Jahon | 09:13 / 29.05.2026
3771
2 daqiqa o‘qiladi

«Armanistonni yana buyuk qilamiz»: Tramp Pashinyanni maqtadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Armanistonda 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari arafasida bosh vazir Nikol Pashinyanni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. U Pashinyanni o‘zining «buyuk do‘sti va ajoyib lideri» deb atadi.

Foto: REUTERS

Tramp 28 may kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida e’lon qilgan bayonotida Armaniston bosh vazirini mamlakatni kuchli, farovon va xavfsiz davlatga aylantirayotgan siyosatchi sifatida ta’rifladi.

AQSh prezidentining ta’kidlashicha, Nikol Pashinyan uning Armaniston va Janubiy Kavkaz uchun tinchlik hamda taraqqiyot haqidagi qarashlarini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi.

Tramp shuningdek, yaqinda AQSh davlat kotibi Marko Rubioning Armanistonga tashrif buyurganini va ikki davlat o‘rtasida qator strategik kelishuvlar imzolanganini eslatdi. Ular orasida Janubiy Kavkaz orqali o‘tuvchi yangi transport yo‘lagini barpo etish loyihasi ham bor.

Uning fikricha, mazkur loyiha mintaqa iqtisodiyotini o‘zgartirishi va AQSh energetika kompaniyalari uchun Markaziy Osiyoga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

«Shu sababli Nikol 7 iyundagi saylovlarda qayta saylanishi uchun mening to‘liq va shubhasiz qo‘llab-quvvatlovimga ega», — deb yozdi Tramp. Shu bilan birga, u o‘zining mashhur Make America Great Again shiorini o‘zgartirib, «Armanistonni yana buyuk qilamiz» degan iborani ham ishlatdi.

26 may kuni Armanistonga tashrif buyurgan AQSh davlat kotibi Marko Rubio va Armaniston tashqi ishlar vaziri Ararat Mirzoyan ikki mamlakat o‘rtasida keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi xartiyani imzolagan edi.

Armanistonda 7 iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari oldidan hukumat va muxolifat o‘rtasida siyosiy bahslar kuchaygan. Kuzatuvchilar mamlakatdagi saylovlar natijasi Janubiy Kavkazdagi geosiyosiy muvozanatga ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid