O‘zbekiston | 14:58 / 02.10.2018
8433
7 daqiqa o‘qiladi

“Parij bitimi” O‘zbekistonga nima beradi?

Foto: prokuratura.uz

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining joriy yilning 25 sentabrda o‘tkazilgan navbatdagi majlisida bir qator muhim qonun hujjatlari ko‘rib chiqildi. Ulardan biri — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunchilik tashabbusi huquqi asosida parlament quyi palatasiga kiritilgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi “Parij bitimi” (Parij, 2015 yil 12 dekabr)ni ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonun loyihasidir, deb yozmoqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Qobil Nosirov.

Majlisda qayd etilganidek, bugun jahon hamjamiyati iqlim o‘zgarishini insoniyat oldida turgan eng jiddiy muammolardan biri, deb tan olmoqda. Darhaqiqat, XX asrga kelib, dunyo mamlakatlarining keskin industrial rivojlanishi, tabiat qonuniyatlariga bo‘ysunmasdan, uning resurslaridan nooqilona foydalanishi natijasida atmosferaga behisob miqdorda issiqxona gazlari chiqarilishi iqlim o‘zgarishiga olib keldi. Bu  esa, o‘z navbatida, dunyoning turli nuqtalarida yilning to‘rt faslida ham haroratning keskin o‘zgarishiga, ba'zi yerlarda halokatli yog‘ingarchiliklar, toshqin, bo‘ron-u to‘fon kabi ofatlarga, aksincha boshqa joylarda qurg‘oqchilik, cho‘llanish, yer degradatsiyasi, o‘rmon yong‘inlari va boshqa ekologik muammolarga sabab bo‘lmoqda.

Butunjahon meteorologiya tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, bugungi kungacha global yillik o‘rtacha havo harorati 1880 yildagi darajadan 1°C ga ortgan. O‘zbekistonda xuddi shu davr uchun o‘rtacha yillik havo harorati 1,6°S ga ko‘tarilgan. Ya'ni, isish jadalligi global miqyosda kuzatilayotgan o‘rtacha sur'atdan yuqori. Sababi, O‘zbekiston iqlim o‘zgarishi ta'siriga ko‘proq moyil bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kiradi.

Ekspertlarning xulosasiga ko‘ra, iqlim isishi ekotizimlar holatiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi, Qoraqalpog‘iston, Surxondaryo, Buxoro va Xorazm viloyati kabi mintaqalarda ekologik vaziyatning keskinlashuviga, yil mobaynida jazirama davr davomiyligining ortishi va kuchayishi natijasida aholi o‘rtasida kasalliklarning ortishi, shuningdek, boshqa xavfli tabiat hodisalari – sellar, toshqinlarning tez-tez takrorlanishi, yuqori tog‘lardagi ko‘llarning o‘pirilishiga olib kelishi mumkin.

Iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq o‘sib borayotgan global tahdidlarga kompleks javob qaytarish maqsadida 2015 yil 12 dekabrda Parijda Birlashgan Millatlar Tashkilotining (BMT) iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (IO‘DK)ga bag‘ishlangan konferensiyaning 21-sessiyasida Parij bitimi qabul qilindi va 2016 yil 4 noyabrda kuchga kirdi.

Hozirgi vaqtda Parij bitimini imzolagan 195 mamlakatning 180 tasi mazkur hujjat ishtirokchisi hisoblanadi. Bitimni ratifikatsiya qilmagan mamlakatlar kuzatuvchi maqomiga ega bo‘lib, ular uchun xalqaro tashkilotlar tomonidan iqlimga doir dastur va loyihalarni moliyalashtirishda cheklovlar qo‘llaniladi.  

Mazkur bitimning maqsadi sayyoramizda global isishni industrial rivojlanish davridagi o‘rtacha haroratga nisbatan Tselsiy shkalasi bo‘yicha 2°S ga saqlab turish hamda haroratning 1,5°S gacha o‘sishini cheklashga harakat qilishdan iborat. 2050 yilga borib issiqxona gazlarining global ajratmalarini 40-70 foizga kamaytirishni, 2100 yilgacha esa uning 0 yoki manfiy ko‘rsatkichga yetkazishni talab etadi. Mamlakat 2030 yilga kelib erishishi lozim bo‘lgan issiqxona gazlar ajratmalaridagi milliy miqyosda belgilanadigan hissasini kamaytirish to‘g‘risida IO‘DK kotibiyatiga ma'lumot tayyorlashi Parij bitimini imzolashning majburiy sharti hisoblanadi.

Bitimda rivojlangan mamlakatlarning taraqqiy etayotgan mamlakatlarga iqlim o‘zgarishining oldini olish va unga moslashish borasidagi sa'y-harakatlarida qo‘llab-quvvatlash majburiyati yuklatilgan. 2020 yilda rivojlanayotgan mamlakatlarning ehtiyojlari va ustuvorliklarini e'tiborga olib, moliyaviy ko‘makni 100 milliard AQSh dollariga yetkazishga qaror qilingan.

Hozirgi vaqtda maxsus jamg‘arma umumiy qiymati 1.5 milliard AQSh dollari bo‘lgan 35 ta loyihani moliyalashtirmoqda. Ularning orasida O‘zbekiston va Tojikiston uchun Jahon banki bilan hamkorlikdagi “Orol dengizi havzasida iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oldini olish dasturi” loyihasini moliyalashtirish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda (20 million AQSh dollarga teng grant).

Ma'lumki, O‘zbekiston 2017 yil 19 aprelida BMTning Nyu-Yorkdagi Bosh qarorgohida Parij bitimini imzolagan, biroq hozirgi vaqtga qadar ushbu bitimni ratifikatsiya qilmagan edi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi “Parij kelishuvini (Parij, 2015 yil 12 dekabr) ratifikatsiya qilish to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilinishi O‘zbekiston uchun qator manfaatli imkoniyatlarni taqdim etadi. Xususan, energiya samaradorligi va energiya tejash bo‘yicha Davlat dasturlarini amalga oshirishda iqlimiy moliyalashtirish resurslari (asosan grantlar)ni jalb qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish, yer-suv resurslarini boshqarishni yaxshilash, salbiy ekologik oqibatlar (Orol fojiasi, cho‘llanish, qurg‘oqchilik)ga qarshi kurashish kabilarda imkoniyat yaratadi.

Parij bitimida qatnashish investitsiya resurslarini jalb qilish hamda xalqaro moliyaviy institutlar va donor mamlakatlarning kreditlarini olish uchun indikator hisoblanadi. Mazkur bitimga muvofiq, Iqlim sohasidagi harakatlar kelajakdagi savdo kelishuvlari uchun shart bo‘lishi mumkin. Fransiya hukumati Parij bitimiga a'zolikni Yevropa Ittifoqi savdo kelishuvlaridagi muhim element sifatida qabul qilish taklifini bildirdi. Bu Yevropa Ittifoqi Parij bitimini ratifikatsiya qilmagan yoki uni amalga oshirmayotgan mamlakatlar bilan boshqa savdo-sotiq qilinmasligini anglatadi.

Shu jihatlarni, eng muhimi, xalqimiz manfaatlarini, ekologik xavfsizlikni ta'minlash maqsadi ustuvor ekanini inobatga olgan holda, Parij bitimini ratifikatsiya qilish O‘zbekiston Respublikasining umuminsoniy qadriyatlar, bitimda aks ettirilgan atrof-muhitni muhofaza qilish g‘oyalariga sodiqligini ko‘rsatadi. Ayni paytda bu Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyaga a'zo davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Mavzuga oid