Jamiyat | 10:41 / 15.11.2025
8154
4 daqiqa o‘qiladi

Sirdaryoda soliq xodimlari pora bilan qo‘lga tushdi

Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida Sirdaryo, Andijon va Samarqand viloyatlarida bir qator korrupsiya holatlariga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

Joriy yil 7 noyabr kuni Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi bosh inspektori tomonidan Sirdaryo tumanida faoliyat yurituvchi MChJda o‘tkazilgan tekshiruv jarayonida korxonada 400 mln so‘m miqdorida soliq qarzdorligi mavjudligi aniqlangan.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday holatlar uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan bo‘lsa-da, Soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i bosh inspektor bilan oldindan til biriktirib, qarzdorlik summasini 90 mln so‘mgacha kamaytirib berish evaziga 1500 AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi.

U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida DXX va prokuratura xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlanadi. Tezkor tadbir davomida soliq qarzdorligini kamaytirish bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani jamiyat rahbariga topshirayotgan bosh inspektor ham protsessual tartibda qo‘lga olingan.

Ayni paytda mazkur soliq xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” va “g” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Navbatdagi holat Andijon viloyatida qayd etildi. Viloyat Soliq boshqarmasining bo‘lim inspektori Ulug‘nor tumanida quyosh panellari o‘rnatish bilan shug‘ullanuvchi MChJ yuridik manzili bo‘yicha o‘rganish ishlarini olib borish chog‘ida korxona ko‘rsatilgan manzilda faoliyat yuritmayotgani va hisobotlardagi tovar-moddiy boyliklar bo‘yicha nomutanosibliklar mavjudligini aniqlaydi.

Inspektor holat yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirib, jamiyatning bank hisob raqami bo‘yicha operatsiyalarni to‘xtatib qo‘yadi. Shundan so‘ng u o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomasini rasmiylashtirmaslik, shuningdek, bank hisob raqamiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashni va’da qilib, MChJ hisobchisidan 500 AQSh dollari miqdorida pora talab qiladi.

Davlat xavfsizlik xizmati, Soliq qo‘mitasi Shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda u 6 mln so‘m ekvivalentidagi pul mablag‘ini qarindoshlariga tegishli 2 ta bank plastik kartasiga o‘tkazdirib olgan vaqtda ushlangan.

Hozirda soliq inspektorga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan.

Yana bir holat Majburiy ijro byurosi Samarqand shahar bo‘limida qayd etilgan. Davlat ijrochisi fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining javobgar shaxsga nisbatan bank foydasiga 117 mln 804 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlikni undirish haqidagi qaror bo‘yicha chiqarilgan ijro varaqasini sud tizimida ishlovchi tanishlari orqali bekor qilib berishini va’da qiladi.

Shuningdek, u ishni ko‘rib chiqish uchun belgilangan davlat bojidan go‘yoki ozod qilish, javobgarning avtotransport vositasiga qo‘yilgan taqiqni olib tashlashini aytgan va bunga munosib “xizmat haqi” sifatida 500 AQSh dollari talab qilgan. Davlat ijrochisi talab qilingan pul mablag‘ini tanishi orqali olgan vaqtda Davlat xavfsizlik xizmati va Byuroning viloyat boshqarmasi Shaxsiy xavfsizlik shu’basi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Hozirda davlat ijrochisiga nisbatan Jinoyat kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “v” bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid