O‘zbekiston | 11:20 / 25.05.2026
5074
8 daqiqa o‘qiladi

Maqsad pulni aylantirish(mi?) – samarqandcha "xorijda ish" sxemasidan odamlar jabrlanmoqda

Samarqandda ko‘plab insonlar xorijga ishga yuborishni va’da qilgan ikki firma – “HUMO GROUP CORPARATION” va “HUMO GROUP CENTRAL” ofislari oldida sarson bo‘lmoqda. Ularning aytishicha, shartnomada ko‘rsatilgan olti oylik muddat tugaganiga qaramay, firma hali ham “kuting” degan javob bilan vaqtni cho‘zmoqda. Qizig‘i shundaki: tashqarida odamlar “pulimizni bering” deb tursa, ichkarida yangi mijozlar bilan shartnoma tuzish davom etmoqda.

Kun.uz voqea tafsilotlarini o‘rgandi.

Jabrlanganlardan biri Bekzod Abdulloyevning aytishicha, “HUMO GROUP CORPARATION” MChJ bilan ishlash maqsadida Kanada davlatiga ketish uchun shartnoma qilingan. Biroq belgilangan olti oylik muddatda firma tomonidan biror bir shart bajarilmagan.

“Men ularning faoliyatidan shubhalanib boshladim va pulimni qaytarib berishlarini so‘rab, ariza qoldirdim. Menga qo‘pol munosabatda bo‘lishdi, haqoratlashgacha borishdi. Shundan so‘ng huquq-tartibot idoralariga murojaat qildim. Ammo hozircha hech qanday natija bo‘lgani yo‘q, mas’ullar qo‘lingdan hech ish kelmaydi, deb pulni qaytarmayapti”, dedi u.

Reklamaning “kuchi”

Murojaatchilar orasida nafaqat samarqandliklar, balki Xorazm, Surxondaryo, Sirdaryo va boshqa hududlardan kelganlar ham bor.

Xorazm viloyatidan kelgan fuqarolardan biri Germaniyaga ishchi vizasi uchun oilaviy hujjat topshirganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Instagram orqali tarqatilgan reklamaga ishonib, uch nafar oila a’zosi uchun to‘lov qilingan.

“2025 yilning 6 noyabr kuni hujjat topshirganmiz. Yetti oy bo‘ldi, so‘rayverganimizdan so‘ng bir marta onlayn suhbat o‘tkazildi xolos. U ham rus tilida o‘tdi. Lekin men o‘sha suhbat haqiqatan ham Germaniyadagi ish beruvchi bilan bo‘lganiga ishonmadim”, - deydi Murodbek Hojiyev.

Uning aytishicha, shartnomaga ko‘ra, uch oy ichida suhbat bo‘lishi kerak edi. Ammo suhbat olti oy ichida tashkil qilingan. Hozir esa firma koll-markaziga qo‘ng‘iroq qilishning iloji yo‘q.

“700 kilometr yo‘l bosib keldim. “Kuting” deyishdan boshqa javob yo‘q. Unda pulni qaytaring desak, “2 million 300 ming so‘m ushlab qolinadi” deyishyapti. Nega? Shartnomani men emas, ular buzgan-ku”, - deydi u.

Surxondaryodan kelgan yana bir murojaatchi ham xuddi shunday holatga tushganini aytadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, firma olti oy ichida viza chiqmasa, pul qaytarilishini va’da qilgan.

“6 aprel kuni pulni qaytarish bo‘yicha ariza yozdik. Shartnomada 10 ish kunida qaytarilishi kerakligi ko‘rsatilgan. Lekin hozir 40 ish kunidan ham oshib ketdi. Har safar kelsak, yana bir oyga cho‘zishyapti”, - deydi Mahmud Shodiyev.

Murojaatchilar orasida farzandini xorijga jo‘natish uchun qarz olib to‘lov qilgan otaxon-onaxonlar ham bor.

“O‘g‘lim 14 million so‘m to‘ladi. Uch oyda ketadi deyishgandi. Yetti oy kutdik, hech narsa bo‘lmadi. Keyin boshqa agentlik orqali xorijga ketdi. Bu yerdagilar esa “kartangizga tashlaymiz” deb yuraverdi. Bir oy, ikki oy o‘tdi, natija yo‘q”, - deydi Zulayho G‘aniyeva.

Yana bir murojaatchi esa eri firmaga to‘lov qilish uchun qarz olganini aytadi.

“Erim pulni qarzga olgan edi. Keyin ish chiqmagach, Rossiyaga ishlashga ketdi. Endi qarz bergan odam pul so‘rayapti. Biz esa bu yerdan pulni qaytarib ololmayapmiz”, - deydi u.

Onlayn suhbatlarning o‘ziga ham shubha qilinyapti

Murojaatchilarni shubhaga solayotgan yana bir jihat – “xorijlik ish beruvchi” bilan o‘tkazilgan onlayn suhbatlar.

Ayrim fuqarolarning fikricha, bu jarayonlarning barchasi agentlikning o‘zi tomonidan boshqarilgan bo‘lishi mumkin.

“Men tibbiyot sohasida ishlayman. Rus tilida erkin gaplasha olaman. Lekin “suhbatdan o‘tmadingiz” deyishdi. Nima uchun o‘tmaganimni hech kim tushuntirmadi. Menimcha, u yerda o‘zlarining odamlari o‘tirgan”, - deydi murojaatchilardan biri.

Yana bir fuqaro esa unga “uyda shpatlyovka qilayotganingizni videoga olib yuboring, shunga qo‘shib yuboramiz”, deyishganini aytadi.

“Men videoni tashladim. Keyin o‘tdingiz deyishdi. Bu qanchalik qonuniy, bilmadim”, - deydi u.

Ikki firma, bir rahbar

Kun.uz ushbu firmalar haqidagi ma’lumotlarni ham o‘rgandi. Orginfo.uz ma’lumotlariga ko‘ra, “HUMO GROUP CORPARATION” 2025 yil 24 iyunda, “HUMO GROUP CENTRAL” esa 2025 yil 4 avgustda ro‘yxatdan o‘tgan.

Ikkalasi ham Samarqand tumanidagi bir mahalla va bir ko‘chada joylashgan. Hozir ham amalda yonma-yon faoliyat yuritmoqda.

Eng qiziq jihati, har ikki firma rahbari sifatida bir shaxs: Sherali Otaqulov Obloqul o‘g‘li ko‘rsatilgan. Ta’sischilar boshqa-boshqa bo‘lsa ham, rahbarning bir xil ekani, manzillar yaqinligi va faoliyatning o‘xshashligi tabiiy ravishda savollarni ko‘paytirmoqda. Murojaatchilar esa bu ikkisini amalda “bitta tizim” deb hisoblamoqda.

Pullar qaytariladi, qachonligi noma’lum...

Kun.uz muxbirlari firma mas’ullari bilan ham suhbatlashdi. O‘zini ish boshqaruvchi deb tanishtirgan Bekzod Bekmirzayev holatga izoh berdi.

“Biz mijozlarning anketalarini to‘ldiramiz, hujjatlarini tarjima qilamiz va internetdagi ish e’lonlariga joylashtiramiz. Agar ish beruvchidan javob kelmasa, mijoz olti oydan keyin shartnomani bekor qilib, pulini qaytarib olishi mumkin”, - dedi mas’ul.

U shartnomada pul 10 ish kuni ichida qaytarilishi belgilanganini ham tasdiqladi. Biroq nega odamlar oylab pul ololmayotgani haqidagi savolga aniq javob berilmadi.

“Hozir hisobraqamda mablag‘ yetarli bo‘lmagan bo‘lishi mumkin. Lekin hammaning puli qaytariladi”, - dedi Bekzod Bekmirzayev.

IIBga ko‘plab arizalar tushgan

Kun.uz muxbirlari voqea joyida bo‘lgan vaqtda huquq-tartibot idoralari xodimlari ham keldi. Hududga mas’ul IIB xodimiga ko‘ra, mazkur firmalar ustidan haqiqatan ham ko‘plab murojaatlar tushgan.

O‘sha joyning o‘zida yana yangi arizalar qabul qilindi.

Bu hikoya hali tugagani yo‘q. Chunki bu yerda gap faqat pul haqida emas. Odamlarning ishonchi, umidi va taqdiri haqida ketmoqda.

Kun.uz ushbu holat bo‘yicha rasmiy munosabat olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga so‘rov yubordi.

Исомиддин Пулатов
Muallif Исомиддин Пулатов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid