Sog‘lom hayot | 07:47 / 04.05.2026
1175
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi xususiy klinikalarga transplantatsiya qilishga ruxsat beriladi

Prezident «Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

2027 yil 1 maydan boshlab, akkreditatsiyadan o‘tgan xususiy tibbiyot muassasalari transplantatsiya bilan shug‘ullana oladi. Bu haqda 1 may kuni prezident huzurida o‘tkazilgan yig‘ilishda aytildi.

Qayd qilinishicha, aholi nafaqat Toshkent yoki viloyat markazlarida, balki o‘z yashash joyida ham malakali davolanishi imkoniyatiga ega bo‘lishi uchun yangi klinikalar, jumladan, chekka hududlarda tibbiyot maskanlari ochishga 200 mln dollarli imtiyozli kredit resurslari yo‘naltirilishi rejalashtirilgan, deyiladi «O‘zbekiston 24» telekanali lavhasida.

Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar — shifokorlar, menejerlar, maslahatchilar va texnik xodimlarni jalb qilish uchun alohida imtiyozlar ko‘zda tutilgan. 2029 yil 1 mayga qadar ular uchun ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilanadi. O‘zbekistonda mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi ruxsatnomani berish uchun yig‘im miqdori bazaviy hisoblash miqdorining bir baravarini (412 ming so‘m) tashkil etadi. Shuningdek, xususiy sektor uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va butlovchi qismlarni olib kirish bo‘yicha bojxona imtiyozlari 2029 yilgacha uzaytiriladi.

Ta’kidlanishicha, taqdimot yakunlari bo‘yicha prezident «Tibbiy xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.

Bundan tashqari, 2026 yil 1 iyuldan xususiy tibbiyot tashkilotlariga mavjud litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlar bo‘yicha budjet mablag‘lari hisobidan tibbiy xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi mablag‘laridan foydalanish nazarda tutilmoqda.

2027 yil 1 maydan milliy yoki xalqaro akkreditatsiyaga ega xususiy muassasalarga transplantatsiya faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid