Jahon | 21:20 / 31.10.2025
14930
10 daqiqa o‘qiladi

Pokrovsk va Mirnograd qulash arafasida: u yerdagi vaziyat Ukraina uchun qanchalik og‘ir?

Rossiya tomoni Ukrainaning Donbassdagi yirik sanoat shahri Pokrovsk va uning yo‘ldosh shahri Mirnograd to‘liq qamal holatida qolganini e’lon qildi. Ukraina tomoni buni rad etmoqda, ammo frontning bu qismidagi «og‘ir vaziyat» haqida gapirilmoqda.

Foto: Reuters

2024 yil fevral oyida Avdiyivka qulaganidan so‘ng, Rossiya qo‘shinlari keng ko‘lamli hujum kuchlarini shimoli-g‘arbga – Pokrovsk tomon yo‘naltirgandi. Yarim yil ichida ular shahar chekkasigacha deyarli 40 km masofani bosib o‘tdi va 2024 yilning kuzida Pokrovsk-Mirnograd aglomeratsiyasi chekkalariga yaqinlashdi.

Ayrim harbiy tahlilchilar bu aholi punktlari bir-ikki oy ichida ishg‘ol qilinishini taxmin qilishmoqda. Biroq, Ukraina qurolli kuchlari 2025 yil boshida qo‘shimcha kuchlar olib kelib, dushmanni Pokrovsk atrofidan chekintirishga muvaffaq bo‘lgandi.

Shu yilning yozida va kuz boshida Rossiya qo‘shinlari taktikani o‘zgartirdi va yirik mexanizatsiyalashgan kuchlar bilan shturm qilish o‘rniga kichik piyoda guruhlari Ukraina mudofaa tizimlarini yorib o‘tib, front ortida to‘plana boshladi. Ular bunday hududlarda ukrain harbiylariga hujum qilib, pozitsiyalarini tortib olishdi.

Ukraina qurolli kuchlaridagi piyodalarning keskin tanqisligi sharoitida bu taktika oxir-oqibat o‘z samarasini berdi. Oktyabr oyi oxiridagi holatga ko‘ra, rossiyaliklar Ukraina qurolli kuchlarining ushbu uchastkadagi logistikasini imkon qadar murakkablashtirishga va hatto Pokrovskning ayrim hududlarini nazorat ostiga olishga muvaffaq bo‘ldi.

Shu bilan birga, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bombalar va dronlarning halokatli zarbalari natijasida deyarli vayron bo‘lgan shaharda hali ham 1,2 mingga yaqin tinch aholi vakillari qolmoqda.

Qurshov bormi yoki yo‘q?

«2- va 51-armiyalarning qo‘shilmalari va harbiy qismlari bir-biriga qarab harakatlanib, Krasnoarmeysk va Dimitrov (Rossiya hukumati Pokrovsk va Mirnogradni shunday ataydi) hududida dushmanni qurshab olishni yakunladi. Ukraina qurolli kuchlarining yirik guruhi bloklandi», – dedi 26 oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i Valeriy Gerasimov prezident Vladimir Putinga hisobot berish chog‘ida.

Gerasimovning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina qurolli kuchlarining 31 ta batalyoni qurshovda qolgan. Rossiya mudofaa vazirligi aniqlik kiritishicha, bu taxminan 5,5 ming harbiy xizmatchidir.

Pokrovsk «qurshovi» haqidagi so‘zlarni Putin 29 oktyabr kuni yana bir bor takrorlab, bir necha soatlik sukunat rejimini e’lon qilish va xorijiy jurnalistlar guruhlarini Pokrovskka yuborish g‘oyasini bildirdi – shunda ular vaziyatni o‘zlari baholashi mumkin bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, Pokrovsk va Mirnogradning to‘liq qurshab olingani haqidagi bayonotlar hatto rossiyalik harbiy blogerlar orasida ham shubha bilan qabul qilindi.

Masalan, rossiyalik propagandachi Semyon Pegovning WarGonzo loyihasi har kuni e’lon qiladigan harbiy harakatlar xaritalaridan ko‘rish mumkinki, 29 oktyabr holatiga ko‘ra, RF armiyasi Rodinskoye, Krasniy Liman va Grishino qishloqlari yaqinidagi front uchastkasini yopmagan. Bular Pokrovsk va Mirnograd chekkalaridagi aholi yashash punktlari bo‘lib, ular orqali o‘tgan yo‘llar hozircha Ukraina qo‘shinlari nazoratidagi yo‘llardir.

Shu bilan birga, Rossiya qo‘shinlarining artilleriya va dronlardan faol foydalanish tufayli ushbu yo‘llarda avtotransport va zirhli transport vositalari xavfsiz harakatlanishi deyarli imkonsiz. Ukrainaliklar bo‘linmalarning logistikasini piyoda yoki yuk tashuvchi yerusti va havo dronlari yordamida ta’minlashga majbur bo‘lmoqda.

29 oktyabr kuni tushdan keyin telegram-kanallar Grishino tomonidan Pokrovskka kiraverishda Rossiya bayrog‘i o‘rnatilgani aks etgan videolavhalarni e’lon qildi. Bir necha soatdan keyin bayroqni Ukrainaning FPV droni urib tushirdi. Ammo bu holat rus qo‘shinlari shaharga qanchalik chuqur kira olganini ko‘rsatadi.

Rossiya armiyasi qanotlardan qamrab olishdan tashqari, Ukraina qurolli kuchlarining Pokrovskdagi mudofaa pozitsiyalariga ro‘paradan bosim o‘tkazib, janubiy va janubi-g‘arbiy yo‘nalishlardan hujum qilmoqda.

Bu yerda ruslar shahar atrofida mustahkam o‘rnashib olishga muvaffaq bo‘lgan, shuningdek, shaharni deyarli teng ikkiga bo‘luvchi temiryo‘ldan janubdagi ayrim hududlarni nazorat ostiga olgan.

Temiryo‘ldan shimoldagi ba’zi uchastkalarda harakatlanish va shaharning g‘arbiy chekkasidagi yirik sanoat zonasi uchun janglar olib borilmoqda.

Grishino qishlog‘i tomonidan Pokrovsk shahriga kiraverishdagi stelada Rossiya bayrog‘i. U bir soatcha osilib turdi, keyin Ukraina droni tomonidan urib tushirildi.

Bundan tashqari, Rossiya harbiylari Mirnogradning sharqiy chekkalariga harbiy texnikalar kolonnalari bilan hujum boshlagan. Bu yerda ularning asosiy maqsadi 5/6 konining terrikonini va ko‘p qavatli kvartalni nazorat qilish bo‘lib, bu pastlikda joylashgan butun shaharni nazorat qilish imkonini beradi.

Agar bir-biriga qarab kelayotgan rus qo‘shinlari Pokrovsk va Mirnogradda halqani yopishga muvaffaq bo‘lsa, ular amalda bu aglomeratsiyadagi Ukraina mudofaasini ikkiga ajratib yuboradi va Novopavlovka va Lisovka yaqinidagi janubi-sharqiy chekkalarda hali ham alohida pozitsiyalarni ushlab turgan Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmalari qurshovda qoladi.

«Katta kulrang zona»

Ukraina qurolli kuchlarining frontning ushbu uchastkasi uchun mas’ul bo‘lgan 7-desant-shturmchi qo‘shinlari korpusi qo‘mondonligi Pokrovskka kiraverishdagi stela yonida Rossiya bayrog‘i o‘rnatilishi bilan bog‘liq vaziyatni izohlashdan bosh tortgan.

Qo‘mondonlik ta’kidlashicha, rossiyaliklar Pokrovsk aglomeratsiyasini qurshab olish uchun 11 mingga yaqin harbiy xizmatchini jalb qilgan. Ularning bir qismi to‘g‘ridan to‘g‘ri shaharning o‘ziga kira oldi. Harbiy tahlilchilarning aytishicha, bu taxminan 200-300 kishi.

28-29 oktyabr kunlari Ukraina qo‘shinlari Pokrovskda Rossiya armiyasining 18 nafar jangchisini yo‘q qildi, deya xabar berdi korpus qo‘mondonligi.

Shuningdek, dushman mazkur hududda mustahkam o‘rnashib qolish niyatida emasligi, balki Ukraina mudofaasi «kuchlarini tarqatish» va shaharga quruqlikdagi logistika yo‘laklarini to‘sib qo‘yish uchun shimolga qarab harakatlanishni rejalashtirayotgani ta’kidlangan.

Ukrainaning OSINT tahliliy loyihasi DeepState Pokrovskdagi vaziyatni «tanglik yoqasida» deb atagan.

Ekspertlar qayd etishicha, turar joy binolariga kirgan rossiyaliklar qo‘poruvchilik, pistirma uyushtirish, yo‘llarni minalash, Ukraina front orti bo‘linmalari, xususan, radioelektron urush bo‘linmalari, artilleriyachilar va uchuvchisiz uchish apparatlari operatorlariga hujum qilish bilan shug‘ullanmoqda.

Pokrovsk chekkasidagi ichida rus harbiylari bo‘lgan uyga zarba berilishi
7th Brigade of the Air Assault Forces of the Armed Forces of Ukraine

«Eng yomoni  dushman Mirnograd va butun shahar aglomeratsiyasi yo‘nalishidagi logistikani buzishga muvaffaq bo‘ldi. Piyodalar pistirmalaridan tashqari, dushman dronlari faol harakat qilmoqda, ular harakatlarni, ta’minotni va boshqa nishonlarni kuzatadi va ularga zarba beradi. Dushman operatorlarining faolligi shaharga piyoda askarlar kira boshlagandan so‘ng sezilarli darajada oshdi. Dushman dronlari shaharni asta-sekin yutib yuborish uchun bizning logistikamizni buzishga yordam beradi», – deyiladi DeepState xabarida.

Tahlilchilar ta’kidlashicha, bunday vaziyatda Ukraina qo‘mondonligi rossiyaliklarning Pokrovskka kirish yo‘llarini to‘sib qo‘yishi va turar joy dahalarida to‘planib, yashirinib olgan bo‘linmalarni katta kuch bilan tozalashi kerak.

«Pokrovskdagi vaziyat o‘ta og‘ir holatga kelish arafasida va shunchalik yomonlashishda davom etmoqdaki, barchasini tuzatishga kech bo‘lishi mumkin», – deyiladi hisobotda.

DeepState onlayn xaritasida Pokrovskning katta qismi va Mirnogradning sharqiy chekkalari 29 oktyabr holatiga ko‘ra kulrang zonada ko‘rsatilgan. Ya’ni u yerda Rossiya qo‘shinlarining harakatlanishi qayd etilgan, ammo ularning bu hududni ishonchli nazorat qilayotgani haqida ma’lumot yo‘q. Buning sababi shundaki, frontning ko‘plab uchastkalarida hali ham ukrainlarning pozitsiyalari bor, ular endi rossiyaliklarning orqa tomonida qolmoqda.

Bu, masalan, 2023 yil bahorida Baxmutdagi vaziyatdan sezilarli darajada farq qiladi, o‘shanda rossiyalik harbiylar dushmanni asta-sekin kvartalma-kvartal tozalab, siqib chiqargan edi. Pokrovskdagi hozirgi vaziyat DeepState tahlilchilariga butun shaharni «katta kulrang zona» deb atashga imkon beradi.

Rossiyaliklarning Avdiyivka yoki Kuraxoveni egallab olish operatsiyasi misoli shuni ko‘rsatadiki (bu shaharlarda ham Ukraina bo‘linmalari qurshov yoqasida qolgandi), bu holat uzoq davom etishi mumkin emas. Agar logistika yo‘llari o‘z vaqtida xavfsiz qilinmasa, so‘nggi lahzada qo‘shinlarni juda qiyin sharoitlarda, katta qurbonliklar bergan holda olib chiqishga to‘g‘ri keladi.

Mavzuga oid