O‘zbekiston | 18:55 / 15.05.2026
2633
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda noto‘g‘ri «parkovka» qilingan avtomobillar jarima maydoniga olib ketiladi

Shahar bo‘ylab piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda, to‘xtash yoki to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda avtomobillar qoldirib ketilishi ko‘p kuzatilyapti. Yo‘l harakatini tashkil etish markazi endi qat’iy choralarga o‘tilishini e’lon qildi: bunday mashinalar evakuatorda jarima maydonchasiga olib ketiladi.

Foto: Yo‘l harakatini tashkil etish markazi

Toshkent shahrida to‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan avtomobillarni jarima maydoniga olib ketish boshlanadi, deya xabar berdi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi. 

Tartibli shaharni yaratish ishlarining keyingi bosqichida noto‘g‘ri joyda qoldirilgan avtomobillarga nisbatan qat’iyroq chora ko‘rish rejalashtirilyapti.

«Poytaxtning turli tumanlarida avtomobillarning piyodalar yo‘laklarida, o‘tish joylari yaqinida, bekatlarda, yashil hududlarda, to‘xtash yoki to‘xtab turishni taqiqlovchi belgilar o‘rnatilgan joylarda qoldirilishi muntazam kuzatilmoqda. Bu esa odamlarning xavfsiz va erkin harakatlanishiga, jamoat transporti hamda maxsus texnika qatnoviga to‘sqinlik qiladi. Ayniqsa, bunday vaziyatlar keksalar, bolalar aravachasidagi ota-onalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va bolalar uchun qiyinchilik tug‘diradi», deyiladi markaz xabarida.

Shaharda bunday qoidabuzarliklarga nisbatan yanada qat’iy choralar ko‘rish amaliyotiga o‘tiladi. To‘xtash va to‘xtab turish qoidalarini buzgan holda qoldirilgan avtomobillar belgilangan tartibda evakuatsiya qilinib, maxsus jarima maydonchalariga joylashtiriladi.

Markaz bundan maqsad ko‘chalarda tartibni o‘rnatish, harakat xavfsizligini, jamoat joylari aholi uchun ochiq va xavfsiz bo‘lishini ta’minlash ekanini qayd etgan.

«To‘xtash va to‘xtab turish uchun joy tanlayotganda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qiling hamda avtomobillarni taqiqlangan, piyodalar, jamoat transporti, maxsus texnika harakatiga xalaqit beradigan yoki xavfsizlikka tahdid soladigan joylarda qoldirmang», deyiladi markaz xabarida.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid