O‘zbekiston | 16:44 / 11.10.2022
14736
7 daqiqa o‘qiladi

Navbatdagi va’dalar: Samarqandga yangi avtobus va elektrobuslar keladi, bekatlar «aqlli» bo‘ladi

Samarqand shahrida jamoat transporti bilan bog‘liq holat og‘irligicha qolmoqda. Shu paytgacha va’da qilingan ishlarning birortasi amalga oshirilgani yo‘q. Ishlar hamon rejaligicha qolmoqda.

Samarqand shahrida jamoat transportining abgor ahvoli, uni yaxshilash yo‘lida qilinajak ishlar haqida Kun.uz’da avval ham xabar berilgan. Xususan, Rossiyaning «SIMETRA» kompaniyasi Samarqand shahri va shaharning 40 km radiusidagi hududida transport harakatini tartibga keltirish bo‘yicha reja ustida ishlayotgani ma’lum qilingan, shahar deputatlar e’tiboriga havola etilgandi.

Viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i Akobir Ashurov jurnalistlar bilan o‘tkazgan ushbu matbuot anjumanida ham qilingan ishlar emas, ko‘proq mo‘ljallangan rejalar va bo‘lajak loyihalar haqida gap bordi.

Kasod bo‘layotgan avtokorxonalar

Akobir Ashurovning hisobot berishicha, Samarqand shahrida transport qatnovi 100 foiz xususiy qo‘llarda. Pandemiya davrida, shuningdek, hokimlik tomonidan subsidiya mablag‘lari to‘lab berilmayotgani sababli bir necha rentabelsiz yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari to‘xtagan, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan korxonalar qarzga botgan, bankdan olgan kreditlari evaziga ularning avtotransport vositalari musodara qilingan.

Shaharda 60 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridan 21 tasi o‘z sarf-xarajatlarini qoplamaganligi uchun yopilgan. Viloyat miqyosida esa jami 201 ta yo‘nalishdan 67 tasi faoliyatini yakunlagan.

«Ahvolning mana shundayligi ham sohaga investitsiya kirib kelishi uchun katta to‘siq bo‘lmoqda», — dedi A.Ashurov.

Ma’lumki, jamoat transporti sohasi butun dunyoda ziyonga ishlaydigan sohadir. O‘zbekiston ham bundan mustasno emas. Shu sababli hukumat qarorlari bilan shahar ichida va shaharlararo yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan korxonalarga subsidiya ajratish nazarda tutilgan. Buning evaziga yo‘lkira haqi 1400 so‘m qilib belgilangan. Zarar qismi davlat budjetidan yo‘lovchi tashuvchi korxonalarga qoplab beriladi.

Akobir Ashurov, Samarqand viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i

«Yo‘lovchi tashuvchi korxonalar tomonidan 1 mlrd so‘m uchun subsidiyaga so‘rov tayyorlangani bilan uning atigi 140 million so‘mi to‘lab berildi. Chunki korxonalar hujjatlarni tegishli ravishda rasmiylashtirishmagan. Shu sababli ularga moliya boshqarmasi tomonidan rad javobi berildi», dedi A.Ashurov.

Yo‘lkira ikki xil bo‘ladi

Subsidiyani qo‘lga kiritish uchun nimalar qilinishi kerak. Avvalo tushumlar bo‘yicha aniq hisob-kitoblar kerak. Transport boshqarmasi tomonidan berilayotgan taklifga ko‘ra, Samarqand shahrida yo‘lkira agar naqd pulda to‘lov qilinsa 2000 so‘m, elektron ko‘rinishda to‘lov qilinsa, 1500 so‘m qilib belgilanishi mumkin. Bundan ko‘zlangan maqsad ko‘proq naqdsiz ko‘rinishda to‘lov qabul qilish. Chunki naqd to‘lov qilinganda mablag‘larning haydovchilar va konduktorlar tomonidan o‘g‘irlanish holatlari mavjudligi qayd etildi.

