O‘zbekiston | 12:30 / 03.03.2025
56061
2 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov IIV rahbarligidan ketdi

U 2017 yil sentabrdan buyon O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri lavozimida ishlayotgandi.

Foto: IIV

Ichki ishlar vaziri Po‘lat Razzaqovich Bobojonov lavozimidan ozod etildi.

Po‘lat Bobojonov 1961 yil 1 yanvarda Xorazm viloyatida tug‘ilgan. 1982 yil Toshkent davlat universitetini tamomlagan, shundan keyin Xorazm viloyatida prokuratura organlarida ishlay boshlagan.

U 1992-1999 yillarda Bog‘ot tumani hokimining birinchi o‘rinbosari va Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 1999 yilda prezident administratsiyasiga ishga o‘tkazilgan.

2000-2011 yillar davomida prokuratura organlarining rahbarlik lavozimlarida - O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori o‘rinbosari, Bosh prokuratura huzuridagi Departament boshlig‘i, Jizzax va Buxoro viloyatlari prokurori lovozimlarida xizmat qilgan.

2011 yilda Xorazm viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2012 yilda Xorazm viloyati hokimi lavozimida ish boshlagan.

O‘zbekiston prezidentining 2017 yil 4 sentabrdagi farmoni bilan Ichki ishlar vaziri lavozimiga tayinlangandi.

Unga 2019 yil 12 sentabrda general-leytenant maxsus unvoni berilgan.

Uning iste’fosi sababi ma’lum qilinmagan.

Mavzuga oid