2025 yilda darsliklar ijarasi uchun to‘lov olinmaydi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi kelasi yili maktab darsliklari va mashq daftarlari ijarasi uchun ota-onalardan to‘lov undirish rejasidan voz kechdi.
2025 yilda maktab darsliklari va mashq daftarlari ijarasi uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.
Avvalroq, budjetnoma loyihasida 2025–2026 o‘quv yilidan boshlab 2-11-sinflarda darslik va mashq daftarlari uchun ijara to‘lovi undirish tizimini joriy etish taklif etilgan edi.
“Darsliklar va mashq daftarlarining to‘liq davlat budjeti hisobidan chop etilishi ota-onalar mas’uliyati pasayib ketishi va darsliklarga nisbatan e’tiborsiz munosabatda bo‘lish holatlarini keltirib chiqarmoqda”, – deya bu taklifni izohlagandi Iqtisodiyot va moliya vazirligi.
Vazirlikning 12 dekabr kungi bayonotidan kelib chiqilsa, bu rejadan voz kechilgan.
“2025 yil uchun Davlat budjeti doirasida ko‘zda tutilgan mablag‘lar yangi o‘quv yilida o‘quvchilarni darsliklar va mashq daftarlari bilan ta’minlash bo‘yicha ehtiyojni to‘liq qoplash imkonini beradi.
Bunda, ota-onalardan darsliklar va mashq daftarlari ijarasi uchun qo‘shimcha to‘lov undirish rejalashtirilmagan”, – deya ma’lum qildi IMV.
Qayd etilishicha, 2024 yilda maktab o‘quvchilari uchun 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlarini yetkazib berish uchun Davlat budjetidan jami 1,5 trln so‘m ajratilgan. Bu mablag‘lardan 435,5 mlrd so‘mi (yoki 36 foizi) davriyligi 1-yil hisoblanadigan hamda har yili yangidan chop etiladigan mashq daftarlari uchun yo‘naltirilgan.
2025 yilda esa 81 mln nusxa darsliklar va mashq daftarlari uchun jami 1,3 trln so‘m mablag‘larni to‘liq Davlat budjetidan qoplash ko‘zda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, maktab ta’limi tizimida 2022 yildan beri darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.
Mavzuga oid
18:42 / 30.10.2024
Maktab darsliklari ijarasi uchun to‘lov tiklanishi mumkin
14:50 / 23.10.2024
Misrda ingliz tilidagi ilk O‘zbek tili grammatikasi darsligi yaratildi
11:54 / 29.09.2024
Sobiq sovet davlatlari tarix darsliklarida Rossiya salbiy obrazda tasvirlanayotganidan shikoyat qilindi
16:58 / 12.09.2024