Yo‘lkira uchun elektron to‘lov tizimining ko‘proq joriy etilishi bunday subsidiya mablag‘larining aniq va o‘z vaqtida ajratilishi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. Yo‘lovchilar ATTO transport kartasi, HUMO kartalari yoki telefondagi ATTO ilovasi orqali barcha transportlarda osongina to‘lov qilishlari mumkinligi ta’kidlab o‘tildi.

A.Ashurovga ko‘ra, yaqin 1 oyning ichida «Maroqand Trans 777» MChJ 9 metr uzunlikda «King Long» rusumidagi 80 ta avtobus keltirib, Samarqand shahri ichidagi yo‘nalishlarga qo‘yadi.

Bundan tashqari, 2023 yil davomida davlat tomonidan 350 ta elektrobuslar keltiriladi. Buning uchun Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining mablag‘lari ajratilgan. Sobiq 2531-avtojamlama hududida avtobuslar uchun depo ham tashkil qilinayotgani qayd etildi.

Yaqin kelajakdagi rejalar

Yangi avtobuslar keltirilib, shaharda jamoat transportini tartibga solish borasida jiddiy ishlar boshlangani e’tirof etildi. Shu yilning iyun oyidan boshlab Samarqand shahar hokimligi huzuridagi shahar jamoat transport tizimini boshqarish bo‘yicha «Loyiha ofisi» faoliyat ko‘rsata boshladi.

«Loyiha ofisi» rahbari, Viloyat transport boshqarmasi bosh inspektori Otabek Rahimovning hikoya qilishicha, hozir shaharning Cho‘ponota massivida 6 gektar maydonda markaziy avtoshohbekat barpo etish ishlari olib borilmoqda. Bu avtoshohbekat shahar ichi yo‘nalishlarining so‘nggi bekati vazifasini bajarish bilan birga, shaharlararo avtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yish imkonini ham beradi. Bu yerdan kelgusida Samarqand shahridan Rossiya Federatsiyasi va Tojikistonga ham avtobuslar qatnaydi.

Otabek Rahimov, Viloyat transport boshqarmasi bosh inspektori, Samarqand shahar hokimligi huzuridagi shahar jamoat transport tizimini boshqarish bo‘yicha «Loyiha ofisi» rahbari

Bundan tashqari, Motrit massivida, A-380 yo‘lining Ohalik aylanmasida, Chumchuqli massivida ham avtoshohbekatlar barpo etilmoqda, barcha avtobuslar GPS qurilmasi bilan ta’minlanib, barcha bekatlar «aqlli» bo‘lishi va’da qilinmoqda.

Juma shahridan Bulung‘urgacha Samarqand shahri orqali elektropoyezd qo‘yish borasida ham ishlar olib borilmoqda.

O.Rahimov Samarqand shahrining 2030 yilgacha mo‘ljallangan transport tizimi xaritasi bilan ham tanishtirdi. Shaharda qurilajak magistral va bog‘lovchi yo‘nalishlar, yangi quriladigan ikkita tramvay yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi. Shaharda barpo etiladigan jamoat transporti uchun alohida ajratilgan liniyalar, veloyo‘laklar haqida ham mutaxassislar aytib o‘tishdi.

2030 yilgacha Samarqand shahrining umumfoydalanuvdagi transport yo‘nalishlari sxemasi

Rossiyaning «SIMETRA» kompaniyasi tomonidan loyihalangan hujjatlar tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasi e’tiboriga havola etilgani ham ta’kidlab o‘tildi.

Qizg‘in munozara tusida o‘tgan matbuot anjumanida jurnalistlarni qiziqtirgan ko‘plab savollarga javob berildi. Qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi. Shahar jamoat transport tizimini yaxshilash va rejalashtirilayotgan ishlar borasida yana va’dalar berildi.

Bunday rejalar va va’dalarni so‘nggi yillarda ko‘p eshitdik, hozircha amaliy harakatlarning guvohi bo‘lganimiz yo‘q. Samarqandda jamoat transporti bilan bog‘liq holat esa hamon havas qilarli holatda emas. Umid qilamizki, kelgusi yilning oxiriga qadar berilgan va’dalar nihoyat bajariladi.

Shuhrat Shokirjonov, jurnalist
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev

Шуҳрат Шокиржонов
Muallif Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid