Vositachilarning 32 foizi – tibbiyot vakillari. Chaqaloq savdosiga oid raqamlar ma'lum qilindi
2019 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 2018 yilga nisbatan kamaygan, ammo bu yo‘nalishda sodir etilgan umumiy jinoyatlar orasida chaqaloq savdosi bilan bog‘liq holatlar yuqoriligicha qolmoqda. Xususan, 2018 yilda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning 38 foizini chaqaloq savdosi tashkil etgan bo‘lsa, 2019 yilda bu ko‘rsatkich 43 foizga yetgan.
Bu haqda Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ma'lum qildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.
Komissiyaning navbatdagi majlisida qayd etilishicha, chaqaloq savdosi jinoyatlari 2019 yilda Sirdaryo, Xorazm viloyatida 5tadan, Toshkent, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida va Toshkent shahrida 4tadan, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Navoiy viloyatlarida 3tadan sodir etilgan.
«Chaqaloqni sotish sabablari o‘rganilganda 19ta holatda oilaviy sharoitning og‘irligi, bolani boqishga imkon yo‘qligi, 3ta holatda uy-joy olish, 9ta holatda o‘z aybini yashirish va 10ta holatda moddiy manfaaat uchun uchun bunga qo‘l urilgani ma'lum bo‘lmoqda.
Achinarlisi, chaqaloq savdosi jinoyatida ishtirok etgan shaxslarning 10 nafarini yoki jami vositachilarning 32 foizini tibbiyot sohasi vakillari tashkil etadi.
Chaqaloq savdosida faqatgina ayol yoki faqatgina bitta shaxs aybdor emas. Unga sharoit yaratib berayotgan, shu narsaga undayotgan muhit ham borligi ma'lum bo‘lyapti. Bunday holat o‘zbek jamiyati uchun mutlaqo xos emas. Shu bois bu masalaga boshqacha yondashishimiz kerak», – dedi Norboyeva.
Ma'lum bo‘lishicha, 2019 yilda chaqaloq savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar 72 nafar shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lib, shundan 62 nafari, ya'ni 86 foizini ayollar tashkil qiladi.
Tanzila Norboyeva chaqaloq savdosi bilan bog‘liq holatlar avvaldan mavjud muammo ekanini ta'kidladi.
«Ilgari ham chaqaloq savdosi bo‘yicha holatlar bo‘lgan. Bu O‘zbekistonda birdaniga paydo bo‘ldi, birdaniga ko‘payib ketdi, deb o‘ylash noto‘g‘ri. Oldinlari bu holatlar bundan ham ko‘p bo‘lgan. Ammo ilgari bu yopiq mavzu bo‘lgani uchun ochiq aytilmasdi», dedi u.
Mavzuga oid
16:12 / 22.11.2024
Tanzila Norboyeva Rossiyada MDH davlatlari Parlamentlararo Assambleyasida ishtirok etdi
13:56 / 19.11.2024
Tanzila Norboyeva Senat raisi lavozimiga qayta saylandi
13:10 / 17.11.2024
O‘zbekiston parlamenti a’zolari Bokuda o‘tayotgan BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyada ishtirok etdi
22:55 / 16.11.2024