Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Andijonda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun nishonlandi
Bugun Andijon shahridagi Bobur maydonida shoh va sarkarda, benazir shoir, jahon ilm-fani hamda madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shgan hamyurtimizning 538 yillik tavallud kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimligi, korxona va tashkilotlar vakillari, Andijon mehmonlari, ziyolilar va talaba-yoshlar tomonidan buyuk bobomizga hurmat ifodasi sifatida sohibi devon haykali poyiga guldastalar qo‘yildi.



Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq buyuk ajdodimiz Zahiriddin Muhammad Bobur qoldirgan adabiy-ilmiy merosning qadr-qimmati, jahon adabiyotining nodir xazinalari sifatida asrlar davomida e'zozlab kelinayotgani haqida so‘zladilar.


Shoirning dilbar g‘azallari, purma'no ruboiy va masnaviylari, butun dunyoga ma'lum-u mashhur “Boburnoma”si, musiqa ilmiga doir durdona asarlari uning naqadar serqirra ijodkor bo‘lganligidan darak beradi. Badiiy nasrning betakror namunasi sanaladigan “Boburnoma” tarixiy-memuar asari jahonning 70 dan ortiq mamlakati muzeylaridan joy olgani, bu shoh asarning 30 dan ortiq tilga tarjima qilingani uning beqiyos ahamiyatga ega ekanligining ifodasidir.
Shuningdek, Andijon aeroportiga Bobur nomi berilgani, shahardagi "Sog‘lom avlod" stadioni "Bobur arena" deb qayta nomlangani beqiyos iste'dod sohibi bo‘lgan bobomizning xotirasiga xalqimiz ehtiromining ramzi sifatida e'tirof etildi.


Viloyatda Mirzo Boburning tavallud kunini nishonlash arafasida 750 dan ortiq madaniy-ma'rifiy tadbirlar o‘tkazildi, 1000 dan ziyod davra suhbatlari tashkil etildi. Viloyat xalq ta'limi boshqarmasi tomonidan musiqa o‘qituvchilaridan tuzilgan ansambllar ishtirokida Zahiriddin Muhammad Bobur qalamiga mansub g‘azallar asosida “Nazm va navo” adabiy-badiiy kechalari ham bo‘lib o‘tdi.
Bobur maydonida tashkil etilgan tadbirda Andijon mehmonlari - Vazirlar Mahkamasi mas'ul xodimi, iste'dodli shoir Rustam Mirvohid, namanganlik g‘azalnavis shoira Dilorom Ergasheva hamda Yozuvchilar uyushmasi Andijon viloyat bo‘limi rahbari Xurshida Vahobjon qizi tomonidan g‘azal, muxammas va Mirzo Boburga bag‘ishlangan she'rlar o‘qildi.
Turli soha vakillari ishtirokidagi g‘azal va bahru bayt chellenji shu yerda ham davom ettirildi. Chellenj ishtirokchilariga viloyat hokimi tomonidan "Boburnoma" kitobi taqdim etildi.





Mavzuga oid
23:01 / 24.12.2025
OChL-2. «Andijon» biror marta g‘alaba qozonmadi va guruhda qolib ketdi
12:21 / 22.12.2025
Andijonda bozor rastasi quladi (video)
22:08 / 13.12.2025
Andijon va Samarqandda kuchli ta’sir qiluvchi dorilar savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar ushlandi
08:25 / 11.12.2025