O‘zbekiston | 18:45 / 22.11.2021
4956
2 daqiqa o‘qiladi

2022 yilda “snos”lar uchun kompensatsiyaga budjetdan 500 mlrd so‘m ajratiladi

Kelasi yilda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash uchun hukumat zaxira jamg‘armasi mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda (500 mlrd so‘m) mablag‘ ajratish reja qilingan.

Foto: Kun.uz

2022 yilda davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash (kompensatsiya) uchun davlat budjetidan 500 mlrd so‘m ajratish rejalashtirilgan. Bu haqda Moliya vazirligi e'lon qilgan 2022 yil uchun budjetnomada keltirilgan.

“O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash bo‘yicha markazlashtirilgan jamg‘armasiga 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi zaxira jamg‘armasi mablag‘larining 15 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, ya'ni respublika budjetidan 500 mlrd so‘m mablag‘ ajratish rejalashtirilgan.

Jamg‘arma o‘z faoliyatini to‘liqligicha Davlat budjetidan ajratiladigan transfertlar hisobidan amalga oshirilishini inobatga olgan holda jamg‘armaning kelgusi yilgi xarajatlari ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshirilishi prognoz qilinmoqda”, deyiladi manbada.

Ma'lumot uchun, 2021 yilda "snos"dan ko‘rilgan zararlarni qoplashga davlat budjetidan 273 mlrd so‘m yo‘naltirilgan. 2020 yilda esa ushbu yo‘nalishdagi xarajatlar uchun 216 mlrd so‘m ajratilgandi.

Mavzuga oid