Jahon | 10:40 / 26.04.2026
8900
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp qatnashayotgan tadbirda otishma: Oq uy a’zolari evakuatsiya qilindi

Vashingtondagi Hilton mehmonxonasiga qurolli shaxs bostirib kirib, xavfsizlik xodimlariga qarata miltiqdan o‘t ochdi. Shundan so‘ng, prezident Donald Tramp va Melaniya Tramp Maxfiy xizmat agentlari tomonidan tadbirdan olib chiqib ketildi.

25 aprel — shanba oqshomida (AQSh vaqti bilan) biri kishi Hilton mehmonxonasi xavfsizlik nazorat punktiga bostirib kirib, xavfsizlik xodimlariga qarata miltiqdan o‘t ochdi. O‘sha vaqtda binoda har yili o‘tkaziladigan tadbir — Oq uy muxbirlari assotsiatsiyasi bilan kechki ovqat bo‘layotgandi. Hilton mehmonxonasining yerto‘lasi — bazm zalida o‘tayotgan tadbirda Tramp kabinetining ko‘plab a’zolari va boshqa yuqori martabali ma’muriyat rasmiylari ham qatnashayotgandi.

Oq uy e’lon qilgan videokuzatuv kadrlarida kimdir xavfsizlik nazorat punkti orqali tezlik bilan yugurib o‘tayotgani, xavfsizlik xodimlari qurollarini tezda chiqarishdan oldin bir lahzaga sarosimada qolgani ko‘rinadi.

FQB mulozimi Reuters agentligiga aytishicha, qurollangan shaxs Maxfiy xizmat agentiga qarata o‘t ochgan. rasmiylarga ko‘ra, ofitserni o‘q o‘tkazmaydigan jileti saqlab qolgan va uning ahvoli «yaxshi».

O‘q ovozlaridan so‘ng, kechki ovqat ishtirokchilari suhbatni darhol to‘xtatdi. Odamlar: «Yotinglar, yotinglar!» deb baqira boshlagan. 2600 nafar ishtirokchining ko‘pchiligi pana joyga yashirindi, ofitsiantlar esa ovqatlanish zalining old qismiga qarab qochishdi.

Xavfsizlik agentlari Oq uy a’zolarini, jumladan davlat kotibi Marko Rubio, sog‘liqni saqlash kotibi Robert F.Kennedi va ichki ishlar kotibi Dag Bergumni yerga yotqizishdi. Harbiy kiyimdagi boshqa xavfsizlik xodimlari sahnaga bostirib kirib, Tramp va uning rafiqasini evakuatsiya qilishdi.

Tramp va birinchi xonim Maxfiy xizmat ofitserlari tomonidan olib chiqib ketilishidan oldin minbar ortiga yashiringan . Reuters manbasiga ko‘ra, Tramp sahna ortida taxminan bir soat qolgan. Manbaning aytishicha, uning «Biz qolamiz», degan so‘zlari eshitilgan.

Ba’zi xavfsizlik xodimlari miltiqlarini zalga qaratgan holda sahnada pozitsiya egallashdi. Administratsiyaning boshqa a’zolari tadbir o‘tkazilayotgan joydan birma-bir evakuatsiya qilindi. Maxfiy xizmat matbuot kotibi Entoni Gulelmi xizmat tadbirga kirish qismidagi asosiy tekshiruv hududi yaqinida sodir bo‘lgan otishmani tekshirayotganini aytdi.

Gumonlanuvchi ushlangan / Foto: Reuters

«Kasal odam» deb ta’riflangan gumonlanuvchi hibsga olingan, kechki ovqatdagi barcha federal mulozimlar, jumladan Tramp ham xavfsizlikda.

Tramp hodisadan keyin bayonot berdi

Hodisadan taxminan ikki soat o‘tgach, Tramp Oq uyda jurnalistlarga ofitserni o‘q o‘tkazmaydigan jileti saqlab qolganini va uning ahvoli «yaxshi» ekanini aytdi.

«Bir kishi bir nechta qurol bilan qurollangan holda xavfsizlik nazorat punktiga bostirib kirdi va u Maxfiy xizmatning ba’zi juda jasur a’zolari tomonidan zararsizlantirildi», dedi Tramp hodisadan keyin Oq uyda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

«Bilasizmi, u taxminan 45 metr masofadan bostirib keldi, shuning uchun u zaldan juda uzoqda edi. U harakatda edi. U haqiqatan ham tez harakat qilayotgan edi», dedi Tramp tantanali kechki ovqat bekor qilinganidan keyin.

Rasmiylar uning yolg‘iz harakat qilganiga ishonishmoqda. Trampning aytishicha, federal agentlar hujumda gumonlanayotgan shaxsning Kaliforniyadagi uyida tintuv o‘tkazmoqda.

Tramp ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kechki ovqat 30 kundan keyin qayta tashkil etilishiga umid qilishini yozdi.

Trampga suiqasdlar

Donald Tramp 2024 yilda qayta saylanish uchun kampaniya olib borayotganda ikki marta suiqasd nishoni bo‘lgan edi.

Eng jiddiy urinish 2024 yil iyul oyida Pensilvaniya shtatining Batler shahridagi ochiq maydonda o‘tkazilgan miting paytida sodir bo‘lgan. Tramp 20 yoshli qurollangan shaxs tomonidan qulog‘ining yuqori qismidan o‘q yeb yaralangan edi. Hujumchi xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgan.

Batlerdagi otishmadan ikki oydan ko‘proq vaqt o‘tgach, Maxfiy xizmat agentlari Florida shtatidagi Trump International golf klubida Tramp maydonda bo‘lgan vaqtda butalar orasida miltiq ko‘targan va yashiringan odamni payqab qolishgan. Bu suiqasdga urinish deb topildi va gumonlanuvchi fevral oyida umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. 

Фаррух Абсаттаров
Tayyorlagan Фаррух Абсаттаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid