunicha Ukrainada urushni davom ettirishini aytgan va buni Kiyev AQSh vositachiligida o‘tkazilgan so‘nggi muzokaralarda Kiyev o‘z qo‘shinlarini Donetsk oblastidan olib chiqishdan bosh tortgani bilan izohlagan.
FT suhbatdoshlaridan birining aytishicha, Putin avvaliga Donbassni «harbiylardan xoli hudud» yoki AQSh sha’feligidagi «maxsus iqtisodiy zona»ga aylantirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlagan, ammo Kiyev bu regionni topshirish o‘zi uchun qizil chiziq ekanini bildirgach, bu g‘oyadan ham voz kechgan.
The Bell manbalariga ko‘ra, «mamlakat uchun og‘ir pallada biznesni silkitish» g‘oyasi «Rosneft» rahbari Igor Sechinga tegishli. Uchrashuvdan oldin prezidentga yozgan maktubida u harbiy federal zayom obligatsiyalarini joylashtirish orqali mablag‘ jalb etish taklifini bayon qilgan.
Financial Times Putinning iltimosini rad etish aqlga sig‘masligini qayd etgan: «Mamlakatning biznes elitasi urush va uning mamlakat iqtisodiyotiga ta’siridan xavotirlarga qaramay, prezident atrofida jipslashdi».
Nashrlarga ko‘ra, kamida ikki oligarx Putinga budjetni moliyalashtirish uchun ixtiyoriy ravishda badal to‘lashdan mamnun bo‘lishini bildirgan.
The Bell ulardan birining familiyasini keltirgan – milliardera Suleyman Kerimov davlat xazinasiga 100 mlrd rubl o‘tkazib berishni va’da qilgan.
Financial Times ma’lumotiga ko‘ra, ikkinchi biznesmen – metallurgiya magnati Oleg Deripaskadir. The Bell «g‘oyani uchrashuvda qatnashgan yana bir yirik biznesmen qo‘llab-quvvatlagani, ammo u qancha to‘lashini aytmagani» haqida yozgan.
Foto: Sergei Savostyanov/TASS
Kerimov va Deripaskaning vakillari Financial Times’ning so‘rovlariga javob qaytarmagan.
Mustaqil nashrlar baholariga ko‘ra, 2025 yilda RF hukumati urushda haftasiga o‘rtacha 260 milliard rubl sarflagan.
Kreml rad etmadi
27 mart kuni RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovdan uchrashuvda urush uchun badal to‘lash masalasi muhokama qilingani va bu taklif Sechindan chiqqani haqidagi xabarlar yuzasidan izoh so‘raldi. U quyidagicha javob qaytargan:
«Bu [g‘oya] Igor Sechindan chiqqani haqiqat emas. SVO (maxsus harbiy amaliyot – Rossiya rasmiylari Ukrainadagi urushni shunday ataydi) uchun pul kerak, degan gaplar haqiqat emas. Putin bunday iltimos bilan murojaat qilgani haqiqat emas. Haqiqat shundaki, uchrashuv ishtirokchilaridan biri haqiqatan ham davlat uchun juda katta miqdorda pul ajratishni zarur deb hisoblashi haqida gapirgan va bu uning oilaviy qarori bo‘lgan.
Ishtirokchilardan biri bunga uchrashuvda qatnashayotganlarning aksariyati o‘z biznesini 90-yillarda boshlagani va bu boshlanish u yoki bu tarzda davlat bilan bog‘liq bo‘lganini argument sifatida keltirdi. Shuning uchun hozir ko‘pchilik bunday badallarni to‘lashni shunchaki o‘z burchi deb bilmoqda. Bu haqda ishtirokchilardan biri gapirdi, bu faqatgina uning tashabbusi edi».
Peskov bu Putinning tashabbusi emasligini alohida ta’kidlagan.
«Va bu prezident Putinning tashabbusi emasdi – garchi davlat rahbari bunday tashabbusni olqishlagan bo‘lsa ham», – deya xulosa qiladi u.
Peskov bu yopiq tadbir bo‘lgani tufayli tashabbus muallifi bo‘lgan ishtirokchining familiyasini ochiqlashdan bosh tortgan.
Mavzuga oid
17:56 / 04.04.2026
Rossiyada naqdsiz to‘lovlarda ommaviy uzilish kuzatildi. Bu VPN'larni bloklashga urinish bilan bog‘lanmoqda
10:24 / 04.04.2026
200 dan ortiq ukrain harbiylari Liviyada - surishtiruv tafsilotlari
09:50 / 04.04.2026
Ukrainaga kuchli zarbalar: qurbonlar soni kamida o‘n kishiga yetdi
09:43 / 04.04.2026