Iqtisodiyot | 17:45 / 25.04.2024
7668
2 daqiqa o‘qiladi

“Elektr va gaz narxlarining oshishi o‘rta va uzoq muddatda narx-navoga fundamental xatar yaratmaydi” - MB raisi

Markaziy bank 2024 yil uchun avvalroq belgilangan 8-9 foizlik inflatsiya prognozini energetika tariflarining kutilganidan yuqori oshirilishi hisobiga 9-11 foizga oshirdi.

Foto: RIA Novosti

Markaziy bank boshqaruvi 2024 yil 25 apreldagi yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Qaror yuzasidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodovning aytishicha, 2024 yil uchun inflatsiya prognozi energetika tariflarining kutilganidan yuqori oshirilishi hisobiga 9-11 foiz deb belgilangan. Yil boshidagi prognoz 8-9 foiz edi.

“Tarif siyosatiga may oyida kiritilayotgan o‘zgarishlar umumiy inflyatsion jarayonlarga bir martalik oshiruvchi ta’sirga ega bo‘lib, narx-navoga o‘rta va uzoq muddatlarda fundamental xatarlar yaratmaydi”, – dedi Nurmurodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tariflar o‘zgarishi ma’lum bir darajada aholining inflyatsion kutilmalarida o‘z aksini topgan bo‘lishi ham mumkin, lekin kelajakdagi kutilmalarga ta’siri bo‘lmaydi deb aytish qiyin. Regulyator tariflar yangilanishi nafaqat aholining kutilmalariga, balki umumiy inflatsiyaga ham ta’sirini ko‘rsatadi deb hisoblaydi. Lekin ta’sir ko‘lami qanday bo‘lishini baholash qo‘shimcha o‘rganishlarni talab qiladi.

“Ayni paytda bir martalik ijtimoiy transfertlar va taklif etilayotgan ijtimoiy norma hamda to‘lovlarni kechiktirish imkoniyati may oyidagi o‘zgarishlarning ta’sirini ma’lum jihatdan yumshatishga hissa qo‘shadi.

Yanvar oyidagi makroiqtisodiy prognozlarimizda tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishini hisobga olib, 2024 yil yakunida 8-9 foiz atrofida shakllanishini prognoz qilgandik. Lekin may oyidan kiritilayotgan elektr energiyasi va gaz narxlaridagi o‘zgarishlar o‘sha paytdagi prognozlarimizdan yuqori bo‘lgani uchun kutilmalarga ta’sir hisobiga yangilanayotgan prognozimizda umumiy inflatsiya darajasi 9-11 foiz bo‘lishi taxmin qilinyapti. Bazaviy inflatsiya ko‘rsatkichi yanvardagi prognozlar doirasida saqlanib qoldi – 7-8 foiz atrofida bo‘lishi kutilmoqda”, – dedi MB raisi.

Mavzuga oid