Cho‘chqa yuragi ko‘chirib o‘tkazilgan tarixdagi birinchi va yagona inson vafot etdi
AQShning Merilend shtatida yashovchi 57 yoshli Devid Bennetga yanvar oyida geni modifikatsiya qilingan cho‘chqa yuragi ko‘chirib o‘tkazilgan edi. Bemor 2 oydan so‘ng vafot etdi.
Yurak ko‘chirish operatsiyasi yanvar oyida Merilend tibbiyot markazi tomonidan qilingan. 57 yoshli Devidda yangi yurak hech qanday rad etishlarsiz bir necha hafta urib turgan.
Operatsiyadan oldin Devid Bennet yurak xastaligining og‘ir bosqichida bo‘lgan va shifokorlar unga an’anaviy yurak transplantatsiyasi yoki sun’iy yurak nasosi o‘rnatish foyda bermaydi degan xulosaga kelishgan. Tibbiyot markaziga ko‘ra, Devid Bennetga cho‘chqa yuragi ko‘chirib o‘tkazish oxirgi chora edi.
Donor yurakni Virjiniya regenerativ tibbiyot kompaniyasi yetkazib bergan. Donor cho‘chqa yuragi insonga moslashtirilgandi: undan odam immun tizimi qabul qilolmaydigan 3 ta gen olib tashlangan, odam immun tizimiga mos 6 ta gen qo‘shilgan, cho‘chqa yurak to‘qimalarining haddan ziyod o‘sib ketishiga mas’ul bo‘lgan yana bir gen olib tashlangan. 7 yanvardagi operatsiyadan so‘ng yurak ishlashni boshlagan.
Biroq bir necha kun oldin bemorning ahvoli og‘irlashib, kecha, 9 mart kuni vafot etdi. Tibbiyot markazi unga kerakli barcha yordam ko‘rsatilganini, umrining oxirgi daqiqalarini yaqinlari bilan o‘tkazganini ma’lum qildi.
Devid Bennet operatsiyasidan keyin, agar yurak muvaffaqiyatli ishlab ketsa, qanchadan qancha donor kutayotgan bemorlarning muammosi hal bo‘lishiga umid qilingandi. Bir biologik turning to‘qimalari va organlarini boshqa bir biologik turga ko‘chirib o‘tkazish fanda ksenotransplantatsiya deb ataladi.
AQShda donor organlar tanqisligi doimiy ravishda kuzatiladi. Ayni paytda donor a’zo kutayotgan 106 mingdan ortiq bemor milliy ro‘yxatga kiritilgan. Har kuni 17 bemor donor kutib, organlar tanqisligi sabab vafot etadi.
Mavzuga oid
22:51 / 22.11.2024
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
21:25 / 22.11.2024
Rossiya ortidan AQSh ham yadro strategiyasini o‘zgartirdi
13:52 / 22.11.2024
AQSh O‘simliklar karantini agentligiga 205 ming dollarlik uskunalar topshirdi
21:00 / 21.11.2024