O‘zbekiston | 15:40 / 30.10.2019
3936
5 daqiqa o‘qiladi

Ilmiy-tadqiqot muassasalarining asosiy vazifalari belgilanadi

Foto: Shutterstock

Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalarini boshqarish va moliyalashtirish yanada takomillashtiriladi. Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari – Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Tarix instituti, O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti hamda San'atshunoslik institutining tuzilmasi tasdiqlanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidentiga zaruratga ko‘ra ilmiy-tadqiqot muassasalari tuzilmasiga tasdiqlangan xodimlarning umumiy soni va mehnatga haq to‘lash fondi doirasida o‘zgartirishlar kiritish huquqi beriladi.

ITM faoliyatining asosiy vazifalari va yo‘nalishlari qilib quyidagilar belgilanadi:

Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti:

respublika hududidagi qo‘lyozma va toshbosma kitoblar hamda tarixiy hujjatlarni saqlash va o‘rganish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;

manbashunoslik, islomshunoslik, fan tarixi, o‘rta asrlar tarixi, Sharq mamlakatlari taraqqiyotining zamonaviy muammolari, sharq mumtoz adabiyoti, diplomatika yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borish;

yozma manbalarning ilmiy-izohli tarjima va asl matnlari nashrini amalga oshirish;

yozma yodgorliklarni saqlash va restavratsiya qilish;

respublika hududida joylashgan qo‘lyozma fondlari faoliyatini doimiy monitoring qilish va tashkillashtirish;

restavrator mutaxassislar tayyorlash va malakasini oshirish.

Fanlar akademiyasi Tarix instituti:

O‘zbekistonning qadimdan hozirgi davrigacha bo‘lgan tarixini tizimli o‘rganishni milliy taraqqiyot nuqtai nazaridan tashkil etish;

Vatanimizning umumjahon va mintaqa tarixida tutgan o‘rni, o‘zbek xalqining bunyodkorlik ishlarini turli tarixiy bosqichlarning umumiy va o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda va o‘zaro aloqadorlikda ko‘rsatish;

O‘zbekistonda tarixiy tafakkur rivojini tahlil qilish, arxeologik, etnologik, tarixshunoslik va manbashunoslik tadqiqotlarining nazariyasi hamda metodologiyasini istiqbolli rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni har tomonlama va chuqur tadqiq etish.

Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti:

o‘zbek tili, adabiyoti va folklorining tarixan shakllangan adabiy, lingvistik maktablari va ta'limotlarini tadqiq etish;

o‘zbek tilining bazaviy akademik va o‘quv grammatikalarini yaratish;

o‘zbek tilining fonetik tizimi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

o‘zbek tili, adabiyoti va folklorining tarixiy rivojlanishi tamoyillarini, shuningdek, zamonaviy til va adabiy jarayonlar qonunlarini, milliy-adabiy an'analarning til va adabiyotning hozirgi holatiga ta'siri masalalarini tadqiq etish;

o‘zbek tili va adabiyotining o‘ziga xosligini tillar va adabiyotlarning o‘zaro aloqasi bilan bog‘liqlikda o‘rganish.

Fanlar akademiyasi San'atshunoslik instituti:

O‘zbekiston tasviriy va amaliy bezak san'ati, musiqasi tarixi hamda zamonaviy badiiy jarayoni masalalarini o‘rganish;

teatr, raqs, sirk san'atlarining tarixiy aspekti va hozirgi holati muammolari, o‘zbek kinosi va televideniyesi taraqqiyoti masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish;

O‘zbekiston me'morchiligi, shaharsozligi tarixi va zamonaviy muammolari, ibtidoiy va ilk o‘rta asrlar madaniyati va san'ati, Markaziy Osiyo badiiy madaniyati tahlilining ijtimoiy-ma'naviy jihatlarini tadqiq etish.

Belgilab qo‘yilishicha, 2020 yilning 1 yanvaridan boshlab Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar bo‘limi tarkibiga kiruvchi ilmiy-tadqiqot muassasalarining xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi ITM faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan tanlov natijalariga ko‘ra Davlat ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirish uchun ajratiladigan mablag‘lar;

xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;

xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasidagi ITM fundamental va amaliy tadqiqotlarning ilmiy-texnik loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan budjet mablag‘larini ushbu qaror topshiriqlaridan kelib chiqqan holda talab etiladigan qo‘shimcha budjet mablag‘larining bir qismini qoplashga yo‘naltirilishini ta'minlaydi.

Mavzuga oid