Jahon | 13:19
1249
2 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Oryol, Lipetsk, Voronej va Rostovga dronlar bilan hujum qildi

Ukraina dronlari hujumi oqibatida Oryol shahrida IES shikastlandi, shaharda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda. Belgorodda esa besh oylik chaqaloq jabrlandi.

Foto: AP

Ukraina 19 dekabr, juma kuniga o‘tar kechasi Rossiyaning qator hududlariga dronlar orqali ommaviy zarbalar berdi. Natijada infratuzilma vayron bo‘lgan, jabrlanganlar bor. Oryol shahrida zarba mahalliy issiqlik elektr stansiyasiga to‘g‘ri kelgan, shaharda elektr ta’minotida uzilishlar boshlangan. Mahalliy aholi suv ta’minoti va issiqlik (isitish)da ham uzilishlar borligidan shikoyat qilmoqda.

Oryol viloyati gubernatori Andrey Klichkov ma’lum qilishicha, Oryol shahrida kommunal infratuzilmaning ayrim obektlari shikastlangan, Sovet tumanida isitish, elektr ta’minoti va issiq suv uzilishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q.

Hududda tun davomida ikki marta raketa xavfi e’lon qilingan.

O‘tgan kechasi Voronej, Lipetsk, Belgorod va Rostov viloyatida ham portlashlar eshitilgan. Belgorodda ukrain droni hujumi oqibatida besh oylik chaqaloq jabrlangan, deb xabar qildi gubernator Vyacheslav Gladkov. Lipetskda esa urib tushirilgan dron parchalari turar joy uyiga tushgan.

Taganrogda beshta xususiy uy shikastlangan, uchta avtomobil yonib ketgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. Rostov viloyati gubernatori Yuriy Slyusar ma’lum qilishicha, zarbalar Rostov shahri, Kuybishevskiy, Matveyevo-Kurganskiy va Rodionovo-Nesvetayskiy tumanlariga ham berilgan. Rostovda yuqori kuchlanishli liniya uzilishi sababli ayrim tumanlarda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga kelgan.

Dronlar zarbalari tahdidi fonida 10 ta aeroportda samolyotlarni qabul qilish va jo‘natish vaqtincha to‘xtatilgan. Xabar tayyorlangan paytda cheklovlar Vladikavkaz, Grozniy, Magas, Samara va Yaroslavl aeroportlarida hamon amal qilyapti.

Mavzuga oid